So'zlar
— 18 —

UCHINCHI SOʻZ

﴿ بِسْمِ اللّٰهِ الرَّحْمٰنِ الرَّح۪يمِ ﴾
﴿ يَٓا اَيُّهَا النَّاسُ اعْبُدُوا ﴾

Ibodat naqadar buyuk bir tijorat va saodat, fisq va kayf-safo naqadar buyuk bir zarar va halokat ekanini tushunishni istasang, shu misoliy hikoyachaga boq, tingla...

Bir kuni ikki askar uzoq bir shaharga borish uchun amr oladi. Yoʻllari ikkiga ayrilgunga qadar birga ketdi. Yoʻllar ayrilgan joyda bir odamni koʻrishdi, ularga: "Oʻng tomondagi yoʻlning umuman zarari yoʻqligi bilan birga, unda ketgan yoʻlovchilardan oʻndan toʻqqizi ulkan foyda va farogʻat topadi. Chap tomondagi yoʻlning esa, foydasi yoʻqligi bilan birga, oʻn yoʻlovchidan toʻqqiztasi zarar koʻradi. Yoʻllarning ikkalasi ham qisqa va uzunlikda bir hildir. Lekin bitta farqi bor, intizomsiz va boshqaruvsiz chap tomondagi yoʻlning yoʻlovchisi safar xaltasisiz, qurolsiz ketadi. Yuzaki yengillik, yolgʻonchi farogʻatda boʻladi.

Askariy intizom ostidagi oʻng yoʻlning yoʻlovchisi esa, toʻyimli xulosalar bilan toʻldirilgan toʻrt oʻqqalik safar xaltasi va xar qanday dushmanni yengadigan va magʻlub qiladigan ikki qiyyalik mukammal bir davlat qurolini tashishga majbur...", deydi.

Ikki askar ta'riflagan odamning soʻzini tinglagandan soʻng, baxtiyor askar oʻng tomondagi yoʻlni tanlaydi. Bir botmon ogʻirlikni yelkasi va beliga oladi. Ammo qalbi va ruhi minglab botmon minnatlardan va qoʻrquvlardan qutuladi. Ikkinchi badbaxt askar esa, askarlikni tashlaydi. Nizomga tobe boʻlishni istamaydi, chap tomonga ketadi. Jismi bir botmon ogʻirlikdan qutuladi, ammo qalbi minglab botmon minnatlar ostida va ruhi chekciz qoʻrquvlar ostida eziladi. Ham hammaga tilanchi, ham barcha narsadan, xar bir hodisadan titraydigan ahvolda ketadi. Nihoyat moʻljallangan joyga yetadi. U yerda osiy va qochoq jazosini koʻradi.

Askarlik nizomini sevgan, safar xaltasi va qurolini muhofaza qilgan va oʻng tomondan ketgan askar esa, hech kimni minnatiga qolmasdan, hech kimdan qoʻrqmasdan, qalb va vijdon xotirjamligi bilan yuradi. Nihoyat oʻsha kerakli shaharga yetadi. U yerda vazifasini goʻzal ado qilgan nomusli askarga munosib mukofot oladi.

Mana ey sarkash nafs! Bilginki, ikki yoʻlovchining biri Allohning qonuniga itoatkor, ikkinchici esa osiy va hoyu-havasga tobe insonlardir. U yoʻl - hayot yoʻli boʻlib, ruhlar olamidan kelib, qabrdan oʻtadi, oxirat tomon ketadi. Safar xaltasi va qurol esa - ibodat va taqvodir. Ibodatning garchi yuzaki bir ogʻirligi boʻlsada, ma'nosida shunday bir farogʻat va yengillik borki, ta'riflab boʻlmaydi.

— 19 —

Chunki obid namozida: اَشْهَدُ اَنْ لَا اِلٰهَ اِلَّا اللّٰهُ deydi, ya'ni: "Undan boshqa Xoliq va Razzoq yoʻq. Zarar va manfaat uning qoʻlidadir. U ham Hakimdir - foydasiz ish qilmaydi, ham Rahimdir - ehsoni, marhamati koʻpdir", deb e'tiqod qilgani uchun, hamma narsada bir rahmat xazinasi eshigini topadi. Duo bilan qoqadi. Ham hamma narsani oʻz Rabbining amriga boʻysundirilgan holda koʻradi, Rabbiga iltijo qiladi. Tavakkal bilan tayanib, xar qanday musibatdan himoyalanadi. Iymoni unga toʻliq ishonch beradi. Ha, xar qanday haqiqiy yaxshilik kabi, jasoratning ham manbai iymondir, qullikdir. xar bir yomonlik kabi, qoʻrqoqlikning ham manbai zalolatdir.

Ha, qalbi toʻliq nurlangan bir obidni, yer kurrasi bomba boʻlib portlasa, ehtimol, uni qoʻrqitmaydi. Balki, hayratlanarli qudrati Samadoniyani lazzatli hayrat bilan tomosha qiladi. Lekin mashhur bir aqlli deyilgan qalbsiz fosiq faylasuf esa, osmonda bir dumli yulduzni koʻrsa, yerda titraydi. "Ajabo, bu daydi yulduz sayyoramizga urilsa bormi?" deydi. Vahimaga tushadi. (Bir davrda shunday bir yulduzdan Amerika titradi. Koʻpchilik kechasi uylarini tashlab chiqishdi.)

Ha, inson sanoqciz narsalarga muhtojdir, sarmoyasi esa yoʻq... Ham nihoyatsiz musibatlarga duchor, iqtidori yoʻq hukmida bir narsadir... Sarmoya va iqtidorining doirasi, qoʻli qayerga yetsa, oʻshancha. Ammo umidlari, orzulari, azoblari va balolari esa, doirasi, koʻzi, xayoli yetib borgan joygacha kengdir. Bu daraja ojiz, zaif, faqir va muhtoj boʻlgan inson ruhiga ibodat, tavakkal, tavhid, taslim qanchalik ulkan foyda, saodat, ne'mat ekanini batamom koʻr boʻlmagan odam koʻradi, idrok etadi. Ma'lumki, zararsiz yoʻl zararli yoʻldan, hatto oʻn ehtimoldan bir ehtimol bilan boʻlsa ham, ustun qoʻyiladi. Xolbuki, masalamiz boʻlgan qullik yoʻli, zararsiz boʻlish bilan birga, oʻndan toʻqqiz ehtimol bilan abadiy bir saodat xazinasi bordir. Fisq va kayf-safo yoʻli esa, hatto fosiqning e'tirofi bilan ham, manfaatsiz boʻlishi bilan birga, oʻndan toʻqqiz ehtimol bilan, abadiy azob-uqubat halokatga cabab boʻlishi, ijmoʻ va tavotur darajasida son sanoqciz mutahassislar va tajriba qilganlarning guvohligi bilan aniqlangan. Va ahli zavq va kashfning xabarlari bilan muhaqqaqdir.

Xullas kalom: Oxirat kabi, dunyo saodati ham - ibodatda va Allohga askar boʻlishdadir. Shunday ekan, biz doimo اَلْحَمْدُ لِلّٰهِ عَلَى الطَّاعَةِ وَالتَّوْف۪يقِ deyishimiz kerak. Va musulmon boʻlganimizga shukr qilishimiz kerak.