YIGIRMA IKKINCHI YOGʻDU
Ispartaning odil hokimiga va adliyasiga va zobitlik bo'limiga.. eng maxfiy va eng xos va xolis qardoshlarimga maxsus yigirma ikki yil avval Ispartaning Barla nohiyasida bo'lganimda, yozgan ushbu gʻoyat maxfiy risolachamni Isparta millati bilan va hukumati bilan aloqadorligini koʻrsatgani uchun taqdim etmoqdaman. Agar munosib koʻrilsa, yo yangi yoki eski harf bilan yozuv mashinkasida bir nechta nusxa yozilsinki, yigirma besh-oʻttiz yildan beri sirlarimni qidirganlar va ta'qib qilganlar ham anglasinlarki, hech qanday yashirin sirimiz yoʻq. Va eng yashirin bir sirrimiz, ushbu risoladir, bilsinlar!
Oʻn Yettinchi Yogʻduning Oʻn Yettinchi Mulohazasining Uchinchi Masalasi ekan, savollarining shiddat va qamroviga va javoblarining quvvat va porloqligiga binoan, Oʻttiz Birinchi Maktubning Yigirma Ikkinchi Yogʻdusi boʻlib Yogʻdularga qoʻshildi. Yogʻdular bu Yogʻduga joy berishlari kerak. Maxfiydir, eng xos va xolis va sodiq qardoshlarimizga maxsusdir.
Bu Masala "Uch Ishora"dir.
Birinchi Ishora: Shaxsimga va Risola-i Nurga oid muhim bir savol.
Koʻplar tarafidan deyiladiki: Sen ahli dunyoning dunyosiga qoʻshilmaganing holda, nima uchun, har fursatda ular sening oxiratingga qoʻshiladilar. Holbuki hech bir hukumatning qonuni dunyoni tark qilganlar va yakka yashaydiganlar bilan ishi yoʻq?
Javob: Yangi Saidning bu savolga javobi sukutdir. Yangi Said: "Mening javobimni qadari Ilohiy bersin", deydi. Shu bilan birga majburiyat bilan, omonat sifatida qarz olgan Eski Saidning aqli deydiki: Bu savolga javob beradigan, Isparta viloyatining hukumatidir va shu viloyatning millatidir. Chunki bu hukumat va shu millat mendan bu savolning ostidagi ma'no bilan ancha muncha aloqador. Modomiki minglab vakillari boʻlgan hukumat va yuz minglab a'zolari boʻlgan bir millat mening badalimga oʻylashga va mudofaa qilishga majbur ekan. Men nima uchun behuda ayblovchilar bilan gaplashib mudofaa qilay. Chunki toʻqqiz yildan beri bu viloyatdaman, borgan sari dunyolariga yanada ko'proq orqamni oʻgirmoqdaman. Hech bir holim yashirin qolmagan. Eng yashirin, eng maxfiy risolalarim ham hukumatning va ba'zi majlis a'zolarining qoʻllariga oʻtgan. Agar ahli dunyoni xavotir va qoʻrquvga soladigan dunyoviy aralashish holim va chalkashtirish tashabbusim va fikrim boʻlsaydi, bu viloyat va tumanlardagi hukumat toʻqqiz yil e'tibor va josuslik qilganlari holda va men ham chekinmasdan yonimga kelganlarga sirlarimni bayon qilganim holda, hukumat menga nisbatan sukut qilib tegmadi. Agar millatning va vatanning saodatiga va istiqboliga zarar beradigan jinoyatim boʻlsa, toʻqqiz yildan beri hokimidan tortib qishloq politsiya uchastkasi boshligʻigacha ularini javobgar qiladi. Ular oʻzlarini mas'uliyatdan qutqarish uchun men haqqimda pashshani fil qilganlarga qarshi, filni pashsha qilib meni mudofaa qilishga majburdirlar. Shunday ekan, bu savolning javobini ularga havola qilaman.
Ammo bu viloyatning millati umuman olganda mendan ziyoda meni mudofaa qilish majburiyatlarining sababi, toʻqqiz yillik ham qardosh, ham doʻst, ham muborak boʻlgan bu millatning abadiy hayotiga va iymon quvvatiga va hayotining saodatiga amalda va ishda ta'sirini koʻrsatgan yuzlab risolalar bilan xizmat qilganimizni va hech kimga u risolalar tufayli hech bir aziyat va zarar kelmagani va hech bir gʻaraz qiladigan siyosiy va dunyoviy alomatlar koʻrilmagani va Allohga hamd boʻlsin, Isparta viloyati eski zamonning Shomi Sharifining muborakligi va olami Islomning umumiy madrasasi boʻlgan Misrning Jome'-ul Azharining muborakligi navidan, iymon quvvati va diniy salobat jihatidan muborakligi maqomini Risola-i Nur vositasi bilan qozonib, bu viloyatda iymonning quvvati loqaydlikka va ibodatning ishtiyoqi safohatga hokim boʻlishini va Risola-i Nur bu viloyatga umum viloyatlardan ustun dindorlik fazilatini qozontirgani uchun, albatta bu viloyatdagi barcha insonlar, hatto aytaylik dinsizi boʻlsa ham, meni va Risola-i Nurni mudofaa qilishga majburdir. Ularning juda ahamiyatli mudofaa haqlari ichida men kabi vazifasini tugatgan va Allohga hamd boʻlsin, minglab shogirdlar men kabi bir ojizning oʻrnida xizmat qilgan va xizmat qilayotgan paytda, ahamiyatsiz shaxsiy haqqim meni mudofaa qilishga chorlamaydi. Bu qadar minglab advokatlari boʻlgan odam, oʻz da'vosini oʻzi mudofaa qilmaydi.
Ikkinchi ishora: Tanqidli bir savolga javob.
Ahli dunyo tarafidan: "Sen nima uchun bizdan ranjiding? Bir marta ham, umuman murojaat qilmasdan jim oʻtirding? Bizdan shiddatli shikoyat qilib "Menga zulm qilmoqdasizlar!" deyapsan. Holbuki bizning bir uslubimiz, bu asrning taqozosi boʻlib xususiy dasturlarimiz bor. Bularning tatbiqini qabul qilmayapsan. Qonunni tatbiq qilgan zolim boʻlmaydi, qabul qilmagan isyon qiladi. Jumladan: Bugungi hurriyat asrida va bu yangi boshlangan jumhuriyatlar davrida, tenglik asosiga binoan zoʻravonlik va sitamni olib tashlash dasturi bizning asosiy qonunimiz hukmiga oʻtgani holda, sen goh domlalik, goh zohidlik suratida odamlar e'tiborini qozonib, diqqatni oʻzingga jalb qilib, hukumatning nufuzi xorijida bir quvvat, ijtimoiy maqom qoʻlga kiritishga harakat qilganing, yaqqol holing va oʻtmishdagi boshdan oʻtkazganlaringning dalolati bilan tushunilmoqda. Bu holga esa, hozirgi ta'bir bilan, burjuaziya sinfining istibdodli zoʻravonliklari ichida chidash mumkin. Lekin bizning oddiy xalq tabaqasining uygʻonishi va gʻalabasi bilan namoyon boʻlgan toʻliq sotsializm va bolshevizm dasturlari bizning ishimizga koʻproq yaragani uchun, oʻsha sotsializm dasturlarini qabul qilganimiz holda, sening vaziyating bizga ogʻir kelmoqda, prinsiplarimizga muxolif boʻlmoqda. Shuning uchun senga bergan aziyatimizdan shikoyat qilishga va ranjishga haqqing yoʻq", deyilmoqda.
Javob: Bashariyat ijtimoiy hayotida yangi yoʻl ochgan kishi, agar koinotdagi yaratilish qonuniga muvofiq harakat qilmasa, xayrli ishlarda va taraqqiyotda muvaffaq qozona olmaydi. Barcha harakati yomonlik va buzgʻunchilik hisobiga oʻtadi. Modomiki yaratilish qonuniga uygʻun harakat qilishga majburiyati bor ekan, albatta bashariyat tabiatini oʻzgartirish va nav'i basharning yaratilishidagi eng muhim hikmatni olib tashlash bilan, mutlaq tenglik qonuni tatbiq qilinishi mumkin. Ha, men nasab va yashash tarzi jihatidan avom tabaqasidanman. Va mashrab va fikr jihatidan "huquqda tenglik" maslagini qabul qilganlardanman. Shafqat jihatidan va Islomiyatdan kelgan adolat sirri bilan, burjuaziya deyilgan boylar tabaqasining istibdod va zoʻravonliklariga nisbatan eskidan beri qarshi chiqish bilan harakat qilganlardanman. Shuning uchun bor quvvatim bilan chinakkam adolat tarafida, zulm va sitamga hamda zoʻravonlik va istibdodga qarshiman.
Lekin nav'i basharning tabiati va hikmatining sirri mutlaq tenglik qonuniga ziddir. Chunki Fotiri Hakiym, mukammal qudrat va hikmatini koʻrsatish uchun, oz narsadan koʻp mahsulot oldirgani va bir sahifada koʻp kitoblarni yozdirgani va bir narsa bilan koʻp vazifalarni qildirgani kabi, bashar navi bilan ham minglab navning vazifalarini qildiradi.
Oʻsha azim sir sabab, Janobi Haq inson navini minglab navlar unib chiqadigan va hayvonotning boshqa minglab navlari qadar tabaqalar koʻrsatadigan tabiatda yaratgandir. Boshqa hayvonot kabi quvalariga, latifalariga, tuygʻulariga chegara qoʻyilmagan. Erkin qoʻyib cheksiz maqomlarda kezadigan iste'dod bergani, bir nav ekan minglab nav hukmiga oʻtgani uchun, Yerning xalifasi va koinotning natijasi va jonzotlarning sultoni hukmiga oʻtgan!
Xullas, nav'i insonning xilma-xilligining eng muhim asosi va harakat sababi, musobaqa bilan haqiqiy iymonli fazilatdir. Fazilatni olib tashlash bashariyat mohiyatining oʻzgartirilishi bilan, aqlning soʻndirilishi bilan, qalbning oʻldirilishi bilan, ruhning mahv etilishi bilan boʻlishi mumkin. Ha, hurriyat pardasi ostida mudhish bir istibdodga ega bu asrning gʻaddor yuziga otilishga loyiq ekan va holbuki u ta'zirga loyiq boʻlmagan gʻoyat muhim zotning xato boʻlib yuziga uloqtirilgan komilona bayti:
Mumkinmikan zulm ila, adolatsizlik ila hurriyatni yoʻq qilmoq
Urin idrokni olib tashla, qoʻlingdan kelsa odamiyatdan.
oʻrniga, bu asrning yuziga otish uchun men ham aytamanki:
Mumkinmikan zulm ila, adolatsizlik ila haqiqatni yoʻq qilmoq
Urin qalbni olib tashla, qoʻlingdan kelsa odamiyatdan.
Yoxud:
Mumkinmikan zulm ila, adolatsizlik ila fazilatni yoʻq qilmoq
Urin vijdonni olib tashla, qoʻlingdan kelsa odamiyatdan.
Ha, iymonli fazilat zoʻravonlikka sabab boʻlmagani kabi, istibdodga ham sabab boʻlolmaydi. Zoʻravonlik va sitam, fazilatsizlikdir. Va ayniqsa ahli fazilatning eng muhim mashrabi, ojizlik va faqirlik va kamtarinlik bilan bashariyatning ijtimoiy hayotiga qoʻshilish tarzida bo'lgan. Allohga hamd boʻlsin, bu mashrab ustida hayotimiz o'tgan va o'tyapti. Men oʻzimda fazilat bor deya faxr bilan da'vo qilmayman. Lekin ne'mati Ilohiyani aytish suratida, shukr qilish niyatida aytamanki: Janobi Haq fazlu karami bilan, iymoniy va Qur'oniy ilmlar bilan shugʻullanish va fahm qilish fazilatini ehson qilgan! Bu ehsoni Ilohiyni butun hayotimda, "Lillahilhamd", Allohning yordami bilan shu Islom millatining manfaatiga, saodatiga sarf qilib, hech bir vaqt zoʻravonlik va sitam vositasi boʻlmagani kabi, aksar ahli gʻaflat orzu qilgan odamlarning e'tibori va insonlarning chiroyli qabul qilishi, muhim bir sirga binoan, men nafrat qiladigan narsadir, ulardan qochaman. Yigirma yil eski hayotimni zoye qilgani uchun, ularni oʻzim uchun zararli deb bilaman. Ammo Risola-i Nurni yoqtirishlariga alomat deb bilganimdan, ularni ranjitmayman.
Mana ey ahli dunyo! Dunyongizga hech qoʻshilmaganim va uslublaringizga hech qanday aloqadorlik tomonim boʻlmagani va toʻqqiz yil asoratdagi bu hayotimning guvohligi bilan qaytadan dunyoga qoʻshilishga hech qanday niyat va orzuim yoʻq ekan, menga eski mustabid va doimo fursat poylagan va istibdod va zoʻravonlik fikrli bir odam kabi qilingan buncha ta'qib va tazyiqingiz qaysi qonun bilan amalga oshirildi? Qaysi foyda ko'zlanib qilindi? Dunyoda hech bir hukumat bunday qonunga xilof va hech bir kishining ma'qullashiga sazovor boʻlmagan bir muomalaga ruxsat bermagani holda, menga nisbatan qilingan buncha bad muomalalarga, nafaqat men gʻazablanyapman, balki agar bilsa nav'i bashar gʻazablanar, balki koinot gʻazablanmoqda!...
Uchinchi ishora: Adashtiradigan ahmoqona savol.
Bir qism ahli hukumat aytadilarki: Modomiki sen shu mamlakatda yashayotgan ekansan, uning jumhuriyat bilan bogʻliq qonunlariga itoat qilish lozim ekan, sen nima uchun yolgʻiz yashash pardasi ostida oʻzingni oʻsha qonunlardan olib qochyapsan? Jumladan, hozirgi hukumatning qonunida, vazifa xorijida goʻzal bir xislatni, bir fazilatni oʻziga taqib, u bilan bir qism odamlarga zoʻravonlik qilib gapini oʻtkazish, tenglik asosiga tayangan jumhuriyatning dasturiga ziddir. Sen nima uchun vazifasiz boʻlganing holda, qoʻlingni oʻptiryapsan? Odamlar meni tinglasin deb xudfurushona vaziyat olyapsan?
Javob: Qonunni tatbiq qilganlar avvalo oʻzlariga tatbiq qilgandan soʻng boshqasiga tatbiq qila oladilar. Siz oʻzingizga tatbiq qilmagan bir dasturingizni boshqasiga tatbiq qilish bilan, harkasdan avval siz dasturingizni, qonuningizni buzyapsiz va qarshi chiqyapsizlar. Chunki bu mutlaq tenglik qonunini menga tatbiq qilishni istayapsiz. Men ham aytamanki: Qachonki bir askar bir marshalning ijtimoiy maqomiga chiqsa va millat oʻsha marshalga koʻrsatgan hurmat va e'tiborga ishtirok etsa, va u kabi oʻsha e'tibor va hurmatga sazovor boʻlsa yoxud oʻsha marshal u askar kabi oddiylashsa va u askarning soʻniq vaziyatini olsa, va oʻsha marshalning vazifadan tashqari vaqtida hech qanday ahamiyati qolmasa.. yana, agar eng zakovatli va qoʻshinning zafar qozonishiga sabab boʻlgan bosh qoʻmondon eng ahmoq askar bilan odamlar e'tiborida va hurmat va muhabbatda teng boʻlsa, oʻshandagina sizning tenglik qonuningiz hukmiga binoan menga shunday deya olasiz: "Oʻzingga domla dema! Hurmatni qabul qilma! Fazilatingni inkor qil! Xizmatchingga xizmat qil! Tilanchilarga oʻrtoq boʻl!"
Agar: "Bu hurmat va maqom va e'tibor vazifa boshida boʻlgan vaqtga maxsus va vazifadorlarga xos. Sen vazifasiz odamsan. Vazifadorlar kabi millatning hurmatini qabul qilolmaysan!", desangiz.
Javob: Agar inson faqat jasaddan iborat boʻlsa, va inson dunyoda oʻlmay, doimiy qolsa, va qabr eshigi yopilsa, va oʻlim oʻldirilsa, oʻshanda vazifa faqat askarlik va idora ma'murlariga maxsus qolsa, soʻzingizda ma'no boʻlardi. Lekin modomiki inson faqat jasaddan iborat emas. Jasadni toʻydirish uchun qalb, til, aql, miya yulib olinib oʻsha jasadga yedirilmaydi. Ular yoʻq qilinmaydi. Ular ham idora istaydi.
Va modomiki qabr eshigi yopilmaydi va qabrning narigi tarafidagi istiqbol xavotiri hammaning eng muhim masalasidir. Albatta, millatning itoat va hurmatiga tayangan vazifalar, faqat millatning dunyoviy hayotiga oid ijtimoiy va siyosiy va askariy vazifalar bilan chegaralanmagan. Ha, yoʻlovchilarga sayohat uchun hujjat berish bir vazifa boʻlgani kabi, abad tarafiga ketgan yoʻlovchilarga ham hujjat, ham oʻsha zulmatli yoʻlda nur berish shunday bir vazifadirki, hech bir vazifa u vazifachalik ahamiyatli emas. Bunday vazifaning inkori, oʻlimning inkori bilan va har kun اَلْمَوْتُ حَقٌّ da'vosini o'layotganlarning muhri bilan imzo qoʻyib tasdiq qilgan oʻttiz ming shohidning guvohligini yolgʻonga chiqarish va inkor qilish bilan boʻladi. Modomiki ma'naviy zaruriy ehtiyojlarga tayangan ma'naviy vazifalar bor. Va u vazifalarning eng muhimi, abad yoʻlida sayohat uchun pasport hujjati, va barzax zulmatlarida qalbning choʻntak chirogʻi, va abadiy saodatning kaliti boʻlgan iymondir va iymonning darsi va mustahkamlanishidir. Albatta u vazifani bajargan ahli ma'rifat har holda ne'matga nonkoʻrlik suratida unga berilgan ne'mati Ilohiyani va fazilati iymoniyani pisand qilmay, buzuqlar va fosiqlarning maqomiga qulamaydi. Oʻzini tubanlarning bid'atlari bilan, safohatlari bilan bulgʻatmaydi!... Mana, siz yoqtirmagan va tengsizlik deb oʻylagan yolgʻiz yashash shuning uchundir.
Xullas, bu haqiqat bilan birga, menga qiynoq bilan azob bergan siz kabi anoniyatda va tenglik qonunini sindirishda fir'avnlik darajasida ilgarilagan mutakabbirlarga qarata aytaman. Chunki mutakabbirlarga nisbatan kamtarinlik, zillat deb oʻylangani uchun, kamtarinlik qilmaslik kerak. Balki ahli insof va kamtarin va odil qismiga aytamanki: Men, Allohga hamd boʻlsin, oʻz kamchiligimni, ojizligimni bilaman. Musulmonlar ustida kibrlanib hurmat maqomi istash emas, balki har vaqt nihoyasiz kamchiliklarimni, hechligimni koʻrib, istigʻfor bilan tasalli topib, odamlardan hurmat emas, duo istayman. Ham oʻylaymanki, mening bu maslagimni mening butun birodarlarim biladilar. Lekin, Qur'oni Hakimning xizmati asnosida va iymon haqiqatlarining darsi vaqtida oʻsha haqiqatlar hisobiga va Qur'on sharafi hisobiga oʻsha maqom taqozo qilgan izzat va ilmiy viqorni dars paytida muhofaza qilib, boshimni ahli zalolatga egmaslik uchun, oʻsha izzatli vaziyatni vaqtinchalik koʻrsataman. Oʻylaymanki, ahli dunyoning qonunlarining haddi yoʻqki, bu nuqtalarga qarshi chiqa olsin!
Hayratlanarli bir muomala tarzi: Ma'lumki, har yerda ahli maorif ma'rifat va ilm nuqtasida muhokama qiladi. Qayerda va kimda ma'rifat va ilm koʻrsa, maslak e'tibori bilan unga nisbatan doʻstlik va hurmat koʻrsatadi. Hatto dushman bir hukumatning bir professori bu mamlakatga kelsa, ahli maorif uning ilm va ma'rifatiga hurmatan uni ziyorat qiladilar va unga hurmat koʻrsatadilar. Holbuki Angliya eng yuksak ilmiy majlisining Mashihati Islomiyadan soʻragan olti savolning javobini olti yuz kalima bilan istagan vaqtlari, bu yer maorifining hurmatsizligiga uchragan bir ahli ma'rifat, o'sha olti savolga olti kalima bilan maqtovga loyiq boʻlgan javob bergan va ajnabiylarning eng muhim va hukamolarning eng asosli dasturlariga haqiqiy ilm va ma'rifat bilan tortishib gʻalaba qozongan va Qur'ondan olgan ma'rifat quvvati va ilmga tayanib Ovrupa faylasuflarini maydonga chaqirgan va Hurriyatdan olti oy avval Istanbulda ham olimlarni, hamda talabalarni munozaraga da'vat qilib oʻzi umuman savol soʻramasdan savollariga nuqsonsiz toʻgʻri javob bergan {(Hoshiya) Yangi Said deydiki: Bu yerda men Eski Said faxrlanib aytgan ushbu soʻzlariga ishtirok etmayman. Bu risolada soʻzni unga berganim uchun jim qilolmayapman. Anoniyatlilarga qarshi bir oz anoniyatini koʻrsatsin deb sukut saqlamoqdaman.} va butun hayotini bu millatning saodatiga bagʻishlagan va yuzlab risolalarni bu millatning Turk tilida nashr qilib bu millatni nurlantirgan.. ham vatandosh, ham dindosh, ham doʻst, ham qardosh bir ahli ma'rifatga eng ko'p aziyat bergan va unga adovat tashigan va balki hurmatsizlik qilgan - bir qism maorif doirasiga mansublar bilan oz bir qism rasmiy domlalardir.
Xullas qara, bu holatga nima deysan? Madaniyatmi? Maorifparvarlikmi? Vatanparvarlikmi? Milliyatparvarlikmi? Jumhuriyatparvarlikmi? Aslo! Aslo! Hech narsa emas. Balki bir qadari Ilohiydirki, u qadari Ilohiy o'sha ahli ma'rifat odamining doʻstlik umid qilgan yeridan adovat koʻrsatdiki, hurmat tufayli ilmi riyoga kirmasin va ixlosni qozonsin.
Xotima
Fikrimcha hayratlanarli va shukrga sabab bo'lgan tajovuz shuki:
Anoniyatli haddaan ortiq ahli dunyoning anoniyat ishida shu qadar sezgirlik borki, agar shuurli ravishda boʻlsa edi, karomat darajasida yoxud buyuk bir daho darajasida bir muomala qilinar edi.
U muomala shuki: Oʻz nafsim va aqlim menda his qilmagan bir parcha riyokorona anoniyat vaziyatini anoniyatlarining sezgirlik mezoni bilan his qilayotganday, shiddatli suratda men his qilmagan anoniyatimning qarshisiga chiqishadi. So'nggi sakkiz-toʻqqiz yilda sakkiz-toʻqqiz marta tajriba bo'ldi, ularning menga nisbatan zolimona muomala qilganlaridan soʻng, qadari Ilohiyni oʻylab "Nima uchun ularni mening boshimga balo qildi" deya nafsimning hiylalarini qidirar edim. Har dafa yo nafsim shuursiz ravishda anoniyatga oʻz tabiatidan mayl qilgan yoxud bilib turib meni aldaganini anglamoqdaman. Oʻsha vaqtda qadari Ilohiy zolimlarning zulmi ichida menga nisbatan adolat qildi, derdim. Jumladan: Yozda birodarlarim meni chiroyli otga mindirdilar. Bir sayrgohga bordim. Shuursiz holda nafsimda xudfurushona bir surur orzusi uygʻonishi bilan ahli dunyo shunday shiddatli u orzuimning qarshisiga chiqishdi. Faqat yashirin orzuni emas, balki koʻp ishtahalarimni kesdilar. Hatto, masalan, bu safar Ramazondan soʻng eski zamonda gʻoyat buyuk, qudsiy imomning bizga gʻaybiy karomati bilan iltifotidan soʻng qardoshlarimning taqvo va ixloslari va ziyoratchilarning hurmat va yaxshi oʻylari ichida -o'zim bilmasdan- nafsim iftixor qilib, goʻyo shukr pardasi ostida riyokorona anoniyat vaziyatini olishni istadi. Birdan ahli dunyoning haddan ortiq sezgirlik bilan va hatto riyokorlikning zarralarini ham his qiladigan shaklda, menga birdan yopishdilar. Men Janobi Haqqa shukr qilaman, bularning zulmi men uchun ixlosga vosita boʻldi.