So'zlar
— 176 —

Oʻn Beshinchi Soʻz

﴿ بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ ﴾
﴿ وَلَقَدْ زَيَّنَّا السَّمَاءَ الدُّنْيَا بِمَصَابِيحَ وَجَعَلْنَاهَا رُجُومًا لِلشَّيَاطِينِ ﴾

Ey astronomiyaning ruhsiz masalalari bilan zehni torlashgan, aqli koʻziga tushgan va bu oyatning azamatli sirini siqishgan zehniga sigʻdira olmagan maktabli afandi! Bu oyatning samosiga yetti zinapoyali bir narvon bilan chiqish mumkin. Kel, barobar chiqamiz!

Birinchi Zinapoya: Zamin kabi samovotning ham oʻziga munosib yashovchilari boʻlishini haqiqat va hikmat taqozo qiladi. Shariat tilida u xar hil turlarga farishta va ruhoniylar ismi berilgan. Ha, haqiqat buni taqozo qiladi. Chunki yer kichikligi va haqorati bilan birga, jonli va idrokli maxluqlardan toʻldirilishi va ora-sira boʻshatilib yangidan idroklilar bilan jonlantirilishiga ishora qiladi. Balki bu muhtasham burjlar sohibi, ziynatli qasrlar hukmidagi samovot ham fahmli va idrokli maxluqlar bilan toʻla ekanini ochiqchasiga tushuntiradi. Ular ham inson va jinlar kabi ushbu olam saroyining sayr qiluvchilari, koinot kitobining mutolaa qiluvchilari va rububiyat saltanatining dallollaridir. Chunki koinotni haddu hisobga kelmagan pardozlar va goʻzalliklar, naqshlar bilan bezab ziynatlashi shaksiz mutafakkir tahsin etuvchi va hayratda qolgan taqdir etuvchilarning koʻrishlarini taqozo qiladi. Ha, husn albatta oshiqni taqozo qiladi, taom esa och boʻlganga beriladi. Xolbuki inson va jinlar bu nihoyatsiz vazifaga, hashamatli nazoratga va keng qullik vazifasini faqat milliondan birini qila oladi. Demak, sanoqsiz, turli-tuman vazifalar va ibodatga nihoyatsiz farishta navʻlari va ruhoniy jinslar lozim.

— 177 —

Ba'zi rivoyatlarning ishorasi orqali va olam intizomining hikmati asosida deyilabilirki: Bir qancha sayyor jismlar, sayyoralardan tomchilargacha, bir qancha farishtalarning ulovlaridir. Ular bularga Allohning izni bilan minadi, shahodat olamini sayr etib kezadi. Yana bir qancha hayvon badanlari, hadisda "Yashil qushlar" deb nomlangan jannat qushlaridan chivinlargacha bir jinsdagi ruhlarning tayyorasi deyish mumkin. Ularning ichiga Allohning amri bilan kiradi, jismoniyat olamini aylanib jasadlardagi hislarning derazalari orqali jismoniy fitrat moʻ'jizasini tomosha qiladi.

Albatta qora tuproqdan va loyqa suvdan doim latofatli hayotni, nuroniyatli idrok sohiblarini yaratgan Xoliqning, albatta ruh va hayotga munosib nur dengizidan va hatto zulmat dengizidan bir qancha fahmli maxluqlari bor. Ular koʻp sonda mavjud. Farishtalar va ruhoniyotning vujudlariga doir "Nuqta" nomli bir risolam va Yigirma Toʻqqizinchi Soʻzda ikki karra ikki toʻrt aniqligida qat'iy isbot etilgan. Agar istasang, unga murojaat qil.

Ikkinchi Zinapoya: Zamin bilan osmonlar bir hukumatning ikki mamlakati kabi bir-biri bilan aloqadordir. Oʻrtasida ahamiyatli bogʻliqlik va muhim muomalalar bor. Zaminga lozim boʻlgan ziyo va harorat, baraka va rahmat kabi narsalar samodan keladi, ya'ni yuboriladi. Vahiyga tayangan butun samoviy dinlarning ijmo'i bilan va butun ahli kashfning tajribaga tayangan tavoturi bilan, farishta va ruhlar osmondan yerga keladi. Bundan, hisga yaqin qat'iy toʻgʻri va aniq sezgi orqali:

Yerda yashaydiganlar uchun osmonga chiqish uchun yoʻl mavjudligi bilinadi. Ha, hammaning aqli, xayoli va nazari xar doim samoga chiqishi bilingani kabi: Ogʻirliklarini tashlagan anbiyo va avliyolar ruhi yoki jasaddan chiqqan mayyitlar ruhi, Allohning izni bilan u yerga boradi. Modomiki yengillik va latofat topganlar u yerga borar ekan, albatta misoliy jasad kiygan, ruhlar kabi bir qancha yer va havoda yengil va latif yashovchilar samoga chiqa oladi.

Uchinchi Zinapoya: Samoning sukut va sukunati, intizom va tartibi, kenglik va nuroniyati koʻrsatadiki: Yashovchilari zaminning yashovchilari kabi emas. Balki butun aholisi muteʻdir. Nima amr boʻlsa, uni bajaradi. Bir-biriga qiyinchilik tugʻdirish va urushni keltirib chiqaradigan hech qanday sabab yoʻq. Chunki mamlakat keng, fitratlar sof, oʻzlari ma'sum, maqomlari sobitdir. Zaminda bir-biriga zid narsalar toʻplangan. Yomonlar yaxshilarga qoʻshilgan, orasida munoqasha boshlagan. Shu sababli ixtilof va iztiroblar tushgan. Undan imtihon va musobaqalar taklif yuklangan, undan yuksalish va tubanlashish chiqqan. Bu haqiqatning hikmati quyidagicha:

— 178 —

Bashar yaratilish daraxtining eng soʻngi mevasidir. Bir narsaning samarasi eng uzoq, eng qamrovli, eng nozik, eng ahamiyatli qismi ekani maʻlum. Shuning uchun olamning samarasi boʻlgan inson eng qamrovli va monandi yoʻq, eng ojiz, eng zaif va eng latif qudrat moʻ'jizasidir. Uning beshigi va maskani boʻlgan zamin:

osmonga nisbatan moddatan kichikligi va e'tiborsizligi bilan birga ma'nan va san'at jihatida butun koinotning qalbi, markazi,

barcha san'at moʻ'jizalarining namoyish qilinadigan joyi, koʻrgazmasi,

Allohning butun ismlarining tajalliylariga sazovor,

jamlanish nuqtasi va nihoyatsiz Rabboniy faoliyatning toʻplangan joyi, oynasi va Ilohiy Xalloqiyatning sanoqsiz, xususan nabotot va hayvonotning juda koʻp kichik turlarida boy ijodning asosi va bozori,

oxiratning juda keng olamlaridagi san'atli asarlarning kichik miqyosda namuna qilinadigan joyi,

abadiy toʻqimalarning tezlik bilan ishlagan dastgohi,

abadiy manzaralarning oʻta tez almashgan taqlid yeri,

jannat boʻstonlarining urugʻchalarida juda tez koʻkargan tor va vaqtinchalik ekinzori va tarbiya yeridir. Demak yerning

{(Izoh) Yer Kurrasi kichikligi bilan birga samovotga qarshi kela oladi. Chunki doimiy bir chashma kirishi yoʻq katta koʻldan katta deyish mumkin boʻlgani kabi. Bir oʻlchov jismi bialn bir narsa oʻlchab boshqa yerga yuborilgan va uning qoʻlidan oʻtgan va unga kirgan-chiqqan mahsulot bilan zohiran minglab marta oʻlchov jismidan katta va togʻ kabi bir jism orqali oʻlchov jismi muvozanaga chiqadi. Aynan shuning kabi: Yer Kurrasi, Janobi Haq uni san'atiga namoyish joyi va ijodiga koʻrgazma, hikmatiga sabab, qudratiga sazovor, rahmatiga guldon, Jannatiga ekinzor, hadsiz koinotga va maxluqot olamlariga oʻlchov, moziy dengizlari va gʻayb olamiga oqadigan chashma qilib ijod qilgan. Xar yili qat-qat va koʻp qavatli yuz ming tarzda, san'atli asarlardan toʻqilgan koʻylaklarini almashtirgan va koʻp marta toʻlib moziyga boʻshatib gʻayb olamiga toʻkkan butun u yangilauvchi olamlarni va yerning turli xil koʻylaklarini e'tiborga ol. Ya'ni butun oʻtmishni hozirdek faraz qil. Soʻng tartibli takrorlangan va bir daraja oddiy samovot bilan taqqosla. Yer katta boʻlmasada, kam ham boʻlmasligini koʻrasan. رَبُّ السَّموَاتِ وَ الْاَرْضِ sirini angla.}

ushbu ma'naviy azamatidan va san'at jihatidan ahamiyati sababli, Qur'oni Hakim samovotga nisbatan, buyuk daraxtning kichik mevasi boʻlgan yerni, butun samovotga teng tutyapti. Uni bir pallaga, butun samovotni bir pallaga qoʻymoqda. Takror batakror رَبُّ السَّموَاتِ وَ الْاَرْضِ deydi.

Yerning mazkur hikmatlardan yuzaga kelgan tez almashishi va bardavom oʻzgarishi yashovchilarining ham unga koʻra oʻzgarishga sazovor boʻlishini taqozo qiladi. Yana chegaralangan yer hadsiz qudrat moʻ'jizalariga sazovor boʻlgani uchun, eng muhim yashovchilari hisoblangan inson va jinlarning hislariga, boshqa jonzotlar kabi fitriy chegara va yaratilishdan chegaralash qoʻyilmagani uchun cheklanmagan taraqqiy va nihoyatsiz tubanlashishga sazovor boʻlgan. Anbiyolardan, avliyolardan namrudlarga, shaytonlargacha uzun imtihon maydonlari paydo boʻlgan. Modomiki bunday ekan, albatta fir'avnlashgan shaytonlar, hadsiz yomonliklari orqali samo va osmon ahliga tosh otishadi.

— 179 —

Toʻrtinchi Zinapoya: Butun olamlarning Rabbi, Mudabbiri va Xoliqi boʻlgan Zoti Zuljalolning, hukmlari juda koʻp turdagi nomlari, unvonlari va eng goʻzal ismlari bor. Masalan: Paygʻambarimiz (S.A.V.) sahobalari safida kofirlarga qarshi urushish uchun malaklarni yuborishini taqozo qilgan qaysi ism va unvon boʻlsa, oʻsha ism va unvon, malaklar bilan shaytonlar oʻrtasida urush boʻlishini, osmondagilarning xayrlilari va yerdagi yomonlarning orasida kurash boʻlishini taqozo qiladi.

Kofirlarning nafs va nafaslari qudrat qoʻlida boʻlgan Qodiyri Zuljalol bir amr bilan, bir sa'y bilan ularni mavh etmayapti. Ommaviy Rububiyati unvoni bilan, Hakiym va Mudabbir ismi bilan imtihon va kurash maydoni ochadi. Qiyosda xato boʻlmasin: Bir podshohning hukumat doirasi e'tibori bilan juda koʻp turdagi unvonlari, ismlari bor. Masalan: Adliya doirasi uni "Adolatli Hukmdor" nomi bilan biladi. Harbiylar doirasi uni "Oliy Qoʻmondon" sifatida koʻradi. Tashqi ishlar doirasi uni "Xalifa" ismi ila zikr qiladi. Boshqaruv doirasi uni "Sulton" nomi bilan taniydi. Muteʻ aholi unga "Marhamatli Podshoh" deydi. Osiy insonlar uni "Qahhor Hokim" deydi. Yana bularga qiyos qil. Ba'zan butun aholi uning qoʻlidagi oliy podshoh ojiz, zalil bir osiyni bir amr bilan oʻldirmaydi. Balki Odil Hukmdor ismi orqali mahkamaga yuboradi. Ham kuchli, ham sodiq xodimini iltifotga loyiqligini biladi. Lekin xususiy ilmi bilan, xususiy telefoni orqali unga iltifot qilmaydi. Balki saltanat hashamati va hukumat tadbiri unvoni orqali mukofotga haq qozonishini koʻrsatish uchun musobaqa maydoni ochadi, vaziriga buyruq beradi, aholini tomosho qilishga chaqiradi. Bir siyosiy qarshilash marosimi tuzdiradi. Muhtasham yuksak imtihon natijasida yuksak majlisda uni mukofotlaydi. Loyiqligini e'lon qiladi. Yana boshqa jihatlarni bularga qiyos qil.

وَ لِلّهِ الْمَثَلُ الْاَعْلَى azal va abad sultonining juda koʻp eng goʻzal ismlari bor. Allohning buyukligining koʻrinishlari va jamolining namoyon boʻlishi orqali juda koʻp ishlari va unvonlari bor. Nur va zulmat, yoz va qish, Jannat va Jahannamning vujudini taqozo qilgan ism, unvon va ish, nasl qoldirish qonuni, musobaqa qonuni, yordamlashish qonuni kabi juda koʻp umumiy qonunlar kabi, kurash qonunining ham bir daraja ta'minini taqozo qiladi... Qalb atrofidagi ilhomlar va vasvasalarning kurashlaridan samo ufuqlarida farishtalar va shaytonlarning kurashigacha u qonunning qamrovini taqozo qiladi.

— 180 —

Beshinchi Zinapoya: Modomiki yerdan samoga borib kelish bor ekan, samodan yerga tushib chiqish boʻlayotgan ekan, dunyoga lozim boʻlgan ahamiyatli narsalar u yerdan yuborilayotgan ekan va modomiki toyyib ruhlar samoga ketayotgan ekan, albatta yomon ruhlar ham, yaxshilarni taqlid qilib samovot mamlakatiga ketishga tashabbus qiladi. Chunki vujudida latofat va yengilliklar bor. Shubhasiz badargʻa va rad etiladilar ham. Chunki mohiyatida yomonlik va yaramasliklari bor.

Yana shak-shubhasiz, muhim muomalaning va bu ma'naviy kurashning shahodat olamida bir alomati, bir ishorasi topiladi. Chunki rububiyat saltanatining hikmati:

Idrok sohibi uchun, boxusus eng muhim vazifasi kuzatuv, shahodat, dallollik va nazorat qilish hisoblangan insonning,

bahorning cheki yoʻq moʻjizalariga yomgʻirni ishorat sifatida qoʻygani,

gʻaroyib sanʻat asarlarlariga zoxiriy sabablarni alomat qilgani kabi,

shahodat olami ahlini guvoh koʻrsatishi uchun,

balki u ajib tomoshaga umum samovot va yer ahlining e'tiborini jalb qilishi uchun,

ya'ni katta samovotni, atrofida navbatga tizib, burjlari bezalgan qal'a qilib, shahar suratida koʻrsatib rububiyatining hashamatini tafakkur ettirishi uchun

muhim gʻaybiy tasarruflarga ishora qoʻyishini, alomat qoldirishini taqozo qiladi.

Modomiki bu buyuk kurashni e'lon qilish hikmat taqozosi bilan lozim ekan, albatta unga bir ishora bor. Lekin osmon va koʻk hodisalari ichida bu e'longa munosib hech bir hodisa koʻrinmaydi. Bundan ham munosibrogʻi yoʻq. Chunki yuksak qal'alarning mahkam tepasidan otilgan manjiniqlar va ishora oʻqlariga oʻxshagan yulduz hodisalari shaytonning toshlanishiga naqadar munosib ekani yaqqol tushuniladi. Xolbuki shu hodisaning bu hikmat va maqsaddan boshqa munosib hikmati yoʻq. Boshqa hodisalar unday emas. Bu hikmat Odam zamonidan beri mashhur va haqiqat ahli biladi.

Oltinchi Zinapoya: Inson va jinlar nihoyatsiz yomonlikka va bilib inkor qilishga qobiliyatli boʻlgani uchun, nihoyatsiz bir qaysarlik va bir tugʻyon qiladi. Shuning uchun Qur'oni Hakim shunday moʻ'jizali balogʻat, shunday oliy va ochiq uslublar bilan va shunday qiymatli, zohiriy misollar va masalalar bilan insonlar va jinlarni isyon va tugʻyondan quvadi, koinotni titratadi. Masalan:

Ey insonlar va jinlar! Amrlarimga itoat etmasangiz, qani mulkim hududidan qoʻlingizdan kelsa chiqing degan misoliga ishora qilgan

﴿ يَا مَعْشَرَ الْجِنِّ وَالْاِنْسِ اِنِ اسْتَطَعْتُمْ اَنْ تَنْفُذُوا مِنْ اَقْطَارِ السَّموَاتِ وَالْاَرْضِ فَانْفُذُوا لَا تَنْفُذُونَ اِلَّا بِسُلْطَانٍ ٭ فَبِاَىِّ آلَاءِ رَبِّكُمَا تُكَذِّبَانِ ٭ يُرْسَلُ عَلَيْكُمَا شُوَاظٌ مِنْ نَارٍ وَ نُحَاسٌ فَلَا تَنْتَصِرَانِ ﴾
— 181 —

oyatidagi azamatli qoʻrqitishga, dahshatli tahdidga va shiddatli quvishga diqqat qil. Inson va jinlarning oʻta magʻrur qaysarliklarini gʻoyat moʻ'jizona balogʻat bilan sindiradi. Ojizliklarini e'lon qiladi. Rububiyat saltanatining kengligi va azamati nisbatida naqadar ojiz va bechora ekanini koʻrsatadi. Goʻyo bu oyat bilan, ham

﴿ وَجَعَلْنَاهَا رُجُومًا لِلشَّيَاطِينِ ﴾

oyati orqali shunday deydi:

"Ey kichikligi ichida magʻrur va qaysar, ey zaiflik va faqirligi ichida sarkash va qaysar boʻlgan jin va insonlar! Isyoningiz orqali shunday bir Sultoni Ziyshonning amrlariga qarshi kelishga qanday jasorat qilasiz. Yulduzlar, oylar, quyoshlar buyruqqa boʻysunuvchi askarlar kabi Uning amrlariga itoat qiladi.

Siz tugʻyoningiz orqali shunday Hokimi Zuljalolga qarshi tortishyapsiz. Shunday azamatli mute askarlari bor, farazan shaytonlaringiz chiday olsa, ularni togʻdek oʻqlar bilan toshboʻron qiladi. Kufroningiz orqali shunday Maliki Zuljalolning mamlakatida isyon qilyapsizki, qullaridan va askarlaridan shundaylari borki, sizlardek kichik ojiz maxluqlarni emas, balki farazan togʻ va yer kattaligida kofir dushman boʻlganingizda ham yer va togʻ kattaligidagi yulduzlarni, otashli temirlarni, qizigan olovli mislarni sizga otadi, sizni tarqatadi.

Yana shunday qonunni buzyapsizki, agar kerak boʻlsa, Yeringizni yuzingizga uradigan, toʻp oʻqiday yeringiz kabi yulduzlarni ustingizga yogʻdiradigan maxluqlari bogʻliq.

Qur'onda ba'zi muhim urgʻu berilgan joylar borki, dushmanlarning kuchli boʻlganidan kelib chiqmaydi. Balki hashamatni izhori qilish va dushmanning yomonligini koʻrsatish kabi sabablardan kelib chiqadi. Ba'zan mukammal intizomni, juda odillikni, oʻta halimlik va hikmatlarning quvvatini koʻrsatish uchun eng katta va kuchli sabablarni eng kichik va zaif narsaga qarshi dastak beradi va ustida tutadi, tushirtirmaydi, tajovuzdan saqlaydi. Masalan ushbu oyatga qara:

﴿ وَاِنْ تَظَاهَرَا عَلَيْهِ فَاِنَّ اللّهَ هُوَ مَوْلَيهُ وَجِبْرِيلُ وَصَالِحُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمَلئِكَةُ بَعْدَ ذلِكَ ظَهِيرٌ ﴾

Nabiy haqida naqadar hurmat va ayollarning huquqiga qanchalik marhamat bor. Nabiy hurmatining azamatini, ikki zaifaning shikoyatining ahamiyatini va haqlarining hurmatini mehribonlik orqali ifodalash uchun bu muhim urgʻu qilingan.

— 182 —

Yettinchi Zinapoya: Farishtalar va baliqlar kabi yulduzlar ham juda farqlidir. Bir qismi juda kichik, bir qismi oʻta kattadir. Hatto osmondagi xar porlagan narsaga yulduz deyiladi. Yulduz jinsidan bir navʻ nozanin samo yuzining bezalgan ziynatlari va u daraxtning munavvar mevalari, u dengizning tasbeh aytadigan baliqlari hukmida Fotiri Zuljalol, Sone'i Zuljamol ularni yaratgan va malaklariga kezadiga joylar, markablar, manzillar yaratgan. Yulduzlarning kichik bir turini esa shaytonlarning quvib toshlanishiga vosita qilgan. Shaytonning quvib toshlanishi uchun otilgan olovli toshlarning uch ma'nosi boʻlishi mumkin:

Birinchisi: Kurash qonuni eng keng doirada ham jarayon etishiga ramz va alomatdir.

Ikkinchisi: Samovotda xushyor navbatchilar, mute yashovchilar bor. Yerdagi yomonlarning suqilishi va tinglashlaridan xushlanmagan Allohning askarlari borligiga e'lon va ishorat qilish uchun.

Uchinchisi: Yerdagi iflosliklarning habis vakillari hisoblangan josus shaytonlarni, toza va poklarning maskani boʻlgan samoni kir qilmasligi va habis nafslarga josuslik qildirmaslik uchun, adabsiz josuslarni qoʻrqitishga otilgan manjiniq va ishora oʻqlari kabi, shaytonlarni samo eshiklaridan olovli toshlar ila rad qilish va quvish uchun.

Demak, tilla qoʻngʻizga oʻxshagan aql chirogʻiga tayangan va Qur'on quyoshidan koʻzini yumgan astronomiyachi afandi! Mazkur yetti zinapoyada ishora etilgan haqiqatlarga umumiy shaklda qara. Koʻzingni och, aql chirogʻini tashla, kundek moʻ'jizaviy nuri ichida bu oyatning ma'nosini koʻr! U oyatning samosidan bir haqiqat yulduzini ol, sening boshingdagi shaytonga ot, oʻz shaytoningni quvib toshboʻron qil!.. Biz ham shunday qilishimiz kerak va birgalikda

﴿ رَبِّ اَعُوذُ بِكَ مِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ ﴾

deyishimiz kerak.

فَلِلّهِ الْحُجَّةُ الْبَالِغَةُ وَ الْحِكْمَةُ الْقَاطِعَةُ
﴿ سُبْحَانَكَ لَا عِلْمَ لَنَا اِلَّا مَا عَلَّمْتَنَا اِنَّكَ اَنْتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ ﴾
— 183 —

OʻN BESHINCHI SOʻZNING ILOVASI

(Yigirma Oltinchi Maktubning Birinchi Qismi)
بِاسْمِهِ سُبْحَانَهُ وَاِنْ مِنْ شَيْءٍ اِلَّا يُسَبِّحُ بِحَمْدِهِ
﴿ بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ ﴾
﴿ وَاِمَّا يَنْزَغَنَّكَ مِنَ الشَّيْطَانِ نَزْغٌ فَاسْتَعِذْ بِاللّهِ اِنَّهُ هُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ ﴾
Shayton va uning tarafdorlariga Qurʻonning Hujjati

Iblisni javob bera olmaydigan holga keltirgan, shaytonni dalillar bilan mot qilgan, tugʻyonga ketganlarni lol qilgan "Birinchi Mavzu" betaraf muhokama ichida shaytonning mudhish bir hiylasini qat'iy suratda rad qilgan voqeadir. Uning qisqacha boʻlimini oʻn yil avval Lamaat (Yogʻdular)da yozgan edim:

Bu risolaning ta'lifidan oʻn bir yil avval Ramazoni Sharifda Istanbuldagi Boyazid jome'i sharifida qorilarni tinglayotgan edim. Bir payt shaxsini koʻrmadim lekin ma'naviy bir ovoz eshitganday boʻldim. E'tiborimni oʻziga tortdi. Xayolan tingladim.

Qarasam, menga:

"Sen Qur'onni juda oliy, oʻta porloq koʻryapsan. Betaraf muhokama qil, bu shaklda qara. Ya'ni, inson kalomi deb faraz qil, qara... Ajabo, oʻsha ustun tomonlarni, ziynatlarni koʻrasanmi?", dedi.

— 184 —

Men haqiqatdan ham unga aldandim. Bashar kalomi deb faraz qilib qaradim: Boyazid masjidining elektr tugmasi bosilib oʻchirilsa atrof qorongʻilikka tushganidek, oʻsha faraz bilan Qur'onning porloq ziyolari yashirishni boshladi. Shunda, menga gapirgan shaytonligini tushundim. Meni jarlikka otyapti. Qur'ondan madad istadim. Birdan qalbimga bir nur keldi. Mudofaaga qat'iy quvvat berdi. Keyin bu tarzda shaytonga qarshi munozara boshlandi.

Ey shayton! Betarafona muhokama, ikki taraf orasidagi vaziyatdir. Holbuki ham sening, ham sening inson shogirdlaring aytgan betarafona muhokama, tarafi muxolifni iltizomdir. Betaraflik emas, muvaqqatan bir dinsizlikdir. Chunki Qur'onga kalomi bashar deb qarash va oʻshanday muhokama qilish, shiqqi muxolifni asos tutishdir. Botilni iltizomdir, betarafona muhokama emas. Balki botilga tarafgirlikdir, dedim.

Shunday ekan Allohning kalomi ham, bashar kalomi ham dema. Oʻrtada faraz qilib, qara, dedi shayton.

Men: Unday ham boʻla olmaydi. Chunki tortishiladigan bir narsani agar ikki iddao qilgan kishi bir-biriga yaqin boʻlsa va joyi yaqin boʻlsa u ikkisidan boshqa bir kishining qoʻlida yoki ikkilavoning qoʻli yetadigan joyga qoʻyiladi. Qaysi biri isbot qilsa, oʻsha yutadi.

Agar ikki iddaochi bir-biridan oʻta uzoq, biri mashriqda biri magʻribda boʻlsa, qoidaga koʻra narsa egasi kim boʻlsa, uning qoʻlida qoladi. Chunki oʻrtada qoldirish mumkin emas. Qur'on - qiymatli narsadir! Bashar kalomi Janobi Haqning kalomidan qanchalik uzoq boʻlsa ikki taraf ham bir-biridan shunchalik cheksizlikda uzoq.

Buni yerdan surayyo yulduzigacha bir-biridan uzoq ikki taraf oʻrtasida qoldirish mumkin emas. Oʻrtasi yoʻq. Chunki vujud va yoʻqlik kabi bir-biridan uzoq ikki narsa kabi zid. Oʻrtasi yoʻq. Shunday ekan, Qur'on uchun mulk egasi, Ilohiy tomondir. Bu Uning qoʻlida qabul qilinib, shu tarzda isbot dalillariga qaraladi.

Agar narigi taraf uning Kalomulloh ekaniga doir butun burhonlarni bir-bir rad qilsa, qoʻlini unga uzatishi mumkin. Yoʻqsa uzata olmaydi. Hayhot! Minglab qat'iya burhonlarning mixlari bilan Arshi A'zamga qoqilgan bu muazzam olmosnimg barcha mixlarni qaysi qoʻl chiqarib, ustunlarni kesib tushira oladi?!

Mana ey shayton! Senga qarshi haq va insof ahli bu suratda haqiqatli muhokama bilan tahlil qiladi. Hatto eng kichik bir dalilda ham Qur'onga qarshi iymonlarini ziyodalashtirishadi. Sen va shogirdlaring koʻrsatgan yoʻl esa:

— 185 —

Bir marta bashar kalomi faraz qilinsa, ya'ni arshga bogʻlangan muazzam olmos yerga otilsa, uni yerdan koʻtarib ma'naviyat arshiga urishi uchun kufrning zulumotidan qutulib, iymonning anvoriga erishishi uchun butun mixlarning quvvatida va koʻp burhonlarning mustahkamligidagi burhon kerak boʻladi. Xolbuki bunga muvaffaq boʻlish juda qiyin. Shuning uchun sening hiylang bilan bu davrda betaraf muhokama suratida koʻp kimsalar iymonini yoʻqotyapti...

Shayton qaytib: "Qur'on bashar kalomiga oʻxshaydi, ularning gaplashishi tarzida. Demak, inson kalomidir. Agar Allohning kalomi boʻlsa, unga yarashadigan, xar jihatdan gʻaroyib tarzi boʻlar edi. Uning san'ati bashar san'atiga oʻxshamagani kabi, kalomi ham oʻxshamasligi kerak?", dedi.

Javoban aytdim: Paygʻambarimiz, moʻ'jizalari va vasflaridan boshqa, harakat, holat va harakatlarida inson boʻlib, bashar kabi Ilohiy qonunlar va koinot dasturlariga boʻysungan va itoat qilgan. U ham sovuq qotadi, azob chekadi va hokazo... Ummatiga holati bilan imom boʻlishi, ishlari bilan rahbar boʻlishi, barcha harakatlari bilan dars berishi uchun xar bir holat va harakatida gʻaroyib vaziyat berilmagan. Agar xar harakatlarida gʻaroyib boʻlganida, xar jihatda shaxsan imom boʻla olmas, hammaga mutlaq murshid boʻla olmas edi. Butun holatlari bilan Rahmatan lil olamin boʻla olmas edilar. Aynan shuning kabi:

Qur'oni Hakim shuur boʻlganlarga imom, jin va insonlarga murshid, ahli kamolga rahbar, haqiqat ahliga muallimdir. Shunday ekan, insonning suhbati va uslubi tarzida boʻlishi zaruriy va qat'iydir. Chunki jin va insonlar munojatlarini undan oladi, duosini undan oʻrganadi, misollarini uning tili orqali zikr qiladi, axloqiy normalarni undan oʻrganadi va hokazo... Hamma uni manba sifatida murojaat qiladi. Shunday ekan, agar Hazrat Muso Alayhissalomning Turi Sinoda eshitgan Kalomullohi tarzida boʻlganida, inson uni tinglashga, eshitishga chiday olmas va manba qila olmas edi. Hazrat Muso kabi ulul azm paygʻambar, faqat bir necha kalomni eshitishga chiday olgan.

Muso Alayhissalom:

اَهٰكَذَا كَلَامُكَ ؟ قَالَ اللّٰهُ : ل۪ى قُوَّةُ جَم۪يعِ الْاَلْسِنَةِ

degan.

Yana shayton: "Qur'onning misollari kabi koʻp kishilar u turdagi masalalarni din nomidan gapiradi. Shuning uchun bir inson din nomidan gapirishi mumkin emasmi?" dedi.

— 186 —

Javoban Qur'onning nuri bilan aytdimki: Avvalo, dindor odam din muhabbati uchun "Haq shundaydir. Haqiqat bu. Allohning amri shunday!" deydi. Allohni oʻz xohishicha gapirtirmaydi. Haddidan Hadsiz darajada tajovuz qilib, Allohning taqlidini qilib, uning nomidan gapira olmaydi.

﴿ فَمَنْ اَظْلَمُ مِمَّنْ كَذَبَ عَلَى اللّٰهِ ﴾

dasturidan titraydi.

Ikkinchidan, bir inson mustaqil ravishda bunday qilishi va muvaffaq boʻlishi hech bir jihatdan mumkin emas. Balki yuz daraja imkonsiz. Chunki bir-biriga yaqin kishilar bir-birini taqlid qila oladi. Bir jinsdan boʻlganlar bir-birining suratiga kira oladi. Martaba jihatidan bir-biriga yaqin boʻlganlar bir-birining maqomlarini taqlid qila oladi. Insonlarni vaqtincha gʻaflatga tushiradi. Lekin doimiy alday olmaydi. Chunki diqqat qilgan kishilar nazarida xar qanday holatda hatti harakatlari ichidagi qalbakilik va majburiy hollar soxtakorligini koʻrsatadi. Hiylasi davom etmaydi. Agar soxtakorlik bilan taqlidga harakat qilgan kimsa, narigi tomondan oʻta uzoq boʻlsa, masalan oddiy bir odam, Ibn Sino kabi bir dohiyni ilmda taqlid qilishni istasa yoki bir choʻpon oʻzini podshohga oʻxshatsa hech kimni alday olmaydi albatta. Balki oʻzi masxara boʻladi. Xar bir holati: Bu soxtakor, deb qichqiradi.

Demak, qatʻiyyan va yuz ming marta aslo!.. Qur'on bashar kalomi faraz etilgan payt:

Tilla qoʻngʻiz ming yil qiyinchiliksiz haqiqiy bir yulduz boʻlib kuzatuvchilarga koʻrinishi, bir chivin bir yil tovus suratiga toʻliq sohtaliksiz, tomosha qilganlarga koʻrsatishi, soxtakor, omi bir askar mashxur, oliy bir marshal boʻlib koʻrinishi, joyida oʻtirishi, uzoq vaqt davomida qolishi, hiyla qilgani yuzaga chiqmasligi, tuhmat qilgan yolgʻonchi, e'tiqodsiz odam umri davomida doim eng sodiq, eng ishonchli, eng dindor zotning holati va koʻrinishini eng diqqatli nazarga bemalol koʻrsatishi, dohiylarning nazarida qalbakiligini yashirishi mumkinmi?!

Bu yuz daraja imkonsiz. Unga hech bir aqli bor odam "boʻlishi mumkin" deya olmaydi. Buni faraz qilish, imkonsiz ishni ochiq-oydin boʻlgandek faraz qilishdek safsata boʻladi.

Aynan shuning kabi: Qur'onni inson kalomi deb faraz qilish:

Islom Olamining samosida juda porloq va doim haqiqat nurlarini taratgan haqiqat yulduzi, balki kamolot quyoshi deb qabul qilingan "Kitobi Mubin"ning mohiyati, aslo tilla qoʻngʻiz hukmida sohtakor insonning xurofotli uydirmasi boʻlishi, eng yaqinidagilar va unga e'tibor berib qaraganlar farqiga bormasligi, uni doim oliy va haqiqatlar manbai boʻlgan yulduz deb bilishi kerak boʻladi.

Bu esa, yuz daraja imkonsizligi bilan birga, sen ey shayton shaytanatingda yuz daraja rivojlansang ham, bunga imkon berdira olmaysan! Buzilmagan hech bir aqlni ishontira olmaysan! Lekin ma'nan juda uzoqdan qaratish bilan aldaysan. Yulduzni tilla qoʻngʻiz kabi kichik koʻrsatasan.

— 187 —

Uchinchidan: Qur'onni inson kalomi faraz qilinsa, nishonlari bilan, ta'sirlari bilan, natijalari bilan insoniyat olamining eng jonli va hayot sochgan, eng haqiqatli va saodat yetkazgan, eng qamrovli va moʻ'jiz bayon, yuksak ustunliklari bilan porloq Furqonning yashirin haqiqati, qatʻiyyan, yordamsiz, ilmsiz bir insoning soxtakor, oddiy fikrining uydurmalari boʻlishi, yaqindan uni koʻrgan va qiziqish bilan e'tibor bergan buyuk zehnlar, ulugʻ daholar unda hech qachon hech bir jihatda soxtakorlik va qalbakilik belgisi koʻrmasligi kerak boʻladi!

Doim jiddiyatni, samimiyatni, ixlosni topsishi lozim!

Bu esa yuz daraja imkonsizligi bilan birga, butun holatlari bilan, gaplari bilan, harakatlari bilan butun hayotida omonatni, iymonni, ishonchni, ixlosni, jiddiyatni, istiqomatni koʻrsatgan va dars bergan, siddiqiynlarni yetishtirgan eng yuksak, eng porloq, eng oliy xislat deb sanalgan va qabul qilingan bir zotni eng amniyatsiz, eng ixlossiz, eng e'tiqodsiz faraz qilish, qat-qat imkonsizlikni boʻlgandek qabul qilish kabi shaytonni ham uyaltiradigan bir kufriy ahmoqlik boʻladi.

Chunki shu masalaning oʻrtasi yoʻq. Farazan Qur'on Kalomulloh boʻlmasa, arshdan zaminga tushgandek tubanlashadi. Oʻrtada qolmaydi. Haqiqatlar majmuasi, xurofotlar manbaiga aylanadi. Bu gʻaroyib farmonni koʻrsatgan Zot, (qatʻiyyan va aslo) agar Rasululloh boʻlmasalar, a'loyi illiyindan asfali sofiliynga tushish va kamolot manbai darajasidan hiylalar ma'dani darajasiga tushish kerak boʻladi. Oʻrtada qolmaydi. Zero Alloh nomiga tuhmat qilgan, yolgʻon gapirgan eng past darajaga tushadi. Bir chivinni doimiy bir suratda tovus koʻrish va tovusning ulkan vasflarini xar doim kuzatish naqadar imkonsiz boʻlsa bu masala ham shunday imkonsiz. Bunga ehtimol berish uchun fitratan aqlsiz, sarxush bir devona boʻlish kerak.

Toʻrtinchidan: Qur'onni bashar kalomi deb faraz qilinsa,

bani Odam sinfining eng buyuk va muhtasham qoʻshini boʻlgan ummati Muhammadiyaning (S.A.V.) muqaddas qoʻmondoni - Qur'on, koʻz bilan koʻrilgan quvvatli qonunlari bilan, asosli dasturlari bilan, taʻsirli amrlari bilan juda ulkan qoʻshinga, ikki jahonni fath qiladigan darajada intizom bergan, ishonch va tartibga solgan, moddiy-ma'naviy jiholar bergan, barcha kishilarning darajalariga koʻra aqllariga ta'lim bergan, qalblarini tarbiya qilgan, ruhlarini boʻysundirgan, vijdonlarini poklagan, a'zo va organlarini ishlatgan va vazifa yuklaganiga qaramasdan (qatʻiyyan, yuz ming marta aslo) kuchsiz, qiymatsiz, aslsiz uydirma deb faraz qilish imkonsiz ishni yuz daraja qabul qilish kerak boʻlishi bilan birga.. hayoti davomida jiddiy harakatlari bilan Haqning qonunlarini bani Odamga dars bergan, samimiy ishlari bilan haqiqatning dasturlarini insonga ta'lim bergan, xolis va mantiqiy gaplari bilan istiqomatning va saodatning usullarini koʻrsatgan va ta'sis etgan, butun hayotining guvohligi bilan Allohning azobidan qattiq qoʻrqqan, hammadan koʻra koʻproq Allohni bilgan va bildirgan, bashariyatning beshdan biriga va yer kurrasining yarmiga bir ming uch yuz ellik yil davomida kamoli hashamat bilan qoʻmondonlik qilgan, jahonni hayajonga solgan mashxur harakatlari bilan insoniyatning, balki koinotning haqiqiy faxr sababi boʻlgan Zotni (qatʻiyyan, yuz ming marta aslo) soxtakor, Allohdan qoʻrqmaydigan, bilmaydigan va yolgʻondan chekinmaydigan, sharafini tanimaydigan deb faraz qilish uchun yuz daraja imkonsiz ishni birdan bajarish kerak boʻladi.

— 188 —

Chunki bu masalaning oʻrtasi yoʻq. Farazan Qur'on Kalomulloh boʻlmasa arshdan tushsa, oʻrtada qolmaydi. Balki yerda yolgʻonchi odamning narsasi ekanini qabul qilish lozim boʻladi. Bu esa ey shayton! Agar sen yuz daraja qat-qat shayton boʻlsang ham hech bir buzilmagan aqlni ishontirolmaysan va hech bir chirimagan qalbni ishontira olmaysan.

Shayton javoban: Qanday qilib ishontira olmayman? Qur'onni va Muhammadni koʻp insonlarga va insonning mashhur mutafakkirlariga inkor ettirdim, dedi.

Javob: Avvalo, juda uzoq masofadan qaralsa, eng katta narsa eng kichik narsa boʻlib koʻrinishi mumkin. Yulduz shamchalik boʻladi.

Ikkinchidan: Ham vosita orqali, yuzaki nazar bilan qaralsa, oʻta imkonsiz narsa mumkin boʻlib koʻrinadi. Masalan, keksa bir odam Ramazon hilolini koʻrish uchun osmonga qaraydi. Koʻziga bir oq qil tushgani uchun uni Oy deb oʻylaydi. Oyni koʻrdim deydi. Hilolning oq qil boʻlishi esa, imkonsiz. Qasddan va oʻzi Oyga qaragani va u sochni e'tiborga olmasdan, diqqat qaratmasdan, ikkinchi darajada koʻrgani uchun, oʻsha imkonsiz narsani mumkin deb hisoblagan.

Uchinchidan: Qabul qilmaslik boshqa, inkor qilish boshqadir. Qabul qilmaslik loqaydlik, koʻz yumish va johilona aql yuritmaslikdir. Bu sahklda koʻp imkonsiz narsalar unda yashirinishi mumkin. Uning aqli ular bilan ovora boʻlmaydi.

Inkor esa, qabul qilmaslik emas, balki yoʻqligini qabul qilish, xulosa hisoblanadi. Uning aqli harakat qilishga majbur. Bu holatda sendek shayton uning aqlini qoʻlidan oladi, soʻng unga inkorni yuttiradi. Ey shayton! Botilni haq va imkonsiz narsani mumkin qilib koʻrsatgan gʻaflat, zalolat, safsata, qaysarlik, aldov, takabburlik qilib haqni qabul qilmaslik, gʻaflatga tushirish va urf-odat kabi shaytoniy hiylalar bilan koʻp imkonsiz ishlarga olib boran inkor va kufrni badbaxt inson suratidagi hayvonlarga yedirgansan!

Toʻrtinchidan: Qur'onni inson kalomi deb faraz qilish oqibatida:

Insoniyat olamining samovotida yulduzlar kabi porlagan asfiyolarga, siddiqiynlarga, aqtoblarga rahbarlik qilgani kuzatilgan, ochiq oydin, bardavom haq va haqqoniyatni, sidq va sadoqatni, ishonch va omonatni barcha komil insonlar tabaqalariga ta'lim bergan, iymon ruknlarining haqiqatlari va Islom ruknlarining dasturlari orqali ikki dunyoning saodatini ta'minlagan va bu ishining shahodati bilan zaruriy haq, xolis va sof haqiqatni, juda toʻgʻri va oʻta jiddiy boʻlishi kerak boʻlgan kitobni, oʻz vasflari, koʻrsatgan ta'sirlari va nurlariga zidd vasf bilan tasavvur qilib, (qatʻiyyan, va aslo) bir soxtakorning uydurma va tuhmatlari majmuasi nazari bilan qarash, sofistlar va shaytonlarni ham uyaltiradigan va titratadigan tuban kufr safsatasi boʻlib, tushuntirgan dini va Islom shariatining shahodati bilan, hayot davomida koʻrsatgan hamma tasdiqlagan favqulotda taqvosi, xolis va sof qulligining dalolati bilan, barcha ittifoq qilgan, u zotda koʻringan axloqi hasananing taqozosi bilan,

— 189 —

yetishtirgan butun haqiqat ahli va kamolot sohiblarining tasdigʻi bilan eng e'tiqodli, eng metin, eng amin, eng sodiq Zotni, (aslo aslo, yuz ming karra qatʻiyyan) e'tiqodsiz, eng ishonchsiz, Allohdan qoʻrqmaydigan holatda faraz qilish, imkonsiz narsalarning eng xunuk va manfur suratini va zalolatning eng zulmli va zulmatli shaklini qilishi kerak boʻladi.

Natija: Oʻn Toʻqqizinchi Maktubning Oʻn Sakkizinchi Ishoratida aytIlganidek, tinglovchi omi tabaqasi {(1) Quloqli tabaqa - hodisalarni aniqlashirmay, tadqiq qilmay, faqatgina tinglab va eshitib bilgan qism. Tushunish saviyasi eng omi va avom tabaqa. Ilmni faqat quloq va tinglash orqali olishadi(tarjimon izohi).} Qur'onning i'jozini tushunishda aytganki: Qur'on, men tinglagan va dunyoda mavjud barcha kitoblarga qiyos qilinsa, hech biriga oʻxshamaydi va ularning darajasida emas. Shunday ekan yo Qur'on umumining ostida yoki hammasidan ustun darajaga ega. Barchasidan pastda boʻlishini, imkonsiz boʻlish bilan birga, hech bir dushman, hatto shayton ham ayta olmaydi va qabul qilmaydi. Shunday ekan, Qur'on barcha kitoblardan ustundir. Demak, moʻ'jizadir.

Huddi shuning kabi, biz uslub va mantiq bilimlariga asosan sabr va taqsim deyilgan eng qat'iy bir hujjat bilan aytamiz: Ey shayton va ey shaytonning shogirdlari! Qur'on, yo arshi a'zamdan, ismi a'zamdan kelgan kalomullohdir yoki (aslo aslo, yuz ming karra qatʻiyyan) yerda soxtakor, Allohdan qoʻrqmaydigan va Allohni bilmaydigan, e'tiqodsiz insonning uydirmasidir. Buni esa ey shayton, sobiq hujjatlarga qarshi ayta olmading, ayta olmaysan va aytmaysan ham. Demak Qurʻon Xoliqi Koinotning kalomi ekani zaruriy va shibhasizdir. Chunki oʻrtasi yoʻq, imkonsiz va boʻlishi mumkin emas. Buni qat'iy suratda isbotladik. Buni koʻrding va tinglading.

Muhammad Alayhissalotu Vassalam esa yo Rasulullohdir, butun Rasullarning eng komili, butun maxluqotning afzali yoki (qatʻiyyan, yuz ming marta aslo) Allohga tuhmat qilgan, Allohni bilmagani va azobiga ishonmagani uchun e'tiqodsiz, asfali sofiliynga tushgan inson deb faraz qilish {(Hoshiya) Qur'oni Hakim, kofirlarning kufr va iymonsizlikka sabab boʻlgan gap va ishlarini, xunuk ifodalarini yoʻq qilish uchun aytilganiga tayanib, zalolatdagining kufriy fikrlarining batamom imkonsizligini va toʻliq chiriganini koʻrsatish uchun bu ifodalarni faraz suratida qoʻrqib ishlatishga majbur boʻldim.} lozim boʻladi. Buni esa ey Iblis, na sen ayta olasan va na sen ishongan Ovrupa faylasuflari va Osiyo munofiqlari ayta olmaydi, ayta olmagan, ayta olmaydi ham, aytmagan va aytmaydi ham. Chunki dunyoda buni tinglaydigan va qabul qiladigan odam yoʻq.

— 190 —

Shuning uchun, sen ishongan faylasuflarning eng buzgʻunchilari va Osiyo munofiqlarining eng vijdonsizlari ham: "Muhammadi Arabiy (S.A.V.) juda aqlli edi. Juda goʻzal axloqli edi" deydi. Modomiki bu masala ikki tomonga maxsus, modomiki ikkinchi tomon imkonsiz va hech bir kim bunga ega boʻla olmas ekan va modomiki qat'iy hujjatlar bilan isbot qildikki, oʻrtasi yoʻq ekan, albatta zarurat holida senga va shayton tarafdorlariga ters, ochiq oydin va haqqalyaqiyn Muhammadi Arabiy Alayhissalotu Vassalam Rasulullohdir va butun Rasullarning akmalidir, butun maxluqotning afzalidir.

عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ بِعَدَدِ الْمَلَكِ وَالْاِنْسِ وَالْجَانِّ
— 191 —
Shaytonning Ikkinchi Kichik Bir E'tirozi
﴿ قٓ وَ الْقُرْاٰنِ الْمَج۪يدِ ﴾

surasidagi

﴿ مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ اِلَّا لَدَيْهِ رَق۪يبٌ عَت۪يدٌ ٭ وَجَٓاءَتْ سَكْرَةُ الْمَوْتِ بِالْحَقِّ ذٰلِكَ مَا كُنْتَ مِنْهُ تَح۪يدُ ٭ وَ نُفِخَ فِى الصُّورِ ذٰلِكَ يَوْمُ الْوَع۪يدِ ٭ وَ جَٓاءَتْ كُلُّ نَفْسٍ مَعَهَا سَٓائِقٌ وَ شَه۪يدٌ ٭ لَقَدْ كُنْتَ ف۪ى غَفْلَةٍ مِنْ هٰذَا فَكَشَفْنَا عَنْكَ غِطَٓاءَكَ فَبَصَرُكَ الْيَوْمَ حَد۪يدٌ ٭ وَ قَالَ قَر۪ينُهُ هٰذَا مَا لَدَىَّ عَت۪يدٌ ٭ اَلْقِيَا ف۪ى جَهَنَّمَ كُلَّ كَفَّارٍ عَن۪يدٍ ﴾

oyatlarni oʻqir ekanman, shayton: "Qur'onning eng muhim fasohatini, siz uning ravonligi va ochiq-ravshanligida deb bilasiz. Xolbuki bu oyatda qayerdan qayerga xatlayapti? Sakarotdan qiyomatga hatlayapti. Sur puflanishidan hisobning oxiriga borayapti va undan Jahannamga kirishni zikr qilyapti. Bu ajib xatlashlar ichida qanday ravonlik qoladi? Qur'onning aksar joylarida bir-biridan uzoq masalalarni birlashtiradi. Bunday munosabatsiz vaziyatda ravonlik, fasohat qayerda qoladi?" dedi.

Javob: Qur'oni Moʻ'jiz-ul Bayon moʻjizaligining asosi, balogʻatidan soʻng eng muhim jihatlaridan biri ijozdir. Ijoz, Qur'on moʻjizaligining eng metin va eng muhim asosidir. Qur'oni Hakimda bu moʻ'jizali ijoz shunchalik koʻp va shu qadar goʻzalki, tadqiq qilganlar uning qarshisida hayratda qolgan. Masalan:

﴿ وَ ق۪يلَ يَٓا اَرْضُ ابْلَع۪ى مَٓاءَكِ وَيَا سَمَٓاءُ اَقْلِع۪ى وَغ۪يضَ الْمَٓاءُ وَقُضِىَ الْاَمْرُ وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِىِّ وَق۪يلَ بُعْدًا لِلْقَوْمِ الظَّالِم۪ينَ ﴾

Bir nechta qisqa jumla bilan, buyuk Toʻfon hodisasini, natijalari bilan ijoz bilan, moʻ'jizali bayon qiladiki, balogʻatiga koʻp balogʻat ahlini sajda ettirgan.

Yana masalan:

﴿ كَذَّبَتْ ثَمُودُ بِطَغْوٰيهَا ٭ اِذِ انْبَعَثَ اَشْقٰيهَا ٭ فَقَالَ لَهُمْ رَسُولُ اللّٰهِ نَاقَةَ اللّٰهِ وَسُقْيٰيهَا ٭ فَكَذَّبُوهُ فَعَقَرُوهَا فَدَمْدَمَ عَلَيْهِمْ رَبُّهُمْ بِذَنْبِهِمْ فَسَوّٰيهَا ٭ وَلَا يَخَافُ عُقْبٰيهَا ﴾
— 192 —

Samud Qavmining ajib va muhim hodisalarini, natijasini va yomon oqibatini, bir nechta qisqa jumla bilan ijoz ichida bir i'joz bilan ravon, ochiq ravshan va tushunishda qiynamaydigan tarzda bayon etadi.

Yana masalan:

﴿ وَذَا النُّونِ اِذْ ذَهَبَ مُغَاضِبًا فَظَنَّ اَنْ لَنْ نَقْدِرَ عَلَيْهِ فَنَادٰى فِى الظُّلُمَاتِ اَنْ لَٓا اِلٰهَ اِلَّٓا اَنْتَ سُبْحَانَكَ اِنّ۪ى كُنْتُ مِنَ الظَّالِم۪ينَ ﴾

Ushbu اَنْ لَنْ نَقْدِرَ عَلَيْهِ jumlasidan فَنَادٰى فِى الظُّلُمَاتِ jumlasigacha koʻp jumlalar siqishtirilgan. Zikr etilmagan jumlalar tushunishni qiyinlashtirmaydi, ravonligiga zarar bermaydi. Hazrat Yunus Alayhissalomning qissasidan muhim asoslarni zikr qiladi. Qolganini aqlga havola qiladi.

Yana masalan: Yusuf surasida فَاَرْسِلُونِ kalimasi bilan يُوسُفُ اَيُّهَا الصِّدّ۪يقُ orasida yetti-sakkiz jumla ijoz bilan tashlab oʻtilgan. Bu tushunishni qiyinlashtirmaydi, ravonligiga zarar bermaydi. Bu turdagi moʻ'jizoli ijozlar Qur'onda juda koʻp. Ham juda goʻzal.

Ammo Sura-i Qofning oyatidagi ijoz juda ajib va moʻ'jizladir. Chunki kofirning juda mudhish va juda uzun va bir kuni ellik ming yil boʻlgan kelajagiga, oʻsha kelajakning daxshatli oʻzgarishlarida kofirning boshiga keladigan azobli va muhim hodisalarga bir-bir ishorat qiladi. Fikrni ularning ustida chaqmoqdek kezdiradi. Juda ham uzun zamonni hozir sahifa kabi e'tiborga havola qialdi. Zikr qilinmagan hodisalarni xayolga havola etib, ulugʻ ravonlik bilan bayon qiladi.

﴿ وَاِذَا قُرِئَ الْقُرْاٰنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَاَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ ﴾

Xullas ey shayton! Yana boshqa gaping boʻlsa, ayt...

Shayton: Bularga qarshi chiqa olmayman, mudofaa qila olmayman. Lekin koʻp ahmoqlar bor, meni tinglaydi va inson suratida koʻp shaytonlar bor, menga yordam beradi. Faylasuflardan koʻp fir'avnlar bor, menligini shishirgan masalalarni mendan dars oladi. Sening bu kabi soʻzlaringni nashr qilishga toʻsiq boʻladi. Shuning uchun senga taslim boʻlmayman!

﴿ سُبْحَانَكَ لَا عِلْمَ لَنَٓا اِلَّا مَا عَلَّمْتَنَٓا اِنَّكَ اَنْتَ الْعَل۪يمُ الْحَك۪يمُ ﴾