So'zlar
— 20 —

TOʻRTINCHI SOʻZ

﴿ بِسْمِ اللّٰهِ الرَّحْمٰنِ الرَّح۪يمِ ﴾
اَلصَّلَاةُ عِمَادُ الدّ۪ينِ

Namoz qanchalik qiymatli va muhim, ham qanchalik arzon va oz xarajat bilan qozoniladi, ham namozsiz odam qanchalik telba va zararli ekanini ikki karra ikki toʻrt darajasida qat'iy anglashni istasang, shu misoliy hikoyachaga qara, koʻr:

Bir kuni bir buyuk hokim ikki xizmatkorini, xar biriga yigirma toʻrt oltindan berib, ikki oylik masofa uzoqligidagi xos va goʻzal bir xoʻjaligiga istiqomat qilish uchun yuboradi. Ularga: "Bu pulni yoʻl va chipta xarajatiga ishlating. U yerdagi maskaningizga kerakli ba'zi narsalarni sotib oling. Bir kunlik masofada bir bekat bor. Ham mashina, ham kema, ham poyezd, ham samolyot bor. Sarmoyaga koʻra miniladi". deb amr qiladi.

Ikki xizmatkor dars olgandan soʻng ketadi. Biri baxtiyor edi, bekatgacha biroz pul xarajat qiladi. Lekin oʻsha xarajat ichida xoʻjayiniga yoqadigan shunday goʻzal tijorat qiladiki, sarmoyasi birdan mingga chiqadi. Ikkinchi xizmatkor badbaxt, sayoq boʻlganidan, bekatgacha yigirma uch oltinini sarf qiladi. Qimor-mimorga berib zoye qiladi, bir dona oltini qoladi. Sherigi unga: "Oʻrtoq! Bu uzun yoʻlda yayov va och qolmasliging uchun bu oltinni bir chiptaga ber. Xoʻjayinimiz ham karamlidir. Balki marhamat qiladi, qilgan xatoingni kechiradi. Seni samolyotga mindiradilar. Bir kunda istiqomat joyimizga yetamiz. Boʻlmasa, ikki oylik choʻlda och, yayov, yolgʻiz ketishga majbur boʻlasan", deydi. Ajabo, u odam qaysarlik qilib, yagona oltinini bir xazinaning kaliti boʻlgan chiptaga bermasdan, vaqtinchalik lazzat uchun kayf-safoga sarflasa, oʻta aqlsiz, zararli, badbaxt ekanini eng aqlsiz odam ham anglamaydimi?

Mana ey namozsiz odam va ey namozdan xushlanmagan nafsim!

— 21 —

Hokim - Rabbimiz, Xoliqimizdir. Ikki xizmatkor yoʻlovchi esa, biri dindor, namozini shavq bilan oʻqiydi. Boshqasi gʻofil, namozsiz insonlardir. Yigirma toʻrt oltin esa, yigirma toʻrt soat, xar kungi umrdir. Xos xoʻjalik - Jannatdir. Bekat - qabrdir. U sayohat esa qabrga, hashrga, abadga ketiladigan bashar yoʻlovchiligidir. Amalga koʻra, taqvo quvvatiga koʻra odamlar uzun yoʻlni farqli darajada bosib oʻtishadi. Bir qism ahli taqvo, yashin kabi, ming yillik yoʻlni bir kunda oʻtadi. Bir qismi esa, xayol kabi, ellik ming yillik masofani bir kunda bosib oʻtadi. Qur'oni Azimushshon bu haqiqatga ikki oyati bilan ishorat qiladi. Chipta esa, namozdir. Birgina soat, besh vaqt namozga, tahorati bilan, kifoya qiladi. Ajabo, yigirma uch soatini shu qisqagina dunyoviy hayotga sarflab, uzun abadiy hayotga birgina soatini sarflamagan odam qanchalik zarar qiladi, nafsiga qanchalik zulm qiladi, qanchalik aqlga xilof harakat qiladi. Ming odam ishtirok etgan lotoreya qimoriga yarim molini tikishni aql qabul qiladi, holbuki yutuq ehtimoli mingdan bir. Yigirma toʻrtdan bir molini yuzdan toʻqson toʻqqiz ehtimol bilan yutishi tasdiqlangan abadiy xazinaga bermaslik, qanchalik aql va hikmatga teckari harakat ekanini, qanchalik aqldan uzoqligini, oʻzini aqlli hisoblagan odam anglamaydimi?!

Xolbuki namozda ruhning, qalbning va aqlning buyuk rohati bor. Jismga ham unchalik ogʻir ish emas. Namoz oʻqigan odamning qolgan dunyoviy muboh amallari goʻzal niyat bilan ibodatga aylanadi. Bu suratda butun umr sarmoyasini oxiratga zahira qila oladi. Foniy umrini bir jihatda boqiylashtiradi.