IKKINCHI SOʻZ
Iymonda qanchalik buyuk bir saodat va ne'mat hamda qanchalik buyuk bir lazzat va xotirjamlik borligini anglashni istasang, shu misoliy hikoyachaga boq, tingla:
Bir vaqt ikki odam ham rohatlanish, ham tijorat uchun sayohatga chiqishdi. Biri xudbin, omadsiz bir tarafga, narigi xudoni tanigan, baxtiyor boshqa tarafga yoʻl olib ajralishdi. Xudbin odam ham oʻz gʻamini yeydigan, ham oʻzini oʻylaydigan, ham badbin boʻlgani uchun, badbinlikning jazosi sifatida, nazarida juda yomon bir mamlakatga tushadi. Qaarasa, hamma yerda ojiz, bechora odamlar zoʻravon, zolimlarning tomonidan va buzgʻunchiliklaridan dod-faryod qilmoqda. Borgan hamma joylarida mungli, azobli holatni koʻradi. Butun mamlakat umumiy motamxona shaklini olgan. Bu azobli va zulmatli holatni his qilmaslik uchun u sarxushlikdan boshqa chora topolmaydi. Chunki hamma unga dushman va ajnabiy boʻlib koʻrinadi. Xar tarafda qoʻrqinchli oʻliklarlarni va maʻyus holda yigʻlagan yetimlarni koʻradi. Vijdoni azob ichida qoladi.
Narigi odam Xudoni tanigan, xudoparast va haqni qidirgan, goʻzal axloqli edi. U tasavvurida juda goʻzal bir mamlakatga tushdi. Bu yaxshi odam kirgan mamlakatida umumiy shodiyona. Hamma tarafda bir sevinch, bir bayram, bir jazba va surur ichida zikrxonalar... Hamma unga doʻst va qarindosh boʻlib koʻrinadi. Butun mamlakatda olqishlar va tashakkurlar bilan umumiy nafaqaga chiqarilish shodiyonasini koʻradi. "Allohu akbar" va "La ilaha illalloh" deb baxtli boʻlib askarlikka chaqirilish uchun doʻmbira, musiqa ovozini eshitadi. Avvalgi badbaxtning ham oʻzining, ham umum xalqning azobi bilan azob chekishi oʻrniga, bu baxtiyor odam ham oʻzining, ham umum xalqning sevinchi bilan baxtli va xursand edi. Ham yaxshigina tijorat qildi. Allohga shukr qildi.
Soʻng, avvalgi odamni uchratdi. Ahvolini koʻrib, tushundi va unga: "Menga qara, sen telba boʻlibsan. Ichingdagi xunukliklar zohiringda aks etibdi. Chunki kulishni yigʻlash, nafaqaga chiqishni talon-taroj qilish deb oʻylayapsan. Esingni yigʻ, qalbingni pokla. Shu musibatli parda sening nazaringdan koʻtarilsin, haqiqatni koʻra olgin. Zero, bu yer oʻta odil, marhamatkor, raiyatparvar, qudratli, intizomparvar, shafqatli bir Molikning mamlakatidir. Koʻz oʻngingda buncha taraqqiyot va kamolot belgilarini koʻrsatgan mamlakat sening hayoling koʻrsatgan suratda emas", dedi. Shunda u badbaxtning aqli kirib, nadomat qildi. "Ha, men aysh-ishratdan telba boʻlgan edim. Alloh sendan rozi boʻlsin, Jahannamiy holatdan meni qutqarding", dedi.
Ey nafsim! Bilginki, avvalgi odam kofirdir. Yoki gʻofil fosiqdir. Bu dunyo uning nazarida umumiy bir motamxonadir. Barcha jonzotlar ayriliq va zavol dakkisidan yigʻlagan yetimlardir. Hayvonlar va inson esa, ajal panjasi bilan mijigʻlangan kimsasiz beboshlardir. Togʻlar va dengizlar kabi ulkan mavjudot ruhsiz, qoʻrqinchli mayyit kabidir. Yana kufridan va zalolatidan kelib chiqib, qattiq azobli, ezuvchi, dahshatli hayollarlar uni ma'nan azoblaydi.
Narigi odam esa moʻmindir. Janobi Xoliqni taniydi, tasdiqlaydi. Uning nazarida bu dunyo bir Rahmonning zikrxonasi, insonlar va hayvonlarning ta'lim dargohi, va inson va jinlarning imtihon maydonidir. Barcha hayvonlar va insonlarning vafotlari esa nafaqaga chiqishdir. Hayot vazifasini tugatganlar, yangi vazifadorlarga yer ochilishi, kelib ishlashi uchun bu foniy dunyodan ma'nan hursand boʻlib, xavotirsiz boshqa olamga ketishadi. Barcha hayvonlar va insonlarning tavalludlari esa, askarlik xizmatiga, qurollanish, vazifa boshiga kelishdir. Barcha jonzotlar bir bir vazifador baxtiyor askar, mustaqim, mamnun xodimlardir. Barcha sadolar esa, yo vazifa boshlanishidagi zikr va tasbeh va nafaqaga chiqishdan kelgan shukr va sevinch yoki ish hursandchiligidan kelib chiqqan ohanglardir. Barcha mavjudot moʻmin kishining nazarida Sayyidi Karimining va Moliki Rahimining munis xizmatkori, doʻst xodimi, shirin kitobidir. Yana bu kabi juda koʻp latif, yuksak va laziz, shirin haqiqatlar iymonidan namoyon boʻladi, koʻrinadi.
Demak, iymon ma'naviy Jannatdagi bir tubo daraxtining urugʻini oʻz ichiga olgan. Kufr esa ma'naviy Jahannamdagi zaqqum daraxtining bir urugʻini saqlaydi.
Demak, qutulish va ishonch faqat Islomiyatda va iymondadir. Shunday ekan, biz doim اَلْحَمْدُ لِلّٰهِ عَلٰى د۪ينِ الْاِسْلَامِ وَ كَمَالِ الْا۪يمَانِ deyishimiz lozim.