So'zlar
— 311 —

YIGIRMA UCHINCHI SOʻZ

Bu soʻz ikki boʻlimdan iborat
﴿ بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ ﴾
﴿ لَقَدْ خَلَقْنَا الْاِنْسَانَ فِى اَحْسَنِ تَقْوِيمٍ ثُمَّ رَدَدْنَاهُ اَسْفَلَ سَافِلِينَ اِلَّا الَّذِينَ آمَنُوا وَ عَمِلُوا الصَّالِحَاتِ ﴾

Birinchi Boʻlim

Bu qismda iymonning minglarcha yaxshiliklaridan faqat beshtasini "Besh nuqta" ichida bayon etamiz.

Birinchi nuqta: Inson iymon nuri bilan eng yuksak darajaga, a'loyi illiyinga chiqadi - Jannatga loyiq bir qiymat oladi. Va kufr zulmati bilan eng tuban darajaga - asfali sofiliynga tushadi, Jahannam ahlidan boʻladigan bir vaziyatga kiradi. Chunki iymon - insonni barcha narsani san'at bilan yaratgan buyuklik sohibi Sone'i Zuljaloliga, Allohga bogʻlaydi.

Iymon bir bogʻlanishdir. Iymon orqali insonda koʻringan Allohning san'ati va ismlarning naqshlari aks etadi. Uning qiymati shu bilan oʻlchanadi. Kufr esa bogʻlanishni kesadi. Natijada Rabboniy san'at koʻrinmay qoladi. Qiymati esa faqatgina moddiy tomoni bilangina oʻlchanadi. Moddiy jihat esa foniy, oʻtkinchi va vaqtinchalik hayvoniy hayotdan iborat boʻlgani uchun qiymati yoʻq hisobidadir.

— 312 —

Bu sirni bir misol orqali bayon qilamiz. Masalan, insonlarning san'at asarlari ichida moddaning qiymati bilan qoʻl san'atning qiymati turlicha boʻladi. Ba'zan ikkalasining qiymati teng, ba'zan moddaning qiymati koʻproq boʻladi. Ba'zan besh tiyinlik temirdagi qoʻl san'ati besh soʻmga baholanadi. Ayni chogʻda, ba'zan antiqa boʻlgan san'at asari bir millionlik qiymatni olsada, moddasi besh tiyinga ham arzimaydi. Shunday antiqa bir san'atni osori atiqalar bozoriga olib borilsa va dongʻi ketgan eski hunarmand ustaga bogʻlab mashhur qilinsa, bir millionlik narxga sotiladi. Agar oʻsha mol temir tersak bozoriga olib borilsa, besh tiyinlik temir narxida olinishi mumkin.

Inson ham, Janobi Haq - Allohning shunday antiqa bir san'at asaridir. Va qudratining eng nozik va nozanin moʻ'jizasi boʻlib, insonni butun ismlarining jilvasiga sazovor va naqshlarini koʻrsatishga vosita va koinotning kichik namunasi suratida yaratgan.

Agar uning ichiga iymon nuri kirsa, sirtidagi butun ma'nodor naqshlar oʻsha nur orqali oʻqiladi. U moʻ'min oʻsha naqshlarni ongli tarzda oʻqiydi va u bogʻlanish orqali boshqalarga ham oʻqitadi. Ya'ni, "Yaratuvchi - Sone'i Zuljalolning san'at asariman, maxluqiman, rahmat va karamiga sazovorman", kabi ma'nolar bilan insondagi Rabboniy san'at namoyon boʻladi.

Demak, Yaratuvchiga bogʻlanishdan iborat boʻlgan iymon insondagi butun san'at asarlarini koʻrsatadi. Insonning qiymati ushbu Rabboniy san'atga koʻra belgilanadi. Bu esa insonni behojat boʻlgan Allohga oyna boʻlishi orqali amalga oshadi. Shunday qilib ahamiyatsiz inson butun mavjudot orasida Allohga suhbatdosh va Rabbisining Jannatga loyiq bir mehmoniga aylanadi.

Allohga bogʻlanishni uzadigan kufr insonning ichiga kirganda esa, ma'noli ilohiy ismlarning naqshlari koʻrinmaydi, oʻqilmay qoladi. Chunki, Yaratuvchi unutilsa, Unga yuzlangan ma'naviy jihatlar ham tushunarsiz boʻlib qoladi. Goʻyo hamma narsa aksiga aylanadi. Ma'noli oliy san'at va naqshlarning koʻpchiligi yashirinadi. Qolgan koʻz bilan koʻringan qismi esa tuban sabablar, tabiat va tasodiflardan deb bilinadi, oʻta past darajaga yushadi. Xar biri porloq olmos kabi boʻlgan Ilohiy san'atlar xira shishaga aylanib, ahamiyati faqat hayvoniy jismgagina tegishli boʻlib qoladi. Jismning mohiyati va natijasi esa, aytib oʻtganimizdek, qisqa bir umrda hayvonotning eng ojizi, eng muhtoji va eng qaygʻulisi sifatida faqat cheklangan bir hayot kechirishdan iborat boʻlib qoladi. Soʻng buzilib chirib ketadi. Demak kufr insoniy mohiyatni yoʻqqa chiqarib, olmosni koʻmirga aylantiradi.

Ikkinchi nuqta: Iymon, insonni yoritgan shunday nurki, ustida bitilgan barcha Samadoniy maktublarini oʻqitadi. Shuningdek, koinotni ham yoritadi. Oʻtmish va kelajakni zulmatdan qutqaradi. Bu sirni bir voqe'ada

﴿ اَللّهُ وَلِىُّ الَّذِينَ آمَنُوا يُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ اِلَى النُّورِ ﴾

oyati karimasining bir siriga tegishli misol bilan bayon qilamiz:

— 313 —

Bir xayoliy voqeada bir-biriga qaragan ikki yuksak togʻni koʻrdim. Ularning oʻrtasida dahshatli bir koʻprik qurilgan. Koʻprikning ostida juda chuqur bir jarlik bor. Men koʻprikning ustidaman. Xar tarafi qorongʻulik, zimiston zulmat dunyoni qoplagan edi.

Oʻng tarafimga qaradim - cheksiz zulmat ichida katta mozorni koʻrdim ya'ni, xayol etdim. Chap tarafimga qaradim - daxshatli zulmat toʻlqinlari ichida ulkan toʻfonlar, tashvishlar, baloyu ofatlar tayyorlab qoʻyilganini koʻrganday boʻldim. Koʻprikning tagiga qaradim - oʻta chuqur bir jarlik koʻryapman deb oʻyladim. Bu mudhish zulmatga qarshi xira yonadigan choʻntak chirogʻim bor edi. Undan foydalandim. Yarim-yorti yorugʻida qaradim. Shunda juda mudhish holat koʻrindi. Hattoki, yonimdagi koʻprikning boshida va atrofida shunday qoʻrqinchli ajdarholar, arslonlar, yirtqichlar koʻrindiki, "koshki shu chirogʻim boʻlmasa edi, bu daxshatlarni koʻrmasaydim", dedim. U chiroqni qay tarafga bursam, shunday dahshatlar koʻrdim. "Ey voh! Bu chiroq boshimga balo boʻldi", dedim.

Unga jahl qildim. Va uni yerga urdim, sindirdim. U singan zahoti, goʻyo dunyoni yoritgan ulkan elektr chirogʻining tugmasiga tegib ketgandek boʻldim, birdan zulmat tarqaldi. Xar taraf chiroqning nuriga toʻldi. Hamma narsaning haqiqatini koʻrsatdi. Qarasam, koʻrgan koʻprigim juda tartibli, tekislikdagi bir keng yoʻl ekan. Oʻng tarafimda koʻrgan katta mozor esa, boshdan-oxirigacha goʻzal, yashil bogʻchalar bilan, nuroniy insonlarning boshchiligida ibodat, xizmat, suhbat va zikr majlislari ekanini koʻrdim. Chap tarafimdagi toʻfonli, tashvishli deb oʻylagan choʻqqilar, tepaliklar esa ziynatli, sevimli, jozibador togʻlarning orqasida azim bir ziyofatgoh, goʻzal bir saylgoh, yuksak sayrgoh ekanini hayolan koʻrdim. Daxshatli yirtqichlar, ajdarholar deb oʻylagan maxluqlar esa barakali tuya, hoʻkiz, qoʻy, echki kabi uy hayvonlari ekanini koʻrdim. "Alhamdulillahi a'la nuri iyman" deb

﴿ اَللّهُ وَلِىُّ الَّذِينَ آمَنُوا يُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ اِلَى النُّورِ ﴾

oyati karimasini oʻqidim, bu voqeadan oʻzimga keldim.

Ikki togʻ esa hayotning boshlanishi va nihoyasi, ya'ni bu dunyo va qabr (barzoh) olamidir. Koʻprik esa hayot yoʻlidir. Oʻng taraf oʻtmish zamon. Chap taraf esa kelajakdir. Choʻntak chirogʻi esa xudbin va bilganiga suyangan va samoviy vahiyni tinglamagan insonning "MEN"ligidir. Yirtqichlar deb oʻylagan hayvonlar olam hodisalari va ajib maxluqlaridir. "MEN"ligiga ishongan, gʻaflat zulmatiga tushgan, zalolat qorongʻusiga mubtalo boʻlgan odam bu voqeadagi avvalgi holimga oʻxshaydi.

— 314 —

Choʻntak chirogʻi hisoblangan nuqsonli va zalolatli ma'lumot orqali oʻtmishni katta mozor suratida va yoʻqlikka mahkum zulmat ichida koʻrmoqda. Kelajakni esa oʻta toʻfonli va tasodifga bogʻliq daxshatli joy qilib koʻrsatadi. Xar biri hikmatli va mehribon - Hakiymi Rahiymning boʻysungan xodimlari hisoblangan hodisalar va mavjudotni zararkunanda yirtqichlar qilib koʻrsatadi.

﴿ وَالَّذِينَ كَفَرُوا اَوْلِيَاؤُهُمُ الطَّاغُوتُ يُخْرِجُونَهُمْ مِنَ النُّورِ اِلَى الظُّلُمَاتِ ﴾

oyatining ayanchli ta'rifiga duchor qiladi.

Agar Ilohiy hidoyatga yetishsa, qalbiga iymon kirsa, nafsning fir'avnligi sinsa, Allohning kitobini tinglasa, bu voqeadagi ikkinchi holatimga oʻxshaydi. Oʻshanda koinot birdan kunduz rangini oladi, Ilohiy nur bilan toʻladi. Olam

﴿ اَللّهُ نُورُ السَّموَاتِ وَالْاَرْضِ ﴾

oyatini oʻqiydi.

Oʻtgan zamon ulkan bir mozor sifatida emas, balki xar bir asrni bir Nabiyning yoki Avliyoning boshqaruvi ostidagi qullik vazifasini bajo keltirgan, hayot vazifalarini tugatib musaffo ruhlardan tashkil topgan jamoatlarning "Allohu Akbar" deb oliy maqomlarga uchishlarini, istiqbol tarafiga oʻtishlarini qalb koʻzi bilan koʻradi. Chap tarafiga nazar tashlab, iymon nuri bilan bu yerdan turib barzoh va oxirat olamiga tegishli togʻlardek ba'zi katta oʻzgarishlarning orqasida Jannat bogʻlaridagi baxtiyorlik saroylarida tashkil etilgan Rahmoniy ziyofatni koʻradi. Va toʻfon, zilzila, vabo kabi hodisalarning xar birini boʻysungan xodim deb biladi. Bahor toʻfoni va yomgʻir kabi hodisalarni koʻrinishidan qalbga ozor berguvchi, ma'nan juda latif hikmatlarga toʻla deb tafakkur qiladi. Hatto oʻlimni abadiy hayotning muqaddimasi va qabrni abadiy saodat eshigi deb ishonadi. Yana boshqa jihatlarini oʻzing qiyosla. Haqiqatni keltirilgan misollarga tatbiq qil...

Uchinchi nuqta: Iymon ham nurdir, ham quvvatdir. Ha, haqiqiy iymonni qoʻlga kiritgan inson butun koinotga bas kela oladi va iymonning quvvatiga koʻra hodisalarning tazyiqlaridan xalos boʻladi. "Tavakkaltu alalloh - Allohga tavakkal" deb, hayot kemasida toʻliq ishonch bilan hodisalarning togʻlardek toʻlqinlari ichida sayr etadi. Butun ogʻirliklarini cheksiz qudrat sohibi boʻlgan Qodiyri Mutlaqning qudrat qoʻliga topshirib, dunyoda rohatda yashab oʻtadi, qabrda dam oladi. Soʻng abadiy saodat sari Jannatga uchadi. Aks holda, tavakkal qilmasa, dunyoning ogʻirliklari uchishga emas, balki asfali sofiliynga tortadi. Demak, iymon tavhidni, tavhid taslim-itoatni, taslim tavakkalni taqozo qiladi, tavakkal ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Biroq, yanglish tushunma.

Tavakkal - sabablarni butunlay rad qilish degani emas, balki sabablarni Allohning qudrat qoʻlining pardasi deb, ularga rioya qilib, sabablarini bajarishni hol-harakat duosi deb qabul qilib natijani faqat Janobi Haqdan soʻrash va Undan deb bilish va Unga minnatdor boʻlishdan iboratdir.

— 315 —
Tavakkal qilgan va qilmagan odamning misoli ushbu hikoyada aytiladi :

Bir kuni ikki odam ham bellariga, ham boshlariga ogʻir yuk yuklab, katta kemaga chipta olib chiqishdi. Biri kirar kirmas yukini kemaga qoʻyib, ustiga oʻtirib atrofni tomosha qila boshladi. Narigisi ham ahmoq, ham magʻrur boʻlgani uchun yukini yerga qoʻymadi. Unga: "Ogʻir yukingni kemaga qoʻyib, dam olmaysanmi?" deyilsa, u: "Yoʻq, qoʻymayman. Yoʻqotib qoʻyishim mumkin. Men kuchliman. Molimni orqamda va boshimda koʻtarib tura olaman", deb javob berdi. Yana unga: "Sultonning biz va sizni koʻtarib turgan bu ishonchli kemasi kuchliroq. Bizdan ham yaxshiroq muhofaza qiladi. Aks holda boshing aylanib, yuking bilan birga dengizga qulaysan. Borgan sari kuchdan ham qolasan. Bukilgan beling, aqlsiz boshing tobora ogʻirlashadigan yuklarga toqat qila olmaydi. Kema boshligʻi ham, agar seni bu holda koʻrsa, yo devona deb seni quvib yuboradi, yo xoin, kemamizni ayblyapti, bizni kalaka qilyapti, hibsga olinsin, deb buyruq beradi. Hammaga masxara ham boʻlasan. Chunki e'tibor berib qarab turganlar nazarida zaiflik nishonasi boʻlgan manmanliging bilan, ojizligingni koʻrsatgan gʻururing bilan, riyoni va xorlikni koʻrsatgan mugʻombirliging bilan xalqqa kulgi boʻlding. Hamma sening ustingdan kulyapti", deyilganidan soʻng u bechoraning aqli joyiga keldi. Yukini yerga qoʻyib, ustiga oʻtirdi. "Oh... Alloh sendan rozi boʻlsin. Zahmatdan, qamoqdan, masxaralikdan qutuldim", dedi.

Ey tavakkalsiz inson! Sen ham bu odam kabi aqlingni yigʻ, butun koinotga tilanchilik qilishdan, xar bir hodisa oldida titrashdan, maqtanchoqlikdan, masxara boʻlishdan, oxirat azobidan va dunyoviy tazyiqlar iskanjasidan qutulishing uchun tavakkal qil.

Toʻrtinchi nuqta: Iymon insonni inson qiladi. Balki insonni sulton etadi. Shunday ekan, insonning asl vazifasi iymon keltirish va duo qilishdir. Kufr esa insonni oʻta ojiz jonivor hayvon qiladi.

Bu masalaning minglab dalillari bor. Hayvon va insonning dunyoga kelishidagi farqlari bu masalaga yaqqol dalildir. Va qat'iy isbotdir. Ha, odamzot iymon bilan inson boʻladi. Inson bilan hayvonning dunyoga kelishidagi farqlari, buni koʻrsatadi. Chunki hayvon xuddi boshqa olamda yetishtirilgandek, iste'dodiga koʻra mukammal tugʻiladi, ya'ni, yuboriladi. Yo ikki soatda, yo ikki kunda yoki ikki oyda butun hayotiy sharoitini oʻzlashtiradi. Koinot bilan boʻlgan munosabatini va hayotining qonunlarini oʻrganadi, tajribaga ega boʻladi.

— 316 —

Insonning yigirma yilda erishgan hayotiy tajribasini va mustaqil faoliyatini chumchuq yoki ari yigirma kunda oʻrganadi, ya'ni unga ilhom bilan bildiriladi. Demak, hayvonning asl vazifasi oʻrganish bilan rivojlanish emas, ilm ma'rifatli boʻlib taraqqiy etish ham emas, ojizligini koʻrsatib yordam soʻrash, duo qilish ham emas. Aksincha uning vazifasi iste'dodiga yarasha ishlash, amal qilishdir. Bu ularning amaliy ibodati hisoblanadi.

Inson esa bu dunyoga hamma narsani oʻrganishga muhtoj va hayot qonunlariga nisbatan savodsiz holda keladi. Hatto yigirma yilda ham hayot sharoitini mukammal oʻrganolmaydi. Balki umrining oxirigacha oʻrganishga muhtojdir. U gʻoyat ojiz va zaif holatda dunyoga yuborilib, bir-ikki yilda zoʻrgʻa oyoqqa turadi. Oʻn besh yilda zoʻrgʻa foyda va zararni ajratishni boshlaydi. Jamiyat hayotning yordami bilan uning manfaatlaridan foydalanib, zararlardan saqlanadi. Demak, insonning haqiqiy vazifasi ta'lim olib, komillikka erishishdir. Duo bilan ibodat qilishdir. Ya'ni: "Kimning marhamati bilan bunday hikmatli tarzda boshqarilyapman? Kimning ehsoni orqali mehr shafqat bilan tarbiya qilinmoqdaman? Qanday Zotning lutfi bilan izzat ikrom bilan toʻydirilmoqdaman va ta'minlanyapman?" deb bilish va mingdan biriga ham qoʻli yetmagan ehtiyojlarini Qoziyul Hojatga - hojatbaror zotga ojizlik va faqirlik tili bilan yolvorish va soʻrab duo qilishdir. Ya'ni, ojizlik va faqirlik qanotlari bilan bandalikning oliy martabalariga uchishdan iboratdir.

Demak, inson bu dunyoga ilm olib duo qilish orqali komillikka erishish uchun kelgan. Hamma narsaning mohiyati va iste'dodi ilmga bogʻliq va barcha haqiqiy ilmlarning asosi, koni, nuri va ruhi ma'rifatulloh - Allohni tanishdir. Uning poydevori esa Allohga iymondir.

Insonning asl fitriy vazifasi iymondan soʻng duodir. Negaki inson nihoyatsiz ojizligi bilan cheksiz baloyu musibatlarga duchor, had-hisobi yoʻq dushmanlarning hujumiga mubtalo va cheksiz faqirligi bilan birga nihoyatsiz ehtiyojlarga giriftor va tuganmas istaklarga muhtojdir. Duo esa ibodatning asosidir. Masalan yosh bola qoʻli yetmagan narsani olish yoki istagan narsasiga yetish uchun yo yigʻlaydi yoki soʻraydi. Ya'ni yo harakati bilan, yoki gapirib ojizlik tili bilan duo qiladi. Maqsadiga yetadi.

Shuning kabi, inson ham butun jonzotlar olami ichida nozik, nozanin, nozdor bir yosh bola hukmidadir. U Rahmonur Rahiymning dargohiga yo zaiflik, ojizligi bilan yigʻlash yoki faqirlik, ehtiyoji bilan duo qilishi kerak. Shu tariqa orzulari ushalsin yoki unga boʻysundirilganining shukrini ado etsin. Yoʻqsa, pashshadan dodu faryod qilgan ahmoq va yaramas bola kabi: "Men oʻz kuchim bilan boʻysundirilishi mumkin boʻlmagan va undan ming daraja kuchli boʻlgan ajib narsalarni, fikr va tadbirim bilan oʻzimga bosh egdiryapman", deb nonkoʻrlik qilish, insoniyatning asl fitratiga ziddir. Qolaversa oʻzini shiddatli azobga loyiq qiladi.

— 317 —

Beshinchi nuqta: Iymon duoni zarur vosita sifatida taqozo qiladi. Insonning tabiati ham duo qilishni qattiq istaydi. Janobi Haq: "Duoingiz boʻlmasa, nima ahamiyatingiz bor?" ma'nosidagi oyatda

﴿ قُلْ مَا يَعْبَؤُا بِكُمْ رَبِّى لَوْلَا دُعَاؤُكُمْ ﴾

deb buyuryapti. Yana اُدْعُونِى اَسْتَجِبْ لَكُمْ deya amr qilmoqda.

Agar: "Koʻp marotaba duo qilyapmiz, qabul boʻlmayapti. Xolbuki, oyat hammaga tegishli, har bir duoga javob bor deyapti" deb soʻrasang.

Javob: Duoga javob berish boshqa, qabul qilish boshqa. Xar bir duo uchun javob berish bor, lekin qabul qilish va soʻralgan tilakni berish Janobi Haqning hikmatiga tobe'.

Masalan: Hasta bir bola: "Doʻxtir! Menga qarang", desa, doʻxtir: "Labbay", "Nima xohlaysan?" deb javob beradi. Bola: "Menga mana bu dorini bering" deydi. Doʻxtir esa, yo oʻsha dorini, yoki uning foydasini koʻzlab, undan ham yaxshirogʻini beradi, yoki unga zarar boʻlishini bilib, bermaydi.

Janobi Haq - mutlaq hikmatli zot boʻlgani uchun, xar dam hozir, koʻrib turuvchi boʻlgani uchun qulining duosiga javob beradi. Qoʻrquv va kimsasizlik dahshatini, borligi va javobi bilan doʻstlikka aylantiradi. Ammo insonning hoyu havasining istagini emas, balki Rabboniy hikmatning taqozosi bilan yo soʻraganini beradi yoki yanada a'losini beradi yoki umuman bermaydi.

Duo bir qullik hamdir. Qullikning mahsuli esa oxiratga oid. Dunyoviy istaklar, duo va ibodatning vaqtlaridir. Lekin duoning asosiy maqsadi emas. Masalan, yomgʻir namozi va duosi bir ibodatdir. Yomgʻirsizlik esa shu ibodatning vaqtidir. Yoʻqsa, u ibodat va duo yomgʻirni yogʻdirish uchun emas. Agar faqat oʻsha niyatda boʻlsa u duo va ibodat xolis hisoblanmaydi. Va qabulga loyiq boʻlmaydi. Quyoshning botishi shom namozining vaqti boʻlgani kabi, Quyosh va Oyning tutilishi - kusuf va xusuf namozlari deb atalgan ikki maxsus ibodatning vaqtlaridir. Ya'ni, Allohning nurli oyatlari boʻlgan kecha va kunduzning pardalanishi bir Ilohiy azamatning e'loniga sabab boʻladi. Janobi Haq qullarini oʻsha vaqtlarda ibodatning bir turiga chaqiradi. Aksincha bu namozlar (tutilishi va qanchagacha davom etishi astronomik hisob kitoblarda aniqlangan) Oy va Quyoshning ochilishi uchun emas.

Xuddi shuningdek yomgʻirsizlik ham yomgʻir namozining vaqtidir. Va baloyu musibatlarning kelishi va zararli narsalarning hujumi ba'zi duolarning maxsus vaqtlari boʻlib, inson oʻsha vaqtlarda ojizligini anglaydi, duo va yolvorish bilan Qodiyri Mutlaqning dargohiga iltijo qiladi. Agar qayta qayta duo qilinsa ham baloyu musibatlar ketmasa, "Duo qabul boʻlmadi", demaslik kerak. Balki: "Duoning vaqti hali oʻtmadi", deyish kerak. Agar Janobi Haq fazlu karami bilan baloni ketkazsa, nur ustiga a'lo nur, u vaqt duo vaqti bitadi, oʻtgan boʻladi.

Demak, duo qullikning bir siridir. Qullik esa, xolis Alloh uchun boʻlishi kerak. Bunda inson ojizligini izhor etib, Robbiga duo bilan iltijo qilishi, Allohning ishlariga aralashmasligi, tadbirni Unga havola qilishi, hikmatiga suyanishi, rahmatini ayblamasligi kerak boʻladi.

Ha, chindan ham Qur'on oyatlari bayon qilganidek butun koinotdagi xar bir mavjudotning oʻziga xos tasbehlari va xususiy ibodatlari va xos sajdalari, Allohning dargohiga boradigan duolardir. Bu duolarning birinchisi: iste'dod tili bilan qilinadi. Xar bir oʻsimlik iste'dod tili bilan tuganmas fayz va toʻkinlik sohibi boʻlgan Fayyozi Mutlaqdan bir surat talab etib duo qiladi va Allohning ism va sifatlarini oʻzlarida koʻrsatishni soʻrashadi.

— 318 —

Duoning ikkinchi turi: tabiiy ehtiyoj tili bilan qilingan duodir. Bu butun jonzotlarning hojatlari uchun tabiiy ehtiyojlarining tili orqali soʻngsiz ehson sohibi Javvodi Mutlaqdan hayotlarini davom ettirish uchun rizq soʻrab duo qilishlaridir.

Duoning uchinchi turi: noilojlik tili bilan qilingan duo boʻlib, chorasiz qolgan xar bir tirik jon qat'iy bir iltijo bilan qilgan duosidir. Unda bir yashirin Homiyiga iltijo qiladi, balki Rabbi Rahiymiga yuzlanadi. Bu uch turdagi duo toʻsiq boʻlmasa doimo qabul qilinadi.

Duoning toʻrtinchi turi, eng mashxuridir. Bu bizning duomizdir. Bu ham ikki xil. Birinchisi harakat va holat bilan, ikkinchisi qalbiy va til bilan. Masalan, sabablarga rioya qilish harakat duosidir. Sabablarning yigʻindisi, natijani chiqarish uchun emas, balki holat tili bilan uni Janobi Haqdan soʻrash uchun rozilik vaziyatini olishlikdir. Hatto yer haydash rahmat xazinasining eshigini qoqishdir. Bu turdagi harakat duosi Javvodi Mutlaqning ism va sifatiga yuzlangani uchun, aksariyat hollarda qabul qilinishga loyiq boʻladi.

Ikkinchi qism - til bilan, qalb bilan duo qilishdir. Qoʻli yetmagan ba'zi narsalarni soʻrashlikdir. Buning eng muhim jihati, eng goʻzal gʻoyasi, eng shirin mevasi shuki, duo qilgan odam qalbining tubidagi istaklarini eshitadigan, hamma narsaga qurbi yetadigan, har bir orzusini roʻyobga chiqara oladigan, ojizligiga marhamat qiladigan, faqirligiga madad beradigan bir Zot borligini anglaydi.

Xullas, ey ojiz inson va ey faqir banda! Duo kabi rahmat xazinasining kaliti va tuganmas bir quvvatning manbai boʻlgan vositani qoʻldan chiqarma. Unga yopish, insoniyatning eng yuksak darajasiga koʻtaril. Bir sulton kabi butun koinotning duolarini oʻz duoing ichiga ol. Ularning nomidan bir umumiy ibodat qilayotgan vakil boʻlib اِيَّاكَ نَسْتَعِينُ deb ayt. Koinotning goʻzal bir namunasi, surati, shaklu shamoili boʻl!

— 319 —

Ikkinchi Boʻlim

Insonning soadat va badbaxtligiga sabab boʻlgan besh hikmatdan iboratdir

Inson - ahsani taqvimda ya'ni eng goʻzal shaklu shamoyilda yaratilgani va unga oʻta keng iste'dod berilgani uchun doʻzaxning eng tubidan jannatning eng yuksak darajasigacha chiqa oladi. Yerdan osmongacha, zarradan quyoshgacha tizilgan maqomlarga, martabalarga, darajalarga, chiqa oladigan va tubanliklarga tushib ketadigan imtihon maydoniga qoʻyilgan.

Uning oldida nihoyatsiz tubanlashish va eng yuksakkacha taraqqiy etadigan ikki yoʻl bor. U Allohning qudrat moʻ'jizasi va olamning yaratilish gʻoyasi va ajoyib san'at asari qilinib, bu dunyoga yuborilgan. Xullas, insonning shu hayratomuz taraqqiyoti va dahshatli inqirozining mohiyatini "Besh sir"da bayon qilamiz.

Birinchi hikmat: Inson koinotdagi barcha narsaga muhtoj va ular bilan aloqadordir. Ehtiyojlari olamning xar tarafiga tarqalgan, orzulari abadiylikkacha uzangan. Bir gulni istagani kabi ulkan bir bahorni ham xohlaydi. Bir bogʻni orzu qilgani kabi, abadiy Jannatni ham orzu etadi. Bir doʻstini koʻrishga mushtoq boʻlgani kabi, cheksiz goʻzallik sohibi boʻlgan Jamiyli Zuljalolni ham koʻrishga ishtiyoqmand. Boshqa joyda yashaydigan sevimli insonini koʻrgani borish uchun oʻsha uyning eshigini ochishga muhtoj boʻlgani kabi, qabr olamiga koʻchib ketgan yuzdan toʻqson toʻqqiz doʻstu yoronlarini ziyorat qilishga ham muhtoj. Hamda abadiy ayriliqdan qutulish uchun ulkan dunyoning eshigini bekitib, mahshargohning eshigini ochadigan, dunyoni buzib oʻrniga oxiratni qurib qoʻyadigan bir mutlaq qudrat egasining dargohiga iltijo qilishga ham muhtojdir.

Bu holatda insonga hamma narsaning tizgini qoʻlida, xar narsaning xazinasi yonida boʻlgan, xar narsani yaqinidan koʻrib turuvchi, hamma joyda hozir, makondan xoli, ojizlikdan pok, kamchilikdan toza, nuqsondan ozoda bir Qodiyri Zuljalol, bir Rahiymi Zuljamol, bir Hakiymi Zulkamolgina haqiqiy ma'bud boʻla oladi. Chunki, faqat nihoyatsiz qudrat va bepoyon ilm sohibigina insonlarning cheksiz hojatlarini ravo qila oladi. Shunday ekan, faqatgina U ma'budiyatga loyiqdir.

— 320 —

Demak, ey inson! Agar yolgʻiz Unga qul boʻlsang, mavqe'ing butun maxluqotning ustiga chiqadi. Agar U zotga qul boʻlishdan bosh tortsang, ojiz maxluqotga pastkash bir qul boʻlasan. Agar "menliging"ga va kuchingga ishonib, Allohga tavakkal va duo qilmay qoʻysang, kibrlanib iddao qilishni boshlasang, yaxshilik va ijod jihatida ari va chumolidan ham past, oʻrgimchak va chivindan ham zaif darajaga tushasan. Yomonlik va buzishda togʻdan ham ogʻir, vabodan ham zararli holga kelasan.

Ha, ey inson! Senda ikki jihat bor: Birinchisi ijod va qurish, biror narsani vujudga keltirish, yaxshilik qilish, ijobiy harakat qilish va intilish jihatlaridir. Ikkinchisi esa, buzish, yoʻq qilish, yomonlik qilish, inkor qilish, harakatsizlik jihatlaridir.

Agar birinchi jihatni nazarga olsang, unda sen ari va chumchuqdan past, chivin va oʻrgimchakdan ham zaifroqsan.

Ikkinchi jihatdan esa togʻu toshlardan va yeru osmonlardan oʻzasan. Negaki ular oʻzlarini olib qochgan va ojizliklarini izhor qilgan yukni koʻtarasan. Ulardan ham kengroq va kattaroq doiraga ega boʻlasan.

Chunki sen yaxshilik va biror narsani barpo qilayotganingda faqatgina imkoning doirasida, kuch va quvvating yetadigan darajada yaxshiliklarni barpo qila olasan. Agar yomonlik va buzish bilan shugʻullansang, yomonliging haddidan oshadi va xarob qilishing tarqaladi.

Masalan: Kufr bir yomonlikdir, buzishdir, tasdiqlamaslikdir. Shu birgina gunoh oʻz ichiga butun koinotni haqorat qilishni, Allohning barcha ismlarini kamsitishni va butun insoniyatni yerga urishni oladi. Negaki xar bir mavjudotning oliy martabasi, ahamiyatli vazifasi bor. Chunki ular olamlarni tarbiya qilib turgan zotning xabarlari, bitilgan maktublari va u Zotning pokligini koʻrsatgan oynalari va xizmatchi xodimlaridir. Kufr esa ularni bu vazifalardan, xizmatlardan va oliy martabalaridan tushirib, ma'nosizlik va tasodifan paydo boʻldi degan xurofotgacha tubanlashtirib, zavol topish va ayriliq zarbalari bilan tez buzilib ketadigan oʻtkinchi moddalarga va ahamiyatsizlik, qiymatsizlik, hechlik martabasiga tushiradi. Shu bilan birga butun koinotda va mavjudotda naqshlari va jilvalari va jamollari koʻringan Allohning ismlarini inkor qilib kamsitadi.

Allohning barcha muqaddas ismlarining jilvalarini goʻzal ravishda e'lon qilgan hikmatli she'riy qasidasi va boqiy daraxtning tuzilishini oʻz ichida jamlagan urugʻ kabi ilohiy qudratning yaqqol moʻ'jizasi, ulkan va buyuk omonat mas'uliyatini olgan vaqti - yer, osmon, togʻlardan ustun boʻlgan va farishtalarning darajasidan ham oʻtgan, yer yuzining xalifasi martabasiga chiqqan insonni eng past xayvondan ham pastga tushirib, yanada zaif, ojiz, faqir darajasiga tushiradi. Va ma'nosiz, aralash-quralash, tez buziladigan bir oddiy yozuv taxtasiga aylantirib qoʻyadi.

Xulosa: Insonni yomonlikka boshlaydigan nafsi ammora buzgʻunchilik va yomonlik qilishda chek chegarasi yoʻq jinoyat qila oladi, lekin ijod-qurishda va yaxshilik qilishda quvvati juda oz, kichikdir. Masalan, bir uyni bir kunda buza oladi, yuz kunda qurolmaydi. Agar "menligi"ni tashlab, yaxshilik va bunyod qilishda Allohdan yordam soʻrasa, yomonlik va buzgʻunchilikdan va nafsga boʻysunishdan voz kechsa, tavba qilib Unga toʻligʻicha qul boʻlsa,

﴿ يُبَدِّلُ اللّهُ سَيِّئَاتِهِمْ حَسَنَاتٍ ﴾

oyatining siriga sazovor boʻladi. Uning cheksiz yomonlik qobiliyatlari, cheksiz yaxshilik qobiliyatlariga aylanadi. Ahsani taqvim - eng goʻzal suratda yaratilgan darajasiga yetadi, a'loi illiyin - eng oliy darajaga chiqadi.

— 321 —

Xullas, ey gʻaflatda yurgan inson! Allohning fazl va karamiga qara! Insonning yaxshilik va yomonliklarini yozuvchi farishtalar bir gunohingni ming deb yozish, bir savobni bitta qilib yozish yoki umuman yozmaslik adolatdan boʻladi. Lekin ular bir gunohni bitta qilib yozadi, bir savobni oʻn, ba'zan yetmish, ba'zan yetti yuz, ba'zan yetti ming qilib yozadi. Bu sirga binoan, daxshatli Jahannamga kirish gunohlar uchun jazo ekanini, ayni adolat ekanini bil! Lekin jannatga kirish esa faqatgina Allohning fazlidandir.

Ikkinchi hikmat: Insonda ikki tomon bor: Biri "menlik" jihatidan dunyoviy hayotga tegishli. Ikkinchisi qullik jihatidan oxiratga qaraydi. Birinchi jihatdan bechora bir maxluq boʻlib, bir soch tolasichalik erk, ixtiyor degan boyligi bor. Iqtidori juda oz narsaga yetadigan, hayoti puflansa oʻchadigan sham misoli, umri chaqmoq singari tez oʻtadigan, jismi esa tez chirib ketadigan kichik bir borliqdir. Shu holida butun olamdagi xilma xil maxluqotlarning son sanoqsiz aʻzolari ichida nozik, zaif bir vakil hisoblanadi.

Ikkinchi jihatdan esa, ayniqsa ibodat qilishga sabab boʻlgan ojizligi va faqirligi jihatidagi tutgan oʻrni nihoyatda kattadir. Uning juda katta ahamiyati bor. Chunki hamma narsani hikmat bilan qiladigan Fotiri Hakiym insonning ma'naviy mohiyatida cheksiz ojizlik va hadsiz faqirlikni joylashtirgan. Nega deganda, qudrati va boyligi nihoyasiz boʻlgan Zotni hamisha koʻrsatib turadigan oyna boʻlishi uchun.

Ha, inson bir uruqqa oʻxshaydi. U uruqqa Allohning qudratidan muhim ma'naviy jihozlar berilib, uning hayoti qiymatli, taqdirdan oʻlchangan nozik dasturlar joylashtirilgan. Maqsad, tuproq ostida koʻkarib, tor olamdan, keng olamga chiqib, Yaratuvchi Xoliqidan iste'dod tili bir daraxt boʻlishni soʻrab, oʻziga munosib kamol topsin. Agar u urugʻ ma'naviy jihozlarni suiste'mol qilsa, ya'ni tuproq ostidagi zararli moddalar bilan oziqlansa, u yerda, qisqa muddatda chirib ketadi. Agar فَالِقُ الْحَبِّ وَالنَّوَى oyatining yaratilish qonunlariga boʻysunib, ma'naviy jihozlarini chiroyli tarzda ishlatsa, u yerdan chiqib, mevali daraxt boʻladi. Kichkina urugʻligi va ma'naviy ruhi buyuk bir daraxt degan katta haqiqatga aylanadi.

Aynan shuning kabi, insonning mohiyatiga kuchli ma'naviy jihozlar va oʻlchangan nozik dasturlar omonat qilib berilgan. Agar inson shu tor yer yuzida, dunyoviy hayot tuprogʻi ostida oʻsha ma'naviy jihozlarini nafsning havaslariga sarf etsa, aynigan urugʻ kabi bir kichik lazzat uchun qisqa bir umrda, tor bir yerda va siqilgan bir holda chirib buzilib, ma'naviy javobgarligini baxtiqaro ruhiga yuklab, bu dunyodan koʻchib ketadi.

— 322 —

Agar u iste'dod urugʻini Islomiyat suvi bilan, iymon nuri bilan, ibodat tuprogʻida tarbiyalab, Qur'onning buyruqlariga boʻysunib, ma'naviy jihozlarini haqiqiy maqsadlarga yoʻnaltirsa, albatta qabr va oxiratda oʻsib chiqib, Jannatda cheksiz ne'matlarga sabab boʻladi. Shu tariqa boqiy daraxtning qiymatdor bir urugʻi va bu koinot daraxtining muborak va munavvar bir mevasi boʻladi.

Haqiqiy taraqqiyot insonga berilgan qalb, sir, ruh, aql, hatto xayol va boshqa his-tuygʻularni abadiy hayotga yoʻnaltirishdir. Ularning har birini oʻz maxsus ibodati bilan mashgʻul qildirishdir. Zalolatda yurganlar dunyoviy hayotga shoʻngʻib, kayfu safoning hatto eng tubanini totishni taraqqiy deb hisoblashadi. Va bu yoʻlda inson butun hissiyotlari, qalb va aqlini nafsiga qul qilib bersa, u hisoblagan taraqqiy emas, tanazzul boʻladi.

Bu haqiqatni bir tushda koʻrdim:

Men katta bir shaharga kiribman. Qarasam, u shaharda katta saroylar bor ekan. Ba'zi saroylarning eshigiga boqdim, gʻoyat shodiyona, qiziq teatr kabi diqqat e'tiborni jalb qilyapti. Odamni oʻziga tortadigan jozibadorligi bor edi. E'tibor bersam, saroyning xoʻjayini ostonaga kelib, it bilan oʻynyapti. Ayollar begonalar bilan shirin suhbatlar quryapti. Kap katta qizlar yosh bolalarni oʻynini uyushtiryapti. Darvozabon esa ularga qoʻmondonlik qilayotgandak holatda. Shunda men, ulkan saroyning ichkarisi boʻm-boʻsh, kerakli vazifalar bajarilmay qolganini, axloqlari tubanlashgani bois ostonada bu suratni olishganini tushundim.

U yerdan ketib, yana bir katta saroyga duch keldim. Eshik tagida yotgan vafodor it, ogʻir bosiq bir darvozabon va osoyishtalik hukmronligini koʻrdim. Qiziqishim uygʻondi. Nima uchun narigi unday, bu bunday, dedim. Ichkariga kirdim. Qarasam, ichkarida shodiyona. Uyning xar bir qavatida saroydagilar oʻzlarining turli tuman muhim vazifalari bilan mashgʻul.

Birinchi qavatdagi odamlar saroyni boshqarayapti. Ust qavatdagi xonada qizlar, bolalar dars olishmoqda. Keyingi qavatda ayollar nozik kashtalarga, goʻzal naqshlar solish bilan mashgʻul. Eng yuqorida xoʻjayin xalqning osoyishtaligini ta'minlash uchun podshoh bilan gaplashyapti, oʻzini kamoloti va taraqqiyoti uchun zarur ishlar bilan band ekanini koʻrdim. Men ularga koʻrinmaganim uchun "Mumkin emas" demadilar, bemalol yura oldim. Soʻngra chiqib qaradim. Shaharning har tarafida shu kabi ikki turdagi saroylar bor edi. Soʻrasam, "Tashi shodiyona, ichkarisi boʻsh saroylar kofirlarning kattalari va zalolat ahllariga qarashli. Boshqalari esa nomusli musulmon olimlariniki", deyishdi. Soʻng bir chetda bir saroyga duch keldim. Ustida "Said" ismini koʻrdim. Qiziqib, qattiqroq diqqat qildim. Ustida suratimni koʻrayotgandek boʻldim. Kamoli taajjubdan baqirib, aqlim joyiga keldi, uygʻondim.

— 323 —

Endi senga bu tushimning ta'birini aytaman. Alloh xayrli qilsin.

Shahar - ijtimoiy hayot va insoniyatning madaniyat shahridir. Saroylarning xar biri bir insondir. Saroy ahli esa insondagi koʻz, quloq, qalb, sir, ruh, aql kabi tuygʻular, nafsu havo, xohish va jahl kabi xissiyotlardir. Hamma insonda xar bir hissiyotning oʻziga xos ibodatlari bor. Xilma hil lazzatlari, azoblari bor. Nafs va havo, xohish va jahl bir darvozabon va it hisoblanadi. Hissiyotlarni nafs va havoga boʻyinsundirib, asl vazifalarini unuttirish, albatta tanazzul hisoblanadi, taraqqiy emas. Boshqa jihatlarni sen ta'bir qil.

Uchinchi xikmat: Inson harakat va amallar nuqtai nazaridan zaif bir hayvon, ojiz maxluqdir. Uning tasarrufi qoʻlini uzatsa yetadigan darajadadir. Hatto insonga boʻysundirilgan uy hayvonlari ham insonning zaifligi va ojizligi va tanballigidan oz bir hissa olgan. Yovvoyi turdoshlariga qiyos qilinsa, katta farq koʻrinadi (echki va yovvoyi echki, hoʻkiz bilan yovvoyi hoʻkiz kabi). Lekin inson harakati, duosi va soʻragan narsalaring berilishi jihatidan dunyo mehmonxonasida aziz bir yoʻlchidir. Va shunday bir nihoyatsiz rahmat xazinalarini unga ochgan karamli, saxiy Zotning mehmonidir. U zot insonga oʻzining koʻplab ajoyib maxluqlarini va xodimlarini boʻysundirib qoʻygan. Va u mehmonning koʻrib, aylanib, foydalanishi uchun katta bir doira ochgan. U doiraning kengligi - koʻz koʻrgan va xayol yetgan yerga qadar keng va uzun.

Agar inson "menligi"ga tayanib dunyoviy hayotni asosiy maqsad qilib tirikchilik dardida va vaqtinchalik ba'zi lazzatlar uchun ishlasa, gʻoyat tor doira ichida qolib ketadi. Unga berilgan barcha moddiy-ma'naviy jihozlar va asboblar va tuygʻular undan shikoyat qilib, maxshargohga uning ziyoniga guvohlik beradi. Va da'vogar boʻlishadi. Agar inson oʻzini mehmon deb bilib, uni mehmon qilgan Zoti Kariymning izni doirasida umrini oʻtkazsa, abadiy hayotni qozonishga harakat qiladi, dam olishga chiqib, istirohat etadi. Natijada eng yuksak daraja boʻlgan a'loyi illiyinga etadi. Hamda insonga berilgan butun jihozlar va asboblar undan mamnun boʻlib, oxiratda uning foydasiga guvohlik beradi.

— 324 —

Insonning barcha ajib jihozlari faqat bu dunyo uchun berilmagan, balki juda ahamiyatli boqiy hayot uchun berilgan. Chunki insonni hayvonga solishtirsak, u ma'naviy qurollar borasida juda boydir. Hayvondan ming marta ortiq. Lazzatlanish va hayot kechirishida yuz daraja pastda. Chunki olgan xar lazzatida bir azob izi bor. Oʻtmishdan qolgan alamlar va kelajakdan kelgan qoʻrquvlar uni qiynaydi. Olayotgan lazzatning tugab qolish alami uning zavqlarini toʻxtatadi. Lekin hayvon unday emas. Alamsiz lazzat, gʻam-gʻussasiz zavq oladi. Na oʻtgan zamonning alamlari uni xafa qiladi na kelajak qoʻrquvlari uni qoʻrqitadi. Rohatda yashaydi, yotadi, Xoliqiga shukr qiladi.

Demak, ahsani taqvim suratida yaratilgan, sarmoya jihatidan yuz daraja hayvondan yuksak boʻlgani inson, dunyoviy hayotga butun fikri bilan shoʻngʻisa, chumchuqdan ham yuz marta pastga tushadi. Boshqa joyda bir misol bilan bu haqiqatni bayon etgan edim. Munosabat keldi, yana oʻsha misolni takrolayman.

Bir odam bir xizmatkoriga oʻn oltin berib, "Maxsus bir gazlamadan bir dona koʻylak tiktir", deydi. Ikkinchisiga ming oltin berib, ba'zi narsalar yozilgan bir maktubni uning choʻntagiga solib, bir bozorga yuboradi. Avvalgi xizmatkor oʻn oltin bilan oliy gazlamadan mukammal bir koʻylak oladi. Ikkinchi xizmatkor devonalik qilib, avvalgi xizmatkorga qarab, choʻntagiga solib qoʻyilgan hisob maktubini oʻqimasdan bir doʻkonchiga ming oltin berib, bir dona koʻylak berishini soʻraydi, insofsiz doʻkonchi ham chirigan gazlamadan bir dona koʻylak beradi. Bu badbaxt xizmatkor xoʻjayinining huzuriga keladi. Va qattiq bir jazo koʻrib, dahshatli azob chekdi. Xullas, aqli bor odam biladiki, ikkinchi xizmatkorga ming oltin bir dona koʻylak olish uchun emas, balki muhim bir tijorat uchun berilgan.

Aynan shuning kabi, insondagi ma'naviy jihozlar va insoniy tuygʻularning har biri hayvonnikidan yuz marta koʻp. Masalan, insonning goʻzallikni koʻradigan koʻzi, taomlarning ta'mlarini ajratadigan ta'm bilish hissi va haqiqatni ajratadigan aqli, komillikka intilib etadigan qalbi va boshqa jihozlari qayoqdayu, hayvonning juda oddiy qobiliyati qayoqda?! Hayvon bir yoqlama (maxsus ravishda u hayvonda xususiy bir jihoz) rivojlangan boʻladi. Biroq u rivojlanish uning oʻzigagina tegishli boʻladi.

— 325 —

Insonning jihozlar jihatidan boyligining siri, aql va fikrini ishlatib hislar, tuygʻularni rivojlantirgan, kengaytirgan. Va ehtiyojlarining koʻpligi tufayli unda turli-tuman hissiyot paydo boʻlgan. Hissiyotlari rang-baranglashgan. Tabiatiga barcha hislar oʻrnatilgani sababidan juda koʻp maqsadlar, orzularga manbadir. Uning fitriy vazifalari juda koʻp boʻlgani uchun hissiyotlari haddan ziyod kengaygan. Va barcha turdagi ibodatlarni qila oladigan tabiatda yaratilgan. Va unga komillik urugʻlarini ichida jamlagan iste'dod berilgan. Demak, buncha boy jihozlar va koʻp sarmoyalar, albatta shu vaqtinchalik dunyoviy hayot uchun berilmagan. Insonning asl vazifasi:

oxiratni qozonish uchun sa'y harakat qilish,

Allohga ojizlik va faqirlik va kamchiliklarini ibodat bilan e'lon qilish,

mavjudotning tasbehotini yuqoridan mulohaza qilib tasdiqlash,

ne'matlar ichida Rahmoniy madadni koʻrib shukr qilish,

har bir yaratilgan narsadagi Rabboniy qudrat moʻ'jizalarini ibrat nazari ila tafakkur qilishdan iborat.

Ey dunyoparast, dunyoviy hayotga oshiq va ahsani taqvim siridan gʻaflatda qolgan inson! Bu dunyoning mohiyati nimadan iboratligini koʻrib, meni boshqa insonga aylantirgan shu misoliy voqeani tingla:

Koʻrdimki, men bir yoʻlovchiman. Uzoq bir yoʻlga ketyapman. Ya'ni yuborilyapman. Xoʻjayinim men uchun ajratgan oltmish oltindan, boʻlib-boʻlib pul bergan edi. Men u puldan sarflab, kayfu safo qiladigan bir karvonsaroyga keldim. U karvonsaroyda bir kechada oʻn oltinni qimor-simorga, kayfu safoga va shuhratparastlik uchun sarfladim. Ertalab qoʻlimda hech qanday pul qolmadi. Bir tijorat qilolmadim. Boradigan joyimga kerakli narsalarni ham ololmadim. U puldan menga faqat alamlar, gunohlar va kayfu safolardan kelgan yara-chaqalar, gʻam-gʻussalar qolgan edi. Birdan bu mahzun holimda bir odam paydo boʻldi. Menga: "Butun sarmoyangni zoye ketkazding, jazoga loyiq boʻlding. Boradigan joyingga ham kasod boʻlib, qoʻling boʻsh ketasan. Aqling boʻlsa, tavba eshigi ochiq. Bundan keyin qolgan oʻn besh oltindan xar safar qoʻlingga berilganda yarmini ehtiyot qilib asrab qoʻy. Faqat, boradigan joyingda kerak boʻladigan ba'zi narsalarni ol", dedi. Qarasam, nafsim rozi boʻlmayapti. "Uchdan birini" dedi. Unga ham nafsim itoat etmadi. Soʻngra toʻrtdan birini dedi. Qarasam, nafsim mubtalo boʻlgan odatini tark etmayapti. U odam jahl bilan yuzini oʻgirib ketdi.

— 326 —

Birdan holat oʻzgardi. Qarasam, men tunel ichidan pastga qulab tushayotgandek tezlik bilan ketayotgan bir poezd ichidaman. Shoshib qoldim. Ammo, nachoraki, umuman qochishning iloji yoʻq edi. Gʻaroyib tarzda u poyezdning ikki tarafida juda jozibador chechaklar, shirin mevalar koʻrinib turardi. Men tajribasi oz, aqlsizlar kabi ularga qoʻlimni uzatdim. U gullarni uzishga va mevalarni olish uchun harakat qildim. Ular tikanli boʻlgani uchun qoʻl uzatganda qoʻlimga kirib, qonatar edi. Poyezd yurgan sari ortda qolarkan, qoʻlimni tilib qonatib, menga juda qimmatga tushayotgan edi. Birdan poyezdning bir xizmatchisi kelib: "Besh tiyin ber, senga u chechak va mevalardan istaganingcha olib beraman. Aks holda, qoʻlingning tilinishi oqibatida yuz tiyin zarar koʻrasan. Ham jazosi bor, ruxsatsiz uzolmaysan", dedi.

Siqilib, qachon tunel bitarkan deb boshimni chiqarib oldinga qaradim. Qarasam, tunel eshigi oʻrnida juda koʻp tuynuklar koʻrinmoqda. U uzun poyezddan u tuynuklarga odamlar otilmoqda. Roʻparamda bir tuynuk koʻrdim. Ikki tarafida ikki mozor toshi qoʻyilgan. Diqqat e'tibor bilan qaradim. U mozor toshida katta harflar bilan "Said" ismi yozilganini koʻrdim. Taassuf va hayratimdan "Ey voh" deb yubordim. Birdan u karvonsaroy eshigida menga nasihat qilgan zotning ovozini eshitdim. U "Es hushingni yigʻdingmi?", dedi. Men:" Ha, yigʻdim, faqat quvvat qolmadi, chora yoʻq", dedim. U "Tavba qil, tavakkal et", dedi. "Qildim!", dedim.

Oʻzimga keldim... Eski Said oʻrniga Yangi Saidga oʻzgarganimni koʻrdim.

U xayoliy voqeani Alloh xayrli qilsin. Bir-ikki qismini men ta'bir qilaman, boshqa jihatlarni sen oʻzing ta'bir et.

Safar - ruhlar olamidan, rahmi modardan, yoshlikdan, keksalikdan, qabrdan, barzohdan, hashr maydonidan, sirot koʻprigidan oʻtgan abadiylikka qarab ketgan bir safardir. Oltmish oltin esa oltmish yillik umr boʻlib, bu voqeani koʻrgan vaqtimda oʻzimni qirq besh yoshda taxmin qilgan edim. Hujjatim yoʻq, faqat qolgan oʻn beshidan yarmini oxiratga sarf qilish uchun Qur'oni Hakimning xolis bir talabasi meni irshod etdi. Karvonsaroy esa men uchun Istanbul emish.

— 327 —

Poyezd esa vaqtdir. Xar bir yil bir vagondir. Tunel esa dunyoviy hayotdir. Tikanli gullar va mevalar esa halol boʻlmagan lazzatlardir va harom qilingan nafsoniy oʻyin-kulgilar boʻlib, ularni totganda tugashini oʻylab alam chekish qalbni qonatadi. Ayrilganda pora pora qiladi. Ham jazo chektiradi. Poyezd xizmatchisi: "Besh tiyin ber, ulardan istaganingcha beraman", degan edi. Uning ta'biri shuki: Insonning halol mehnati bilan shar'iy doirada olgan zavqlar, lazzatlari rohatlanish uchun kifoyadir. Haromga kirishga ehtiyoj qoldirmaydi. Boshqa jihatlarni oʻzing ta'bir qil.

Toʻrtinchi hikmat: Inson shu koinot ichida juda nozik va bir erka bolaga oʻxshaydi. Zaifligida buyuk bir quvvat va ojizligida buyuk bir kuch bor. Chunki zaiflikning quvvati va ojizlikning qudrati bilan shu mavjudot unga boʻysungan. Agar inson oʻzining zaifligini anglab soʻz bilan, hol bilan, harakat bilan duo qilsa va ojizligini bilib, madad tilasa, boshqalarning unga tobe' qilinganini shukrini ado qilish bilan birga, orzusiga yetadi va maqsadlari unga tobe' boʻladiki, oʻz iqtidori bilan uning yuzdan biriga ham muvaffaq boʻlolmaydi. Faqat ba'zan hol tili duosi bilan hosil boʻlgan bir istagini yanglish holda oʻz iqtidoridan deb biladi. Masalan: Tovuq bolasining zaifligidagi quvvat, tovuqni arslonga tashlattiradi. Yangi tugʻilgan arslon bolasi vahshiy va och arslonni oʻziga boʻysundirib, uni och qoldirib, oʻzi toʻq boʻladi. Mana diqqat qilish kerak boʻlgan, zaiflikdagi bir quvvat va tomosha qilishga munosib bir rahmat jilvasi.

Erka bola yigʻlashi orqali yo soʻrab, yo mahzun holi bilan istaklariga shunday yetadi va kuchlilar unga tobe' boʻladiki, u istaklarini mingdan biriga ming marta kuchli boʻlgan taqdirda ham yetisha olmaydi. Demak, zaiflik va ojizlik oʻzlariga nisbatan shafqat va himoyalashni harakatga keltirgani uchun kichik barmogʻi bilan qahramonlarni oʻziga boʻysundiradi. Endi, shunday bir bola, oʻsha shafqatni inkor etib va u himoyani ayblab, ahmoqona bir gʻurur bilan: "Men bularni oʻz kuchim bilan boʻyinsundiryapman", desa, albatta, bir tarsaki yeydi.

Inson ham Xoliqining rahmatini inkor qiladigan va hikmatini ayblaydigan tarzda ne'matlariga noshukrlik qilib Qorun kabi اِنَّمَا اُوتِيتُهُ عَلَى عِلْمٍ ya'ni: "Men oʻz ilmim bilan, oʻz iqtidorim bilan erishdim", deb aytsa, albatta oʻzini azobga loyiq qiladi.

Demak, ushbu koʻrinib turgan insoniyat sultonligi va bashariyat taraqqiyoti va madaniyat kamoloti chaqirish bilan, gʻalaba bilan, kurash bilan emas, balki uning zaifligi uchun itoat ettirilgan, ojizligi uchun koʻmak qilingan, faqirligi uchun ehson etilgan, ilmsizligi uchun ilhom qilingan, ehtiyoji uchun ikrom etilgan. Sultonlikning sababi quvvat va ilmiy iqtidor emas, balki Rabboniy shafqat va marhamat, Ilohiy rahmat va hikmat boʻlib, narsalar unga itoat ettirilgan. Koʻzi yoʻq chayon va oyoqsiz bir ilon kabi hasharotga magʻlub boʻlgan insonga kichik bir qurtdan ipakni kiydirgan va zaxarli ari orqali asal yedirgan narsa uning iqtidori emas, balki zaifligining samarasi boʻlgan Rabboniy boʻysundiruv va Rahmoniy ikromdir.

— 328 —

Ey inson! Modomiki bu haqiqat ekan, gʻururni va xudbinlikni tashla. Allohning dargohida ojizliging va zaifligingni madad tili bilan, faqirliging va hojatingni tazarruʻ va duo tili bilan e'lon qil va banda ekaningni koʻrsat. Va حَسْبُنَا اللّهُ وَنِعْمَ الْوَكِيلُ deb yuksal.

"Men hech kimman, bu koinot bir Hakiymi Mutlaq tarafidan men uchun qasddan boʻysundirilishi uchun, mendan umumiy shukr talab qilish uchun qanday ahamiyatim bor?" dema.

Chunki sen, garchi nafsing va surating e'tibori bilan hech kim emassan. Lekin vazifa va martaba nuqtasida sen bu hashamatli koinotning diqqatli bir tomoshabini, shu hikmatli mavjudotning ma'noli gapiruvchi tili va bu olam kitobining idrokli oʻquvchisi va tasbeh qilayotgan maxluqotning hayratli nazoratchisi va ibodat qilgan bu sanʻat asarlarining hurmatli bir ustaboshisi hisoblanasan.

Ha, ey inson! Sen oʻsimlikka oʻxshash jisming va hayvoniy nafsing e'tibori bilan kichik bir boʻlak, past bir parcha, faqir bir maxluq, zaif bir hayvonsanki, butun dahshatli oʻtkinchi mavjudotning toʻlqinlari ichida chayqalib ketyapsan. Faqat Allohning muhabbatining ziyosini ichiga olgan iymonning nuri bilan nurli Islom tarbiyasi bilan kamolga yetib insoniyat jihatida qulliging ichida bir sultonsan va alohidaliging ichida bir kattasan, kichikliging ichida bir olamsan va pastliging ichida maqoming shunday buyuk va nazorating doirasi keng nazoratchisanki, "Mening Rabbi Rahiymim dunyoni menga bir uy qildi. Oy va quyoshni uyimga chiroq va bahorni bir dasta gul va yozni bir ne'mat dasturxoni va hayvonotni menga xizmatkor qildi. Va nabototni u xonamning ziynatli lavozimoti qilgan!" deya olasan.

Xullas kalom: Agar sen nafs va shaytonni tinglasang, eng tuban daraja - asfali sofiliynga tushasan. Agar Allohni va Qur'onni tinglasang, eng oliy martaba a'loyi illiyyinga chiqib, Koinotning goʻzal bir namunasi, surati, shaklu shamoili boʻlasan.

— 329 —

Beshinchi hikmat: Inson, bu dunyoga bir xodim va mehmon qilib yuborilib, unga juda muhim iste'dod berilgan. Iste'dodlarga koʻra muhim vazifalar berilgan. Insonni u maqsadga va u vazifalarni bajarishi uchun juda qiziqtirgan va qattiq qoʻrqitilgan. Boshqa joyda aytganimizdek insonning vazifasi va qiladigan ibodatining asoslarini xulosalaymiz. Toki «ahsani taqvim» siri anglashilsin.

Xullas, inson bu dunyoga kelgandan keyin ikki turdagi ibodati bor: Biri - yashirin turdagi ibodati, tafakkuri. Ikkinchi turi - ibodatga bel bogʻlab, yolvorish bilan, munojot qilishi.

Birinchi jihat shuki: Olam mamlakatida koʻringan, Allohning mukammal tarbiyasiga boʻysunib, tasdiqlab, qabul qilib va komilligiga va goʻzalligiga lol qolib, kuzatishdir.

Soʻng, Allohning Ilohiy muqaddas ismlarining naqshlaridan chizilgan san'atlarni bir-birining ibrat nazarlariga koʻrsatib dallollik va e'lon qilishdir.

Soʻng, xar biri bittadan yashirin ma'naviy xazina boʻlgan Rabboniy ismlarning javharlarini aql tarozusi bilan tortib, qalb bilan taqdirlab qiymat berishdir.

Soʻng qudrat qalamining maktublari boʻlgan mavjudot sahifalarini, Yer va Osmon varaqlarini mutolaa qilib hayratlanib tafakkur qilishdir.

Soʻng, mavjudotdagi bezak va nozik san'atlarni yoqtirib tomosha qilib, ularning cheksiz goʻzal Ustasining ilmini yaxshi koʻrib, ularning U zotning huzuriga chiqishga va iltifotiga erishishga urinishdir.

Ikkinchi jihat, ibodatga bel bogʻlab, yolvorish bilan, munojot qilish boʻlib, san'atdan San'atkorga oʻtib, bir buyuk Usta oʻz moʻ'jiviy san'atlari bilan oʻzini tanittirish va bildirishni xohlayotganini koʻradi. U javoban iymon bilan, ma'rifat bilan javob beradi.

Soʻng: Bir Rabbi Rahiymning rahmatining goʻzal mevalari bilan oʻzini sevdirshni xohlayotganini koʻradi, sezadi, biladi. U javoban faqatgina Uni sevish bilan, yolgʻiz unga qullik qilish bilan oʻzini Unga sevdiradi.

Soʻng: Bir Karamli zot moddiy va ma'naviy shirin ne'matlari bilan uni parvarish qilayotganini koʻradi. U javoban harakati, holati, soʻzi bilan, hatto qoʻlidan kelsa butun vujudi bilan, a'zolari bilan shukr va hamdu sano etadi.

— 330 —

Soʻng: Shu mavjudotning oynalarida buyuklik va mukammaligini va jalol va jamolini koʻrsatib diqqat e'tiborni oʻziga tortayotgan Jamili Jalilni koʻradi. U javoban «Allohu Akbar, Subhanalloh», deb, xokisorlik va muhabbat bilan sajda qiladi.

Soʻng: Cheksiz bir saxovat ichida nihoyatsiz boyligini, xazinalarini koʻrsatayotgan Gʻaniyi Mutlaqni koʻrdi. U javoban ta'zim va hamdu sano aytib, oʻzining faqirligi bilan soʻraydi, istaydi.

Soʻng: Yer yuzini bir koʻrgazma qilgan, butun antiqa san'atlarini u yerda namoyish qilayotgan Fotiri Zuljalolni koʻrdi. U javoban lol qolib «Mashaalloh» deydi, tan berib «Barakalloh» deydi, hayratlanib «Subhanalloh» deydi, ulugʻlab «Allohu Akbar» deydi.

Soʻng: Koʻradiki Yakkayu yagona zot shu koinot saroyida taqlid qilinmas muhrlari bilan, Oʻziga maxsus tamgʻalari bilan, unga oid nishonlari bilan, xos farmonlari bilan butun mavjudotga Oʻzinig birligini bildirgan Vahdat tamgʻasini qoʻymoqda va tavhidning oyatini naqsh etmoqda va olam ufqlarining har tarafida Birligining bayrogʻini tikmoqda va tarbiyachi Zotligini e'lon etmoqda. Buni koʻrgan inson unga qarata tasdiq bilan, iymon bilan, tavhid bilan, zakovat bilan, shahodat bilan, ibodat bilan javob beryapti.

Inson bu turdagi ibodat va tafakkurlar bilan haqiqiy inson boʻladi. Ahsoni taqvimda ekanini koʻrsatadi. Iymonning quvvati va barakoti bilan omonatga loyiq, Yer yuzidagi barcha mavjudotning omonatga loyiq sultoni boʻladi.

Ey ahsani taqvimda yaratilgan va erku ixtiyorini suiste'mol qilib asfali sofiliynga yoʻl olgan gʻofil inson! Meni tingla. Men ham sen kabi yoshlik sarxushligi bilan gʻaflat ichida dunyoni yaxshi va goʻzal koʻrib, yoshlik mastligidan keksalik tongida uygʻongan vaqtim, moddiy dunyoning yuzini naqadar xunuk ekanini koʻrganimni va oxiratga qaragan haqiqiy yuzi naqadar goʻzal ekanini Oʻn Yettinchi Soʻzning Ikkinchi Maqomidagi ikki haqiqat lavhalarida yozganman, oʻshanga qara, sen ham koʻr.

— 331 —
﴿ سُبْحَانَكَ لَا عِلْمَ لَنَا اِلَّا مَا عَلَّمْتَنَا اِنَّكَ اَنْتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ ﴾
﴿ رَبِّ اشْرَحْ لِى صَدْرِى وَيَسِّرْ لِى اَمْرِى وَاحْلُلْ عُقْدَةً مِنْ لِسَانِى يَفْقَهُوا قَوْلِى ﴾
اَللّهُمَّ صَلِّ وَ سَلِّمْ عَلَى الذَّاتِ الْمُحَمَّدِيَّةِ اللَّطِيفَةِ الْاَحَدِيَّةِ شَمْسِ سَمَاءِ الْاَسْرَارِ وَ مَظْهَرِ الْاَنْوَارِ وَ مَرْكَزِ مَدَارِ الْجَلَالِ وَ قُطْبِ فَلَكِ الْجَمَالِ اَللّهُمَّ بِسِرِّهِ لَدَيْكَ وَ بِسَيْرِهِ اِلَيْكَ آمِنْ خَوْفِى وَ اَقِلْ عُثْرَتِى وَ اَذْهِبْ حُزْنِى وَ حِرْصِى وَ كُنْ لِى وَ خُذْنِى اِلَيْكَ مِنِّى وَ ارْزُقْنِى الْفَنَاءَ عَنِّى وَ لَا تَجْعَلْنِى مَفْتُونًا بِنَفْسِى مَحْجُوبًا بِحِسِّى وَاكْشِفْ لِى عَنْ كُلِّ سِرٍّ مَكْتُومٍ يَا حَىُّ يَا قَيُّومُ يَا حَىُّ يَا قَيُّومُ يَا حَىُّ يَا قَيُّومُ وَ ارْحَمْنِى وَارْحَمْ رُفَقَائِى وَ ارْحَمْ اَهْلِ الْاِيمَانِ وَ الْقُرْآنِ آمِينَ يَا اَرْحَمَ الرَّاحِمِينَ وَ يَا اَكْرَمَ الْاَكْرَمِينَ
﴿ وَ آخِرُ دَعْوَيهُمْ اَنِ الْحَمْدُ لِلّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ ﴾