BESHINCHI SOʻZ
Namoz oʻqish va gunohi kabiralardan uzoq turish qay daraja haqiqiy insoniylik vazifasi va qanchalik fitriy, munosib insoniyatning yaratilish natijasi ekanini koʻrishni istasang, misoliy hikoyachaga qara, tingla:
Safarbarlikda bir harbiy qismda biri ta'lim koʻrgan, vazifaparvar, boshqasi tajribasiz, nafsparvar ikki askar birga edi. Vazifaparvar askar ta'limga va jihodga diqqat qilardi, rizq va maoshini hech oʻylamasdi. Chunki uni yedirish va jihozlarini berish, kasal boʻlsa davolash, hatto ehtiyoj boʻlganda luqmani ogʻziga solib qoʻyish - davlatning vazifasi ekanini tushungan edi. Uning asl vazifasi, ta'lim va jihoddir. Ammo ba'zan oziq-ovqat va jihozlar ishlarida ishlardi. Qozon qaynatar, idishlarni yuvar, olib kelar edi. Undan: "Nima qilyapsan?", deb soʻralsa, "Davlatga bepul ishlab beryapman", derdi. "Tirikchiligim uchun ishlayapman", demasdi.
Ikkinchi ochofat va tajribasiz askar esa, ta'limga va urushga diqqat qilmasdi. "U davlat ishidir. Menga nima", derdi. Doimo tirikchiligini oʻylab, uning orqasidan yurar, harbiy qismni tark etar, bozorga ketar, oldi-berdi qilar edi. Bir kuni ta'lim koʻrgan oʻrtogʻi unga aytdi:
-Birodar, asl vazifang ta'lim olish va jang qilishdir. Sen shuning uchun bu yerga keltirilgansan. Podshohga ishon. U seni och qoldirmaydi. Bu uning vazifasidir. Ham sen ojiz va faqirsan, hamma joyda oʻzingni ta'minlay olmaysan. Ham jihod va safarbarlik zamonidir. Ham senga osiy deb, jazo beradilar.
Ha, ikki vazifa qarshimizda koʻrinyapti. Biri podshohning vazifasidir. Ba'zan biz unga bepul ishlab beramiz, u bizni parvarish qiladi. Boshqasi bizning vazifamizdir. Podshoh bizga osonlashtirishlar bilan yordam beradiki, ta'lim va urushdir. Ajabo, u sayoq askar u mujohid ta'lim koʻrganga quloq solmasa, qanchalik tahlikaga tushishini, anglaysan!
Mana ey tanbal nafsim! U beqaror urush maydoni, bu sertashvish dunyo hayotidir. Harbiy qismlarga taqsimlangan qoʻshin esa, insonlar jamiyatidir. Harbiy qism esa, shu asrning Islom jamoatidir. Ikki askar esa, biri diniy farzlarini bilgan va bajargan, gunohi kabiralarni tark va gunohlarni qilmaslik uchun nafs va shayton bilan jihod qiluvchi taqvodor musulmondir. Boshqasi, Razzoqi Haqiqiyni ayblash darajasida tirikchilik dardiga shoʻngʻib, farzlarni tark qilib, tirikchilik yoʻlida duch kelgan gunohlarni qilgan fosiqi ziyondagi kimsadir. Ta'lim va buyruq esa (boshda namoz) ibodatlardir. Jihod esa, nafs va hoyu-havas, jin va ins shaytonlariga qarshi jihod qilib, gunohlardan va razil axloqdan, qalb va ruhini abadiy halokatdan qutqarishdir. Ikki vazifa esa, biri, hayotni berib yedirishdir. Ikkinchisi, hayotni berganga va yedirganga topinib yolvorishdir. Unga tavakkal qilib, ishonishdir.
Ha, eng porloq bir Samadoniy sanʻat moʻjizasi va Rabboniy hikmat horiqosi boʻlgan hayotni kim bergan, yaratgan boʻlsa, rizq bilan hayotni ta'minlagan va davom ettirgan ham udir. Undan boshqasi emas... Dalil istaysanmi? Eng zaif, eng past hayvon eng yaxshi oziqlanadi (meva qurtlari va baliqlar kabi). Eng ojiz, eng nozik maxluq, eng yaxshi rizqni u yeydi (chaqaloqlar va hayvon bolalari kabi).
Halol rizq vositasi iqtidor va ixtiyor bilan emasligini, balki ojiz va zaifligi uchun berilishini anglash uchun baliqlar bilan tulkilarni, hayvon bolalari bilan yirtqichlarni, daraxtlar bilan hayvonlarni taqqoclash kifoya.
Demak, tirikchilik dardi uchun namozini tark qilgan kimsa ta'limni va handaqni tark qilib, bozorda tilanchilik qilgan askarga oʻxshaydi. Ammo namozini oʻqigandan soʻng Janobi Razzoqi Karimning rahmat oshxonasidan ulushini qidirish, boshqalarga yuk boʻlmaslik uchun shaxsan borish goʻzaldir, mardlikdir, u ham bir ibodatdir.
Inson ibodat uchun yaratilganini fitrati va ma'naviy jihozlari koʻrsatadi. Chunki dunyoviy hayotiga lozim boʻlgan amal va iqtidor jihatidan eng oddiy chumchuqqa yeta olmaydi. Ammo ma'naviy va uxroviy hayotiga kerakli ilm va faqirlik bilan yolvorish, ibodat jihatidan hayvonotning sultoni va qoʻmondoni hukmidadir.
Demak, ey nafsim! Agar dunyoviy hayotni asl maqsad qilsang va u uchun doim ishlasang, eng oddiy bir chumchuq hukmida boʻlasan. Agar uxroviy hayotni asl maqsad qilsang, shu hayotni ham unga vosita va ekinzor qilsang, unga koʻra harakat qilsang, hayvonotning buyuk bir qoʻmondoni hukmida, shu dunyoda Janobi Haqning nozli va niyozdor bir bandasi, mukarram va muhtaram bir musofiri boʻlasan.
Mana senga ikki yoʻl, istaganingni tanla! Hidoyat va tavfiqni Arhamur-rohimindan ista...