YIGIRMA YETTINCHI SOʻZ
Besh-olti yil muqaddam Arabiy risolada ijtihodga doir bir masala yozgandim. Ikki qardoshimning istaklari bilan bu masalada haddidan oshganlarning haddini bildirish uchun shu soʻz oʻsha ijtihodiy masalaga doir yozildi.
Ijtihod eshigi ochiqdir. Faqat hozirgi zamonda unga kirishga "Oltita toʻsiq" bor.
Birinchisi: Qishda, boʻronlar qattiq kuchaygan vaqtda kichik teshiklar ham berkitiladi. Yangi eshiklar ochish esa hech bir jihatda aqldan emas. Katta sel hujum qilgan paytda ham, ta'mirlash uchun devorlarda teshik ochish gʻarq boʻlishga sabab boʻladi. Xuddi shuning kabi, bizning munkirot (Allohni inkor qilgan) davrda, ajnabiy odatlari hamma tomonni bosib olgan onda, bid'atlar koʻpaygan vaqtda va zalolat buzgʻunchiliklari hangomida ijtihod nomi ostida Islomiyat qasridan yangi eshiklar ochib, buzgʻunchilarning devordan kirishiga sabab boʻluvchi darchalar ochish Islomiyatga qilingan jinoyatdir.
Ikkinchisi: Dinning zaruriy asoslari bor, ularning ichiga ijtihod kira olmaydi. Chunki qat'iy va muayyandir. Bu zaruriy asoslar qut va ozuqa hisoblanadi. Hozirgi davrda ular tark qilina boshlangan, qat'iy ishonilmay qoʻyilgan, butun himmat va gʻayratni ularning qayta tiklanishiga hamda qayta tiriltirilishiga sarflash lozim boʻlib turgan paytda, Islomiyatning nazariyot qismida va salaflarning sof, xolisona ijtihodlari bilan barcha davrlarning ehtiyojlariga javob bera oladigan fikrlari borligiga qaramasdan ularni tashlab, oʻtkinchi hissiyotga berilib yangi ijtihod qilish bid'atli xiyonatdir.
Uchinchisi: Bu bamisoli, bozorda mavsumlarga koʻra bir matoning savdosi chaqqon boʻlgani kabi, vaqti-vaqti bilan bir mol rivoj topgani kabi, olam koʻrgazmasida, insonlarning ijtimoiy va madaniy bozorida xar asrda bir mato talab qilinib rivoj topadi. Bozorda koʻrsatiladi, unga ragʻbat jalb qilinadi, e'tibor unga qaratiladi, fikrlar u bilan mashgʻul boʻladi. Masalan, hozir siyosat matosi, dunyoviy hayotni ta'minlash hamda falsafaning rivojlangani kabi... Salafi solihiyn asrida va u zamon bozorida eng talab qilingan mato yeru osmonlar Yaratuvchisining rozi boʻladigan ishlarini va bizdan xohishlarini kalomidan anglab yetish hamda Qur'on va paygʻambarlik nuri bilan, berkitilmaydigan darajada ochilgan oxirat olamidagi abadiy saodatni qozontiradigan vositalarni qoʻlga kiritish edi.
U davrda fikrlar, qalblar, ruhlar bor kuchi bilan yerlar va osmonlar Rabbi rozi boʻladigan amallarini anglashga qaratilgan, insonlarning ijtimoiy suhbatlari, hodisalari, holatlari ham unga bogʻliq edi. Unga koʻra jarayon etgani uchun, xar kimning goʻzal bir iste'dodi boʻlsa, uning qalbi va fitrati oʻzi sezmagan holda hamma narsadan ma'rifat darsini olar edi. U davrda jarayon etgan voqe'alar, hodisalar va suhbatlardan ta'lim olardi. Goʻyo xar bir narsa unga muallim hisoblanib, uning fitrat va iste'dodiga - ijtihodga tayyorgarlik fikri tarbiyalanar edi. Hatto oʻsha fitriy dars shu daraja bilimli qilar ediki, kasbsiz ijtihodga qobiliyatli, olovsiz nurlantirar edi.
Bu tarzda tabiiy dars olgan iste'dod egasi ijtihodni oʻrganishga kirishganda gugurtga oʻxshagan iste'dodi "nurun ala nur" siriga sazovor boʻlar, tez va qisqa muddatda mujtahid boʻlardi.
Ammo hozirgi davrda Ovrupa madaniyatining bosimi, tabiatparastlik falsafasining hamma tomonga yoyilishi, dunyoviy hayot sharoitining ogʻirlashishi sababli fikrlar va qalblar abgor boʻlgan, himmat va inoyat boʻlinib ketgan. Zehnlar ma'naviyatga begonalashgan. Shuning uchun, hozir bir kishi toʻrt yoshida Qur'onni yod olib olimlar bilan bahslashgan Sufyon ibn Uyaynadek mujtahidning zakovatiga ega boʻlsa ham, u zotning ijtihodni oʻrgangan vaqtga nisbatan oʻn barobar koʻproq vaqtga muhtojdir. Sufyon (rh.a.) oʻn yilda ijtihodni tahsil olgan boʻlsalar, bu odam tahsil olish uchun yuz yilga muhtoj. Chunki Sufyon (rh.a.)ning tabiiy tahsili esini taniganidan boshlanadi. Asta sekin iste'dodi tayyor boʻladi, nurlanadi, hamma narsadan dars oladi, gugurtga oʻxshaydi. Ammo u zotga oʻxshash masalasida, hozirgi davr insoni zehni falsafada bugʻilgani, aqli siyosatga shoʻngʻigani va qalbi dunyoviy hayotda oʻzini yoʻqotgani uchun iste'dodi ijtihoddan uzoqlashgan. Albatta hozirgi fanlarda chuqurlashish nisbatida iste'dodi shar'iy ijtihod qobiliyatidan uzoqlashgan va dunyoviy fanlarda bilimi oshgani sayin ijtihodni qabul qilishda ortda qolgan. Shuning uchun "Men ham u kabi zakovatliman, nima uchun u zotnga yeta olmayman?" deya olmaydi va aytishga haqqi yoʻq va yeta olmaydi ham.
Toʻrtinchisi: Jismda koʻkarish uchun kengayish mayli boʻladi. Kengayish mayli (ichida boʻlgani tufayli) vujud va jism uchun rivojlanish boʻladi. Agar kengaytirish istagi tashqaridan boʻlsa, vujudning jildini yirtish, buzish boʻladi, kengayish emas. Xuddi shuningdek Islomiyat doirasiga salafi solihiyn kabi komil taqvo eshigi orqali va dinning zaruriy asoslariga boʻysunish yoʻli bilan kirganlarda kengayish mayli va ijtihod qilish xohishi boʻlsa, kamol va rivojlanish boʻladi. Yoʻqsa, zaruriy asoslarni tark etgan, dunyoviy hayotni oxirat hayotidan ustun qoʻygan va moddaparastlik falsafasi bilan bulgʻanib ketgan kimsada kengayish mayli va ijtihod xohishi boʻlsa, Islomiyat vujudini xarob qilishga va boʻynidagi shar'iy zanjirni chiqarishga sabab boʻladi.
Beshinchisi: Uch nuqtai nazar hozirgi davr ijtihodlarini yerga oid qiladi, samoviylikdan chiqaradi. Lekin shariat samoviy va shar'iy ijtihod uning yashirin hukmlarini izhor qilgani uchun samoviydir.
Birinchisi: Bir hukmning hikmati boshqa, maqsadi boshqadir. Hikmat va maqsad esa ustun qoʻyilishiga sababdir. Ehtiyojga, ijodga sabab emas. Maqsad esa vujudga sababdir. Masalan safarda namoz qasr qilinadi, (toʻrt rakaʻat farz oʻrniga) ikki rakat oʻqiladi. Bu shar'iy ruxsatning maqsadi safardir, hikmati esa mashaqqatdir. Safar boʻlsayu, mashaqqati umuman boʻlmasa ham namoz qasr qilinadi. Chunki maqsad bor. Lekin safar boʻlmasa, yuz mashaqqat boʻlsa ham, namozning qasr qilinishiga asos boʻla olmaydi. Bu haqiqatning aksiga, hozirgi davr nazari - foyda va hikmatni maqsad oʻrniga qoʻyib, unga koʻra hukm qiladi. Albatta bunday ijtihodlar arziy-yerga oiddir, samoviy emas.
Ikkinchisi: Hozirgi davr nazari avvalo va faqat dunyoviy farogʻatga qaraydi va hukmlari unga yoʻnalgan. Xolbuki Shariatning avvalo va faqatgina oxirat saodatiga yuzlangan, ikkinchi darajada (oxiratga vasila boʻlgani tufayli) dunyoning saodatiga nazar tashlaydi. Demak, bu davr nazari shariat ruhidan begonalashgan. Shunday ekan, Shariat nomidan ijtihod qila olmaydi.
ya'ni "Zarurat xaromni halol darajasiga keltiradi", qoidasi umumiy emas. Zarurat agar xarom yoʻli bilan kelmagan boʻlsa, xaromni halol qilishga sabab boʻladi. Suiiste'mol qilib, zarurat noshar'iy sabablar bilan kelgan boʻlsa xaromni halol qilmaydi, ruxsat qilingan hukmlarga sabab boʻla olmaydi, uzr tashkil qilmaydi. Masalan, bir odam suiiste'mol orqali xarom tarzda oʻzini sarxush qilsa, sodir qilgan ishlari, Shariat ulamolarining fikricha, oʻz zarariga ishaydi, uzrli hisoblanmaydi. Taloq qilsa, talogʻi haqiqiy boʻladi. Jinoyat qilsa, jazo oladi. Biroq ixtiyorini yomon yoʻlda qoʻllanmasa, taloq haqiqiy boʻlmaydi, jazo olmaydi. Masalan, bir odam ichkilikka zarurat darajasida mukkasidan mubtalo boʻlsa ham, "Zarurat, men uchun halol", deya olmaydi.
Bu davrda zarurat darajasiga kelgan va insonlarni mubtalo qilgan, ommaviy balo suratiga kirgan koʻp ishlar borki, sui ixtiyordan, noshar'iy mayllar va harom muomalalardan kelib chiqqani uchun, ruxsatli hukmlarga sabab boʻlib, xaromni halol qilishga asos boʻla olmaydi. Bu davr mujtahidlari oʻsha turdagi zaruratlarni Shar'iy hukmlarga asos qilgani uchun ijtihodlari arziy-yerga, havasga, falsafaga oid boʻlib, samoviy boʻla olmaydi, shar'iy emas. Xolbuki, Samovot va Yer Xoliqining Ilohiy hukmlarida tasarruf va bandalarining ibodatiga aralashish Uning ma'naviy izni boʻlmasa, qabul qilinmaydi. Masalan: Ba'zi gʻofillar xutba kabi ba'zi Islomiy shiorlarni Arab tilidan chiqarib, xar bir millatning oʻz tilida oʻqilishini ikki sababga binoan ma'qullashadi.
Birinchisi: "Hozirgi siyosat avom musulmonlarga bu yoʻl orqali tushuntirish". Lekin hozirgi siyosat ichiga shunchalik koʻp yolgʻon, hiyla va shaytonlik kirganki, shaytonlar vasvasasi hisobiga oʻtgan. Xolbuki, minbar Ilohiy vahiyning tabligʻ joyi boʻlgani uchun, siyosiy vasvasalar oliy maqomga chiqishga haqqi yoʻq.
Ikkinchi sabab: "Xutba ba'zi Qur'on suralarining nasihatlarining tushunilishi uchun". Agar Islom millati Islomiyatning zaruriyati va shubhasiz qoidalari va ma'lum hukmlarini aksariyat odamlar rioya qilib bajargainda, shariat nazariyasi, nozik masalalar va maxfiy nasihatlarni tushunish uchun bilgan tilida xutba oʻqishi va Qur'on suralarining - agar tarjima qilish mumkin boʻlganida {(Izoh) I'jozga doir Yigirma Beshinchi Soʻz Qur'onning haqiqiy tarjimasi mumkin emasligini koʻrsatgan.} balki mustahsan xush kutib olinar edi. Biroq namoz, zakot, roʻzaning vojibligi va qotillik, zino va sharobning xaromligi kabi Islomning ma'lum qat'iy hukmlari e'tibordan chetda qolmoqda. Avom insonlar ularning vojibligi va nomashru'ligi haqida dars olishga muhtoj emas. Balki tashviq va eslatma bilan muqaddas hukmlarni eslatib, Islomiyat tuygʻusi va iymon hissini harakatga keltirib ergashishlari uchun tashviq, eslatma va xotirlatib turishga muhtojdir. Xolbuki, bir omi qanchalik johil boʻlsa ham, Qur'ondan va Arabiy xutbadan quyidagi umumiy mazmunlarni tushunadi: "Xar kimga va menga ma'lum boʻlgan iymon ruknlarini va Islomiyatning asoslarini xatib va imom xotirlatadi, dars beradi, oʻqiydi", deydi. Qalbida ularga nisbatan ishtiyoq hosil boʻladi. Ajabo, koinotda, Arshi A'zamdan kelgan Qur'oni Hakimning i'jozli, anglatuvchi eslatmalariga, zikrlariga, tashviqlariga teng kela oladigan qanday iboralar bor?
Oltinchisi: Salafi solihiynning buyuk mujtahidlari nur va haqiqat asri boʻlgan sahobalar asriga yaqin boʻlganlari uchun, sof nur olib, xolis ijtihod qila olar edi. Bu davr mujtahidlari esa haqiqat kitobiga qanchalab pardalar orqasida va uzoq masofada qaraydi. Eng yaqqol bir harfini ham zoʻrgʻa koʻra oladilar.
Agar: "Sahobalar ham insondir. Xatodan, xilofdan xoli emas. Xolbuki, ijtihod va Islom hukmlarining asosi sahobalarning adolati va toʻgʻriligi hisoblanadi. Ummat hatto "Sahobalar toʻliq adolatli, toʻgʻri gapiradi", deya ittifoq qilishgan desang,
Javob: Ha, sahobalar mutlaq aksariyati haqqa oshiq, toʻgʻrilikka ishtiyoqmand, adolatga xohishli boʻlishgan. Chunki u asrda yolgʻonning va kizbning xunukligi butun chirkinligi bilan, sidq va toʻgʻrilikning goʻzalligi butun chiroyi bilan koʻrsatilganki, ikkisining oʻrtasidagi masofa Arshdan yergacha ochilgan. Oʻrtadagi farq Asfali sofiliyndagi Musaylimai Kazzobning tubanligidan A'loyi Illiyindagi Hazrati Paygʻambar Alayhissalotu Vassalomning sidq darajasigacha boʻlgan. Ha, Musaylimani Asfali Sofiliynga tushirgan kizb boʻlgani kabi, Muhammadul Amin Alayhissalotu Vassalomni A'loyi illiyinga chiqargan narsa sidq va toʻgʻrilikdir.
Demak, oliy hislarni joʻshtirgan, goʻzal xulqlarga mahliyo qilgan va Paygʻambarlik Quyoshining suhbat ziyosi bilan nurlangan sahobalar shu daraja xunuk va tubanlikka sabab boʻlgan va Musaylimaning masxara boʻlgan soxta uydirmalar doʻkonidagi yolgʻonga ixtiyori bilan qoʻllarini uzatishmagan. Kufrdan chekingandek kufrning doʻsti boʻlgan yolgʻondan chekinishgan. Goʻzal, faxrlanish, mubohlarga sabab, taraqqiy va saodatning eng yuksak darajasi, Faxri Risolatning oliy xazinasida eng qiymatli boʻlgan va goʻzalligining dabdabasi bilan insoniyat jamoatlarini nurlantirgan sidqqa, toʻgʻrilikka, haqqa, va ayniqsa shariat hukmlarini rivoyat qilish va yetkazishga, albatta qoʻllaridan kelgancha tolib, muvofiq va oshiq boʻlganlari qat'i, zaruriy, shubhasizdir. Lekin bu davrda yolgʻon va sidqning oʻrtasidagi masofa shunchalik qisqarganki, goʻyo yelkama-yelka holiga kelgan. Sidqdan yolgʻonga (oʻtmoq) juda oson boʻlib qolgan. Hatto siyosat tarrrgʻiboti vositasida yolgʻonchilik toʻgʻrilikdan ustun qoʻyilmoqda. Agar eng xunuk narsa eng goʻzal narsalar bilan birga bir doʻkonda bir narxga sotilsa, albatta juda oliy va haqiqat javhariga aylangan sidq va haq olmosi doʻkon sohibining ilmiga va soʻziga ishonib, koʻr-koʻrona olinmaydi.
Xotima
Asrlarga koʻra shariatlar oʻzgaradi. Balki bir asrda qavmlarga koʻra boshqa-boshqa shariatlar, paygʻambarlar kelishi mumkin va kelgan ham. Xotamul Anbiyodan soʻng Shariati Kubrosi xar asrda xar qavmga kifoya qilgani uhcun, hilma-hil shariatlarga ehtiyoj qolmagan. Biroq tafsilotda bir daraja turli turli mazhablarga ehtiyoj qolgan. Mavsumlarning oʻzgarishi orqali liboslar almashadi, mijozlarga koʻra dorilar oʻzgaradi. Shuning kabi, asrlarga koʻra shariatlar oʻzgaradi, millatlarning iste'dodiga koʻra hukmlar oʻzgaradi. Chunki, shar'iy hukmlarning tafsilot qismi insonlarning holatlariga bogʻliq. Unga koʻra keladi, darmon boʻladi. Avvalgi paygʻambarlar davrida inson tabaqalari bir-biridan juda uzoq, fe'l-atvorlari bir daraja qoʻpol, dagʻal, fikran ibtidoiy va badaviylikka yaqin boʻlgani sabab, oʻsha davrdagi shariatlar ularning holatiga muvofiq tarzda turlicha kelgan. Hatto bir qit'ada bir asrda boshqa-boshqa paygʻambarlar va shariatlar boʻlgan. Soʻng, oxirzamon Paygʻambarining kelishi orqali insonlar goʻyo ibtidoiy darajadan oʻrta maktab darajasiga taraqqiy etgani uchun koʻp inqiloblar va oʻzgarishlar orqali insoniyat qavmlari bir xil dars oladigan, bitta muallimni tinglaydigan, birgina shariatga amal qiladigan darajaga kelgani uchun, turli shariatlarga ehtiyoj qolmagan, boshqa-boshqa muallimning ham keragi boʻlmay qolgan. Biroq tamoman bir saviyaga kelmagani uchun mazhablar koʻpaygan. Agar insoniyatning aksariyati bitta oliy maktabning talabasi kabi bir xil ijtimoiy hayot kechirsa, bir saviyaga kelsa, shunda mazhablar ham birlashtirilishi mumkin. Lekin olamning hozirgi holati bunga yoʻl qoʻymagani bois mazhablar ham bir emas.
Agar: "Haq bitta boʻladi, qanday qilib toʻrt va oʻn ikki mazhabning xar hil hukmlari haq boʻlishi mumkin?" desang,
Javob: Bitta suv besh hil mijozli xastalarga koʻra besh xil hukm oladi. Biriga xastaligining mijoziga koʻra suv davodir, tibban vojib. Boshqa odamga xastaligi uchun zaxardek zararlidir, tibban xarom. Boshqa birovga oz zarar qiladi, unga tibban makrux. Keyingi odamga zararsiz, manfaati bor, tibban sunnat. Boshqa birovga esa na zarar, na manfaatdir, salomatlik bilan ichsin, unga tibban muboh. Bu yerda haq koʻpaydi. Beshi ham haq. Sen, "Suv faqat davo, faqat vojib, boshqa hukmi yoʻq", deya olasanmi?!
Shuning kabi, Ilohiy hukmlar, Alloh hikmatining mazhablarga chorlashi bilan ergashuvchilariga koʻra oʻzgaradi. Haq holda oʻzgarar va xar biri haq, foydali boʻladi. Masalan, Alloh hikmatining munosib koʻrishi bilan Imom Shofiiyga ergashganlarning aksariyat qismi Hanafiylarga nisbatan qishloqlarga va sahrolarga yaqinroq yashagani uchun jamoatni bir vujudga aylantiradigan ijtimoiy hayot noqis boʻlgani sabab, xar biri shaxsan oʻzi Qoziyul Hojat dargohida oʻz dardini aytishi va xususiy talabini istashi uchun imomning orqasida Fotihani yakka-yakka oʻqiydi. Bu ayni haq va hikmatning oʻzidir. Imomi A'zamga ergashganlarning aksariyat qismi esa, Islomiy hukumatlarning aksariyati bu mazhabni tanlagani uchun, madaniyatga, shaharlarga yaqinroq va ijtimoiy hayotga iste'dodi borligi uchun, bir jamoat bir shaxs hukmiga kirib, bir odam barchasining nomidan aytadi. Qolganlar qalban uni tasdiqlab va qalbini unga bogʻlaydi. Uning soʻzi barchaning soʻzi hukmiga oʻtgani uchun, Hanafiy Mazhabiga koʻra imomning orqasidan Fotiha oʻqilmaydi. Oʻqilmasligi ayni haq va hikmatning oʻzidir.
Yana masalan, modomiki shariat inson tabiatining tajovuzlariga toʻsiq boʻlgani uchun uni moʻ'tadillashtirib nafsi ammorani tarbiyalaydi. Albatta, aksariyat ergashuvchilari qishloqli, yarim badaviy va ogʻir mehnat bilan mashgʻul insonlardan iborat boʻlgan Shofiiy Mazhabiga koʻra: "Ayol kishiga tegib ketilsa tahorat buzilar, ozgina najosat zarar qiladi". Aksariyati ijtimoiy hayotga kirgan, yarim madaniy shaklini olgan insonlar tobe boʻlgan Hanafiy Mazhabiga koʻra: "Ayol kishiga tegib ketsa tahorat buzilmaydi, bir tangachalik najosatga fatvo bor".
Xullas, bir qora ishchi bilan bir janobni nazarga olamiz. Qora ishchi maishiy mehnat ichida boʻlgani uchun begona ayollar bilan aralashishga, tegilishga, oʻchoq yonida oʻtirishga va iflos narsalar ichida oʻralashib yurishga mubtalo boʻlgani uchun, san'at va tirikchilik sababli tabiat va nafsi ammorasi imkon topib tajovuz qilishi mumkin. Shuning uchun shariat ular haqida tajovuzlarga chek qoʻyish uchun qulogʻiga "Tahorat buziladi, tegib ketma. Namozingni yoʻqqa chiqaradi, bulgʻanma," degan ma'naviy samoviy sado jaranglatadi. Ammo narigi janob, nomusli boʻlish sharti bilan, ijtimoiy odatlari e'tibori bilan, umumiy axloqlar nomidan, begona ayollarga tegib yurishga mubtalo emas, iflos narsalarga ozodalik madaniyati nomidan oʻzini unchalik bulgʻamaydi. Shuning uchun shariat Hanafiy Mazhabi nomi ila unga manʻ qilmagan va azimat talabi qoʻymagan. Ruxsat tarafini koʻrsatib, yengillashtirgan. "Qoʻling tegib ketgan boʻlsa tahorating sinmaydi. Uyalib, gavjum joyda suv bilan poklanmaslikning zarari yoʻq. Bir tanga miqdorigacha fatvo bor," deya uni vasvasadan qutqaradi. Mana senga dengizdan ikki tomchi misol, ularga qiyosla. Me'zoni Shaʻroniy bilan shariat mezonlarini bu suratda muvozana qila olsang qil.
Yigirma Yettinchi Soʻzning Ilovasi
oyatning toʻligʻi...
Savol beryapsiz: "Bid'atlarning rivoji hangomida iymon va taqvo ahlidan bir qism solih insonlar sahobalar darajasida yoki ulardan ham afzal boʻlishi mumkin," degan baʻzi rivoyatlar bor. Bu rivoyatlar sahihmi? Sahih boʻlsa, haqiqati nima?
Javob: Paygʻambarlardan soʻng bashariyatning eng afzali sahobalar ekaniga Ahli Sunnat va Jamoat ittifoq qilgani qat'iy hujjatdir. Bu rivoyatlarning sahih qismi juz'iy fazilatlar haqidadir. Chunki juz'iy fazilatda va xususiy bir kamolda ustun boʻlmagan kishi ustun boʻlgandan ustun boʻlishi mumkin. Fath Surasining oxirida Rabboniy maqtovga sazovor, Tavrot, Injil va Qur'onning madhu sanosini olgan sahobalarga umumiy fazilatlar nuqtai nazaridan yetishib boʻlmaydi. Bu haqiqatning juda koʻp sabab va hikmatlaridan hozircha uch sababni oʻzida jamlagan uch hikmatni bayon qilamiz:
Birinchi Hikmat: Paygʻambarimiz (S.A.V.) suhbatlari shundayin iksir-darmonki, unda bir daqiqa boʻlgan kishi koʻp yillar davomida sayri suluk oʻrniga haqiqat nurlariga sazovor boʻladi. Chunki suhbatda rang va aksini olish bor. Ma'lumki, aks olish va ergashish orqali Paygʻambarimizning Buyuk Nuri bilan birga eng azim martabaga chiqish mumkin. Bamisoli bir sultonning xizmatkori va unga tobeligi orqali shunday bir mavqega chiqadiki, shoh unga chiqa olmaydi. Ushbu sir sabab eng buyuk valiylar ham sahoba darajasiga chiqa olmaydi.
Hatto Jaloliddini Suyutiy kabi uygʻoq holida koʻp marta Paygʻambarimiz (S.A.V.) suhbatlariga sazovor boʻlgan valiylar Rasuli Akram (S.A.V.) bilan hushyor holida koʻrishsalar va bu olamda suhbatiga musharraf boʻlsalar ham sahobalarga yeta olmaydilar. Chunki Sahobalarning suhbati Nubuvvati Ahmadiya (S.A.V.) nuri bilan, ya'ni Paygʻambar sifatida u kishi bilan suhbatlashishgan. Avliyolar esa Paygʻambarimiz (S.A.V.) vafotlaridan soʻng Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomni koʻrishlari valoyati Ahmadiya (S.A.V.) nuri bilan suhbatdir.
Demak Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomning ularning nazariga koʻrinishi va namoyon boʻlishlari valoyati Ahmadiya (S.A.V.) jihatidadir, nubuvvat e'tibori bilan emas. Modomiki shunday ekan, nubuvvat darajasi valiylik darajasidan naqadar yuksak boʻlsa, bu ikki suhbat ham shunchalik farq qilishi kerak boʻladi. Paygʻambarimizning (S.A.V.) suhbatlari qay daraja nuroniy bir iksir-darmon ekani, bir badaviy odam qizini tiriklayin koʻmadigan darajada vahshiy bagʻritosh holida kelib bir soat Paygʻambarimiz (S.A.V.) suhbatlariga musharraf boʻladi, qaytib chumolini ham bosmaydigan darajada rahmli shafqat qozonardi. Johil, vahshiy odam bir kun Paygʻambarimiz (S.A.V.) suhbatlarida boʻladi, soʻng Chin va Hind kabi mamlakatlarga borib, madaniyatli qavmlarga haqiqatlarda muallim va kamolotda rahbar boʻlgani orqali tushuniladi.
Ikkinchi Sabab: Yigirma Yettinchi Soʻzdagi ijtihod mavzuida bayon va isbot qilingani kabi, sahobalar inson kamolotining mutlaq eng a'lo darajasidadir. Chunki oʻsha davrda, Islomning azim inqilobida xayr va haq butun goʻzalligi bilan, yomonlik va botil butun xunukligi bilan koʻrilgan va moddatan his etilgan. Yomonlik va yaxshilik oʻrtasida shundayin farq hamda yolgʻon va sidq-toʻgʻrilik oʻrtasida shunday bir masofa ochilgan ediki, orasi kufr va iymonchalik, balki Jahannam va Jannatchalik uzoqlashgan edi. Yolgʻon, yomonlik va botilning dalloli, namunasi boʻlgan Musaylimai Kazzob va masxaraomuz gaplariga, fitratan oliy hislar sohibi va yuksak axloqlarga maftun hamda izzat va goʻzallikdan faxrlanishga moyil sahobalar, albatta ixtiyorlari bilan, yolgʻon va yomonlikka qoʻllarini uzatib, Musaylima darajasiga tushishmagan.
Sidq, xayr, haqning dalloli va namunasi Habibulloh (S.A.V.) kamoloti A'loyi Illiyinidagi maqomiga qarab, butun kuch va himmatlari bilan u tarafga borishni axloqlari taqozo qiladi. Masalan, ba'zan bashariyat madaniyati bozorida va insoniyat ijtimoiy hayoti doʻkonida ba'zi narsalarning mudhish natijalari va xunuk izlari oʻldiruvchi zaxar boʻkgani uchun xar kim uni sotib olish emas, balki butun kuvhi bilan undan nafratlanib qochadi, ba'zi narsalarning va ma'naviy matolarning goʻzal natijalari, qiymatli asarlari naf keltiruvchi malham va olmos kabi hammani oʻziga jalb qiladi. Xarkim qoʻlidan kelgancha ularni sotib olishga urinadi.
Shunga oʻxshab, Saodat Asrida insoniyat ijtimoiy hayotining bozorida yolgʻon, yomonlik va kufr kabi moddalar abadiy halokat kabi natijalarni va Musaylimai Kazzobdek past masxaralarni keltirib chiqargani uchun, oliy axloqlar va sharafli vazifalarga maftun boʻlgan sahobalar undan oʻldiruvchi zahardan qochgandek qochgani va nafratlangani yaqqol.
Abadiy saodat natijasini bergan va Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalom kabi nuroniy mevalar koʻrsatgan sidq, haq va iymonga eng foydali malham, eng qiymatdor olmos kabi, fitratlari sof va axloqlari yuksak sahobalar bor kuchlari bilan, hissiyot va tugʻulari bilan talabgor va ishtiyoqmand boʻlishgani muqarrar. Xolbuki u davrdan soʻng, borgan sari va kelib-kelib toʻgʻrilik va yolgʻon oʻrtasidagi masofa ozaya-ozaya yelkama-yelka masofaga keldi. Bir doʻkonda ikkisi birga sotila boshlagani kabi, ijtimoiy axloq buzildi. Siyosat targʻiboti yolgʻonga haddan tashqari rivoj berdi. Yolgʻonning daxshatli xunukligi yashirinib, toʻgʻrilikning porloq goʻzalligi koʻrinmay qolgan davrda sahobalarning adolat, sidq, oliylik va haqqoniyat xususidagi kuchi, matonati, taqvolariga yetishga yoki ularning darajalaridan oʻtib ketishga kimning haddi sigʻadi. Bu masalani bir daraja yoritadigan, boshimdan oʻtgan bir holimni bayon qilaman:
Bir vaqtlar qalbimga keldiki, nima uchun Muhyiddin Arabiy kabi xoriqo zotlar sahobalarga yetisha olmaydilar? Keyinroq namozda سُبْحَانَ رَبِّىَ الْاَعْلَى der ekanman, bu kalimaning ma'nosi ochildi. Toʻliq ma'nosi bilan emas, faqat bir oz haqiqati koʻrindi. Qalban, koshki birgina namozga bu kalima kabi muvaffaq boʻlganimda, bir yillik ibodatdan koʻra yaxshiroq boʻlar edi, dedim. Namozdan soʻng, u xotira va holat sahobalarning ibodatdagi darajalariga yetib boʻlmasligiga bir irshod ekanini angladim.
Ha, Qur'oni Hakimning nurlari bilan hosil boʻlgan azim ijtimoiy inqilobda, zidlar bir-biridan ayrilar ekan, yomonlar butun ergashuvchilari bilan, zulmatlari va ikir-chikirlari bilan, yaxshilik va kamolot butun nurlari va natijalari bilan qarama-qarshi kelgan holat va qoʻrqinchli davrda, xar zikr va tasbeh butun ma'nosining tabaqalarini ilk bor, tarovatli, yangi va yosh suratda ifoda etgan. Shuning kabi, u azim inqilobning shovqin-suroni ostidagi insonlarning butun hissiyotlarini, ma'naviy hislarini uygʻotgan, hatto vahima, hayol va sir kabi tuygʻular hushyor, uygʻoq boʻlib zikr, tasbehlardagi koʻplab ma'nolarni oʻz lazzatiga koʻra olagan, emgan.
Ushbu hikmatga binoan barcha hissiyotlari uygʻoq va latifalari hushyor sahobalar, iymon nurlarini va tasbehlarni oʻzida jamlagan muborak kalimalarni talaffuz etgan vaqti soʻzlarning butun ma'nolari bilan aytar va barcha latifalari bilan hissa olar edilar.
Oʻsha portlash va inqilobdan soʻng, borgan sari latifalar uyquga ketdi, hislar haqiqat nuqtasida gʻaflatga tushib, muborak kalimalar mevalar singari, bora-bora koʻnikib qolish pardasi ostida latofatini va tarovatini yoʻqotgan. Sathiylik tuygʻulari bilan qurayotgandek, oz bir namlik qoladi. U esa kuchli tafakkuriy jarrohlik bilangina avvalgi holi qaytarilishi mumkin. Shuning uchun, qirq daqiqada bir sahobaning qozongan fazilat va maqomiga boshqa odam qirq kunda, hatto qirq yilda zoʻrgʻa yetishi mumkin.
Uchinchi sabab: Oʻn Ikkinchi, Yigirma Toʻrtinchi va Yigirma Beshinchi Soʻzlarda isbot etilgani kabi, nubuvvatning valiylikka nisbati Quyosh bilan uning oynalarda koʻringan aksi kabidir. Nubuvvat doirasi valiylik doirasidan naqadar yuksak boʻlsa, nubuvvat doirasining xodimlari va u quyoshning yulduzlari boʻlgan sahobalar ham valiylik doirasidagi solih insonlardan shunchalik ustun boʻlishi lozim. Hatto eng buyuk valiylik -nubuvvat vorisligi va siddiqiyat ham sahobalarning valiyligidir. Bir valiy bu maqomga yetsa ham baribir ilk safdagi sahobalarning maqomiga yetisha olmaydi. Ushbu uchinchi sababning koʻplab jihatlaridan uchtasini bayon qilamiz:
Birinchi Jihat: Ijtihodda, ya'ni hukm chiqarishda, ya'ni Janobi Haqning rozi boʻladigan amallarni kalomidan anglashda sahobalarga yetib boʻlmaydi. Chunki oʻsha davrdagi buyuk Ilohiy inqilob, Rabbimiz rozi boʻladigan amallar va Ilohiy hukmlarni anglash ustida jarayon qilar edi. Barcha zehnlar hukm chiqarishga qaratilgan edi. Barcha qalblar: "Rabbimiz bizdan nimani istayai!" deya qiziqar edi.
Zamonning vaziyati bu holatni his qiladigan va sezadigan tarzda davom etgan. Suhbatlar bu ma'nolarni oʻzida jamlagan holda sodir boʻlar edi. Shuning uchun hamma narsa va xar bir holat va gaplashish, suhbat va hikoyalar butun ma'nolarni bir daraja dars beradigan tarzda jarayon etgani, hamda sahobalarning iste'dodini komillashtirgani, fikrlarini yoritgani uchun, ijtihod va hukm chiqarishda iste'dodi gugurt singari alanga olishga tayyor boʻlgani uchun, bir kunda yoki bir oyda qozongan ijtihod va hukm chiqarishdagi martabasini, u sahobaning iste'dod va zakovati darajasida boʻlgan boshqa bir odam hozirgi davrda oʻn yilda, balki yuz yilda ham qozona olmaydi. Chunki hozir abadiy saodat oʻrniga dunyo saodati e'tibor markazida. Insonlarning diqqati boshqa maqsadlarga yuzlangan.
Tavakkalsizlik ichida tirikchilik dardi, ruhga ahmoqlik hamda tabiat va moddaparastlik falsafasi aqlni koʻr qilgani uchun, insonning ijtimoiy muhiti shaxsning zehniga va iste'dodiga ijtihod xususida quvvat bermagani kabi, abgor, parishon qilyapti. Yigirma Yettinchi Soʻzning ijtihod mavzuida Sufyon Ibn Uyayna bilan uning zakovati darajasidagi odamning qiyoslanishida isbot qilganmizki, Sufyon (rh.a.)ning oʻn yilda qozongan martabasini narigi odam yuz yilda ham qozona olmaydi.
Ikkinchi jihat: Sahobalarning Allohga yaqinligi nuqtasidagi maqomlariga valiylik orqali yetishib boʻlmaydi. Chunki, Janobi Haq bizga eng yaqin va hamma narsadan ham koʻra koʻproq yaqindir. Biz esa Undan nihoyatsiz uzoqmiz. Unga yaqinlikni qozonmoq ikki yoʻl orqali boʻladi.
Birnchisi: Allohning oʻz quliga yaqinligining ochilishi orqali. Nubuvvatdagi yaqinlik unga taalluqli. Nubuvvatga vorislik va suhbati orqali sahobalar u sirga sazovor.
Ikkinchi surat: Uzoqligimiz tufayli martabalarni bosib oʻtib bir daraja yaqinlashish boʻlib, aksar valiylikning sayri suluki unga koʻra, anfusiy-ichki ruhiy va ofoqiy-tashqi sayr bu suratda jarayon etadi.
Birinchi surat faqat ilhom bilan boʻladi, saʻy harakat bilan emas. Oʻziga tortish, Rahmonning jalb qilishi va Allohning muhabbatiga erishishdir. Yoʻl qisqa, biroq oʻta mustahkam, juda yuksak, xolis va soyasi yoʻq.
Keyingisi saʻy harakat orqali boʻlib, uzun, soyasi bor. Ajoyib gʻaroyibotlari koʻp boʻlsada, qiymati Allohga yaqinlik jihatida avvalgiga yetisha olmaydi. Masalan, kechagi kunga bugun yetishmoqning ikki yoʻli bor.
Birinchisi: Vaqt oʻtishiga tobe' boʻlmasdan, muqaddas quvvat bilan, vaqt oʻlchovidan chiqib, kechani bugundek hozir koʻrish.
Ikkinchisi, bir yillik masofani bosib oʻtib, aylanib kechagi kunga kelish. Biroq baribir kechagi kunni qoʻlida tutib turolmaydi, uni tashlab ketadi. Shunga oʻxshab, zohirdan haqiqatga oʻtish, ikki suratda amalga oshadi.
Biri, toʻgʻridan-toʻgʻri haqiqatning tortishiga berilib, tariqatning barzohiga kirmay, zohirning oʻzida haqiqatni topish. Ikkinchisi: koʻp martabalardan sayri suluk tarzida oʻtish. Avliyolar, garchi fanoi nafsga muvaffaq boʻlib, nafsi ammorani oʻldirgan boʻlishsada, sahobalarga yetisha olmaydi. Chunki sahobalarning nafslari poklanib tarbiyalangan, nafsning mohiyatidagi koʻplab jihozlar orqali ibodatlarning barcha turlariga hamda shukr va hamdning turli hillariga koʻproq muvaffaq boʻlishgan. Nafsni oʻldirgandan soʻngra avliyolarning ibodatlari oddiylik paydo qiladi.
Uchinchi jihat: Amallardagi fazilat, savobli ishlar va oxiratga oid fazilatlar jihatidan sahobalarga yetishib boʻlmaydi. Chunki, bir askar ba'zi sharoitda muhim va xavfli joyda bir soat navbatda turganda bir yil ibodat qilganchalik fazilat qozonishi mumkin. Bir oʻq yeb eng kamida qirq kunda qozoniladigan valiylik darajasidek maqomga daqiqada chiqadi. Shunga oʻxshab, sahobalarning Islomiyatni ta'sis qilish, Qur'on hukmlarini yoyishdagi xizmatlari va Islomiyat uchun butun dunyoni jangga chaqirishlari shunchalik yuksakdirki, ularning bir daqiqasiga boshqalar bir yilda yeta olmaydi. Hatto barcha daqiqalari, (muqaddas xizmatda) shahid boʻlgan askarning daqiqalari kabidir deyish mumkin. Butun soatlari mudhish bir joyda bir soat navbatda turgan fidokor askarning navbatiga oʻxshab, amali oz, mukofoti koʻp, qiymati yuksakdir. Modomiki sahobalar Islomiyatni ta'sis qilish va Qur'on nurlarini yoyishda birinchi safni tashkil qilar ekan, اَلسَّبَبُ كَالْفَاعِلِ siriga koʻra ularga butun ummatning hasanotlaridan hissa berib turiladi. Ummatning
deyishi sahobalarning butun ummatning hasanotlaridan hissador ekanini koʻrsatadi. Yana masalan, daraxtning ildizidagi kichik xususiyat shoxlarida katta surat oladi, katta shoxdan ham kattaroq boʻladi. Boshlanishda kichik boʻlgan katta narsa borgan sari mukammallashadi. Markaziy nuqtaga yaqin igna uchi qadar koʻplik, keng doirada ba'zan bir metrga yaqin teng kelar.
Ushbu toʻrt misol kabi, sahobalar, Islomiyat nuroniy daraxtining ildizlaridan, asoslaridan boʻlganlari, Islomiyat binosining nuroniy chizmalarining boshlangʻichida boʻlganlari, Islomiyat jamoatining imomlaridan va sonining avvalida, Shamsi Nubuvvat va Siroji Haqiqatning markaziga yaqin boʻlganlari tufayli, oz amallari koʻp, kichik xizmatlari buyukdir. Ularga yetish uchun haqiqiy sahoba boʻlish kerak boʻladi.
Savol: Sahobalar Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomni koʻrdilar, keyin iymon keltirdilar. Biz esa koʻrmasdan iymon keltirdik. Demak, iymonimiz ularnikidan quvvatliroq. Buning ustiga, iymonimizni quvvatliroq ekaniga dalolat qiluvchi rivoyat bor? deyilsa,
Javob: Sahobalar, oʻsha davrda olamdagi barcha fikrlar Islom haqiqatlariga qarshi va muxolif boʻlib turganda faqat inson suratida Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomni koʻrib, ba'zan moʻ'jizasiz, iymon keltirdilarki, olamdagi umum fikrlar ularning iymonlarini tebrata olmas edi. Shubha tugul, ba'zilarini vasvasaga ham sola olmagan. Sizlar esa oʻz iymonlaringizni sahobalarning iymonlari bilan solishtiryapsiz.
Barcha Islomiy fikrlar sizning iymoningizga quvvat va hujjat ekaniga qaramay, Rasuli Akram Alayhissalotu Vassalomning paygʻambarlik nuroniy daraxtining urugʻi boʻlgan insoniy va jismoniy surati emas, balki barcha Islomiy nurlar va Qur'on haqiqatlari bilan nuroniy muhtasham ma'naviy shaxsini minglab moʻ'jizalar bilan oʻralganini aql koʻzi bilan koʻrsangiz ham, bir ovrupa faylasufining soʻzidan vasvasa va shubhaga tushgan iymoningiz qayoqda-yu, butun kufr olamining va Nasroniy va Yahudiy va faylasuflarning hujumlari qarshisida tebranmagan sahobalarning iymonlari qayoqda?!
Sahobalar iymonlarining quvvatini koʻrsatgan va iymonlaridan sizib chiqqan shiddatli taqvolari va solih amallarda komillari qayoqda-yu, ey davogar, sening oʻta zaifligingdan farzlarni toʻliq ado qila olmagan soʻniq iymoning qayoqda?!
Hadisda aytilgan, "Oxirzamonda meni koʻrmay iymon keltirgan maqbulroqdir" mazmunidagi rivoyat xususiy fazilatga doir. Ba'zi xos shaxslar haqidadir. Mavzuimiz esa umumiy fazilat va aksariyatga taʻalluqlidir.
Ikkinchi Savol: Avliyolar va komil insonlar dunyoni tark etgan. Hatto hadisda, "Dunyoga muhabbat barcha xatolarning boshlanishidir", deyilgan. Xolbuki, sahobalar dunyoga juda koʻp aralashgan. Dunyoni tark qilish uyoqda tursin, balki sahobalarning bir qanchasi oʻz davrining madaniy insonlaridan ancha ilgarilab ketgan. Eng oddiy sahobaning eng buyuk bir valiy qadar qiymati bor deganingizni qanday tushunsak boʻladi?
Javob: Oʻttiz Ikkinchi Soʻzning Ikkinchi va Uchinchi Qismlarida gʻoyat qat'iy isbot etilganki: Dunyoning Oxiratga qaragan yuzi bilan Ilohiy Ismlarga qaragan yuzini sevish kamchilikka emas, balki kamolotga sababdir. Dunyoning mazkur ikki yuzida qanchalik ilgarilasa, ibodat va ma'rifatullohda shunchalik ilgʻorlaydi. Sahobalarning dunyosi ana oʻsha ikki yuzga oid. Dunyoni oxirat ekinzori bilib, ekib bichganlar. Mavjudotni Ilohiy Asmoning oynasi bilib, ishtiyoq bilan tomosha qilib qaraganlar. Dunyoning yomon tomoni esa foniy yuzi boʻlib, insonning hoyu-havaslariga qaraydi.
Uchinchi Savol: Tariqatlar haqiqatlarning yoʻllaridir. Tariqatlarning eng mashhuri va eng yuksagi hamda katta yoʻl deb da'vo qilinadigan Naqshbandiy tariqatining qahramonlaridan va imomlarining ba'zilari oʻz tariqatlarini shunday ta'rif qilganlar:
Ya'ni, "Naqshbandiy tariqatida toʻrt narsadan voz kechish lozim: Dunyoni, oxiratni nafs uchun haqiqiy maqsad qilmaslik, vujudini unutish, gʻurur va faxrlanmaslik uchun ushbu tarklarni oʻylamaslik. Demak, haqiqiy ma'rifatulloh va insonning kamoloti mosivoni tark qilish orqali qoʻlga kiritiladi. Buni qanday tushunish kerak?
Javob: Agar inson faqat qalbdan iborat boʻlganida, barcha mosivoni tark, hatto Allohning Ism va Sifatlarni ham tark etishi, qalbni faqat Janobi Haqning zotiga bogʻlash kerak boʻlar edi. Biroq insonning aql, ruh, sir, nafs kabi juda koʻp vazifa yuklangan latifalari va hislari bor. Komil inson - barcha tuygʻulariga xos turli ibodat yoʻllarida haqiqat tomon yurib, sahobalardek keng doirada, boy suratda, qalb qoʻmondon singari, latifalar uning askarlari bilan maqsad sari qahramonona yurgizgan insondir. Qalb faqat oʻzini qutqarish uchun askarlarini tashlab yolgʻiz ketishi faxrlanadigan ish emas, balki chorasizlikning natijasidir.
Toʻrtinchi Savol: Oʻzni sahobalardan ustun qoʻyishlik da'vosi qayerdan chiqyapti? Kim chiqaryapti? Nima uchun hozirgi davrda bu masala haqida gapirilyapti? Hamda, buyuk mujtahidlarga tenglik da'vosi qayerdan kelib chiqyapti?
Javob: Bu masalani koʻtaruvchilar ikki toifadir. Birinchi toifa sof diyonat va ilm ahli boʻlib, ba'zi hadislarni koʻrgan va hozirgi davrda solih, taqvodorlarni tashviq va targʻib qilish uchun gapirishadi. Bu toifa insonlarga gapimiz yoʻq. Ular zotan ozchilik va tez uygʻonadi. Keyingi toifa esa oʻta mudxish magʻrur insonlar boʻlib, mazhabsizliklarini buyuk mujtahidlarga tenglik da'vosi ostida yoyishni va dinsizliklarini sahobalarga tenglik da'vosi ostida joriy qilishni istaydilar. Chunki avvalo, zalolatdagi kimsalar gunohlarga kirgan, qilishga koʻnikib qolgan, gunohga mone'lik qilgan shar'iy taklif-vazifalarni bajara olmaydi. Oʻziga bahona topish uchun: "Bu masalalar ijtihodiydir. Ularda mazhablar bir-biriga muxolif. Buning ustiga ular ham biz kabi insonlardir, xato qilishlari mumkin. Shunday ekan, biz ham ular kabi ijtihod qilamiz, istaganimizdek ibodatimizni qilamiz. Ularga tobe boʻlishga nima majburiyatimiz bor?" deydi. Bu badbaxtlar shaytoniy hiyla orqali boshini mazhablarning zanjiridan chiqaradi. Ularning bu da'volari naqadar e'tiborsiz naqadar asossiz ekani Yigirma Yettinchi Soʻzda qat'iy suratda koʻrsatilgani uchun, unga havola qilamiz.
Ikkinchidan, shu toifadagi zalolat ahli qarasa, mujtahidlar bilan ish bitmayapti. Chunki ularning zimmasida bor yoʻgʻi dinning nazariy qismi bor. Lekin, zalolat ahli dinning zaruriy asoslarini tark va oʻzgartirishni istaydi. "Ulardan ham yaxshiroqmiz" deyishsa ham masalasi bitmayapti. Chunki mujtahidlar nazariy qismga va qat'iy boʻlmagan tafsilotlarga aralasha oladi. Xolbuki, mazhabsiz zalolatdagilar dinning zaruriy asoslarida ham fikrlarni chalgʻitish va oʻzgartirib boʻlmaydigan masalalarni oʻzgartirish hamda Islomiyatning qat'iy ruknlariga qarshi chiqishni istagani uchun, albatta dinning zaruriy asoslarini tashuvchisi va ustunlari boʻlgan sahobalarga til tekkizishadi. Hayhot! Yigirma Yettinchi Soʻzda bular kabi inson suratidagi hayvonlar u yoqda tursin, haqiqiy insonlar va haqiqiy insonlarning eng komillari boʻlgan avliyolarning buyuklari sahobalarning eng kichigiga ham teng kela olmasligi gʻoyat qat'iy tarzda isbotlangan.