Lama'lar
— 159 —

YIGIRMA BIRINCHI YOGʻDU

Ixlos haqida
(Oʻn Yettinchi Yogʻduning Oʻn Yettinchi Mulohazasining yetti masalasidan Toʻrtinchi Masalasi ekan, ixlos munosabati bilan Yigirmanchi Yogʻduning Ikkinchi Nuqtasi boʻldi. Nuroniyatiga binoan Yigirma Birinchi Yogʻdu boʻlib Yogʻdularga kirdi.)
Bu Yogʻdu loaqal har oʻn besh kunda bir marta oʻqilishi kerak.
﴿ بِسْمِ اللّٰهِ الرَّحْمٰنِ الرَّح۪يمِ ﴾
﴿ وَلَا تَنَازَعُوا فَتَفْشَلُوا وَتَذْهَبَ ر۪يحُكُمْ ٭ وَ قُومُوا لِلّٰهِ قَانِت۪ينَ ٭ قَدْ اَفْلَحَ مَنْ زَكّٰيهَا وَ قَدْ خَابَ مَنْ دَسّٰيهَا ٭ وَلَا تَشْتَرُوا بِاٰيَات۪ى ثَمَنًا قَل۪يلًا ﴾

Ey qiyomatli qardoshlarim va ey Qur'on xizmatida birodarlarim! Bilasiz va bilingizki: Bu dunyoda, xususan oxiratga oid xizmatlarda eng muhim asos, eng buyuk quvvat, eng maqbul shafoatchi, eng metin tayanch nuqtasi, eng qisqa haqiqat yoʻli, eng maqbul ma'naviy duo, eng karomatli maqsadlar vasilasi, eng yuksak xislat, eng sof ubudiyat ixlosdir. Modomiki ixlosda mazkur xossalar kabi koʻp nurlar va koʻp quvvatlar bor ekan, va modomiki bu mudhish zamonda va dahshatli dushmanlar qarshisida va shiddatli tazyiqlar qarshisida va bosqinchi bid'atlar, zalolatlar ichida bizlar gʻoyat kam va zaif va faqir va quvvatsiz holimizda, gʻoyat ogʻir va buyuk va umumiy va muqaddas bir iymoniy vazifa va Qur'on xizmati yelkamizga ehsoni Ilohiy tarafidan qoʻyilgan ekan. Albatta, harkimdan koʻra koʻproq butun quvvatimiz bilan ixlosni qozonishga majbur va vazifadormiz va ixlosning sirrini oʻzimizda joylashtirishga juda qattiq muhtojmiz.

— 160 —

Boʻlmasa, ham hozirgacha qozongan muqaddas xizmatimiz qisman yoʻqoladi, davom etmaydi, ham qattiq mas'ul boʻlamiz. وَلَا تَشْتَرُوا بِاٰيَات۪ى ثَمَنًا قَل۪يلً oyatidagi Allohning qattiq nahyiga uchrab, abadiy saodatli hayotimiz zarariga ma'nosiz, keraksiz, zararli, qaygʻuli, xudfurushona, xunuk, ikkiyuzlama ba'zi past hislar va kichik manfaatlarning xotiri uchun, ixlosni sindirib: ham bu xizmatdagi umum qardoshlarimizning huquqiga tajovuz, ham xizmati Qur'oniyaning xizmatiga hujum, ham iymon haqiqatlarining muqaddasligiga hurmatsizlik qilgan boʻlamiz.

Ey qardoshlarim! Muhim va buyuk xayrli ishlarning zararli monelari koʻp boʻladi. Shaytonlar u xizmatning xodimlari bilan koʻp kurashadi. Bu monelarga va bu shaytonlarga qarshi ixlos kuchiga tayanish kerak. Ixlosni sindiradigan sabablardan ilondan, chayondan qochgandek qoching. Hazrati Yusuf Alayhissalom

﴿ اِنَّ النَّفْسَ لَاَمَّارَةٌ بِالسُّٓوءِ اِلَّا مَا رَحِمَ رَبّ۪ى ﴾

deganlaridek, nafsi ammoraga ishonib boʻlmaydi. Anoniyat va nafsi ammora sizni aldab qoʻymasin. Ixlosni qozonish va muhofaza qilish va monelarni daf qilish uchun quyidagi dasturlar rahbaringiz boʻlsin.

BIRINCHI DASTURINGIZ:

Amalingizda rizo-i Ilohiy boʻlishi kerak. Agar U rozi boʻlsa, butun dunyo ranjisa, ahamiyati yoʻq. Agar U qabul qilsa, hamma odamlar rad qilsa ham, ta'siri yoʻq. U rozi boʻlgandan va qabul qilgandan soʻng, istasa va hikmati taqozo qilsa, sizlar istamagan boʻlsangiz ham, odamlarga ham qabul qildiradi, ularni ham rozi qiladi. Shuning uchun, bu xizmatda toʻgʻridan-toʻgʻri faqat Janobi Haqning roziligini asos maqsad qilish kerak.

IKKINCHI DASTURINGIZ:

Ushbu Qur'on xizmatida boʻlgan qardoshlaringizni tanqid qilmaslik va ularning ustida fazilatfurushlik qilib, hasad hissini qoʻzgʻatmaslik kerak. Chunki, insonning bir qoʻli boshqa qoʻli bilan raqobat qilmaydi, bir koʻzi boshqa koʻzini tanqid qilmaydi, tili qulogʻiga e'tiroz qilmaydi, qalb ruhning aybini koʻrmaydi. Balki bir-birining nuqsonini toʻldiradi, kamchiligini berkitadi, ehtiyojiga yordam beradi, vazifasiga koʻmaklashadi. Boʻlmasa inson badanining hayoti soʻnadi, ruhi qochadi, jismi ham nuraydi. Yana bir fabrikaning charxlari bir-biri bilan raqobat qilmaydi, bir-birining oldiga oʻtib hukmini oʻtkazmaydi, bir-birining aybini koʻrib tanqid qilib mehnatga shavqini sindirib, faoliyatsizlikka duchor qilmaydi. Balki barcha iste'dodlari bilan, bir-birining harakatini umumiy maqsadga qaratish uchun yordam qiladi, haqiqiy hamjihatlik, ittifoq bilan yaratilish gʻoyalari sari yuradilar. Agar zarra miqdor tajovuz, hukm oʻtkazish qoʻshilsa, fabrikani tartibsizlikka uchratadi, natijasiz-samarasiz qoldiradi. Fabrika sohibi ham oʻsha fabrikani butunlay buzib tashlaydi.

— 161 —

Xullas, ey Risola-i Nur shogirdlari va Qur'on xizmatkorlari! Sizlar va bizlar shunday insoni komil ismiga loyiq bir shaxsi ma'naviyning a'zolarimiz. Va abadiy hayot ichidagi abadiy saodatni natija bergan bir fabrikaning charxlari hukmidamiz. Va sohili salomat boʻlgan Dorus-Salomga ummati Muhammadiyani (ASV) chiqargan safina-i Rabboniyada ishlagan xizmatchilarmiz. Albatta, toʻrt kishidan iborat bir ming bir yuz oʻn bir boʻlgan ma'naviy quvvatni ta'min qilgan ixlos sirrini qozonish bilan, hamjihatlik va haqiqiy ittihodga muhtojmiz va majburmiz. Ha, uchta alif birlashmasa, uch qiymati bor. Son oʻlaroq yonma-yon turish sirri bilan ittihod qilsa, bir yuz oʻn bir qiymatini oladi. Toʻrt karra toʻrt alohida-alohida boʻlsa, oʻn olti qiymatiga ega. Agar qardoshlik sirri va maqsadda birlashish va vazifada ittifoq bilan tavofuq qilib bir chiziq ustida yelkani yelkaga bersalar, oʻsha vaqt toʻrt ming toʻrt yuz qirq toʻrt quvvatida va qiymatida boʻlganlari kabi, haqiqiy ixlos sirri bilan, oʻn oltita fidokor qardoshlarning ma'naviy kuch va qiymati toʻrt mingdan oʻtganiga juda koʻp tarixiy voqealar guvohlik qiladi. Bu sirning sirri shuki, haqiqiy, samimiy ittifoqda har bir kishi boshqa qardoshlarning koʻzi bilan ham qaray oladi va quloqlari bilan ham eshita oladi. Goʻyo oʻn haqiqiy birlashgan odamning har biri yigirmata koʻz bilan qaraydigan, oʻnta aql bilan oʻylaydigan, yigirmata quloq bilan eshitadigan, yigirmata qoʻl bilan ishlaydigan ma'naviy qiymat va kuchlari bor.

{(Hoshiya) Ha, ixlos sirri bilan samimiy hamjihatlik va birdamlik, cheksiz manfaatga sabab boʻlgani kabi, qoʻrquvlarga, hatto oʻlimga qarshi eng muhim bir qalqon, bir tayanch nuqtasidir. Chunki oʻlim kelsa, bir ruhni oladi. Haqiqiy qardoshlik sirri bilan rizo-i Ilohiy yoʻlida, oxiratga taalluqli ishlarda, qardoshlari sanogʻicha ruhlari boʻlganidan; bittasi oʻlsa, "Boshqa ruhlarim omon qolsinlar. Zero u ruhlar har vaqt menga savoblar qozontirish bilan ma'naviy hayotni davom qildirganlaridan, men oʻlmayapman" deb, oʻlimni kulib qarshilaydi. "Va u ruhlar vositasida savob jihatidan yashayapman, lekin gunoh jihatidan oʻlyapman" deydi, tinch yotadi.}

UCHINCHI DASTURINGIZ:

Barcha kuchingizni ixlosda va haqda deb bilishingiz kerak. Ha, kuch haqdadir va ixlosdadir. Haqsizlar ham, haqsizliklari ichida koʻrsatgan ixlos va samimiyatlari tufayli kuch qozonadilar. Ha, kuch haqda va ixlosda ekaniga bir dalil, shu xizmatimizdir. Bu xizmatimizda ozgina ixlos bu da'voni isbot qiladi va oʻzi-oʻziga dalil boʻladi. Chunki yigirma yildan ortiq oʻz yurtimda va Istanbulda qilgan ilmiy va diniy xizmatimizga muqobil, bu yerda siz bilan yetti-sakkiz yilda yuz daraja ortiq xizmat qilindi. Holbuki, oʻz mamlakatimda va Istanbulda bu yerda men bilan xizmat qilgan qardoshlarimdan yuz, balki ming marta koʻp yordamchilarim bor ekan, bu yerda men yolgʻiz, kimsasiz, gʻarib, yaxshi yozishni bilmaydigan, insofsiz xodimlarning ta'qiblari va tazyiqlari ostida yetti-sakkiz yil sizlar bilan qilgan xizmatimiz, yuz daraja eski xizmatdan koʻra koʻproq muvaffaqiyatni koʻrsatgan ma'naviy kuch, sizlardagi ixlosdan kelganiga qat'iyan shubham qolmadi.

— 162 —

Ham e'tirof qilamanki, samimiy ixlosingiz bilan, shon va sharaf pardasi ostida nafsimni erkalagan riyodan meni bir daraja qutqardingiz. Inshoalloh, chinakkam ixlosga muvaffaq boʻlasiz, meni ham chinakkam ixlosga yoʻllaysiz. Bilasizki, Hazrati Ali (RA) oʻsha moʻ'jidek karomati bilan va Hazrati Gʻavsi A'zam (QS) oʻsha hayratlanarli gʻaybiy karomati bilan, sizlarga ixlos sirriga binoan iltifot koʻrsatmoqdalar. Va himoya qilib, tasalli berib, xizmatingizni ma'nan olqishlamoqdalar. Ha, hech shubhangiz boʻlmasin, bu e'tiborlari ixlosga binoan keladi. Agar bilib turib ushbu ixlosni sindirsangiz, ulardan ta'zir yeysiz. Oʻninchi Yogʻdudagi shafqat ta'zirlarini eslanglar. Bunday ma'naviy qahramonlarni orqangizda tayanch, boshingizda ustoz sifatida koʻrishni istasangiz وَ يُؤْثِرُونَ عَلٰٓى اَنْفُسِهِمْ sirri bilan chinakam ixlosni qozoninglar. Sharafda, maqomda, e'tiborda, hatto moddiy manfaat kabi nafsga yoqadigan narsalarda qardoshlaringizning nafslarini oʻz nafsingizdan ustun qoʻyinglar. Hatto eng latif va goʻzal bir iymoniy haqiqatni muhtoj bir mo'minga bildirishdek eng maʻsum, zararsiz bir manfaatda, mumkin boʻlsa, nafsingizga xudbinlik kelmasligi uchun, siz xohlamagan bir doʻstingiz orqali qildirish sizga yoqsin. Agar "Men savob qozonay, bu goʻzal masalani men aytay", degan orzuingiz boʻlsa, garchi unda gunoh va zarar boʻlmasa ham, lekin orangizdagi ixlos sirriga zarar kelishi mumkin.

TOʻRTINCHI DASTURINGIZ:

Qardoshingizning ustunliklarini shaxslaringizda va fazilatlarini oʻzingizda tasavvur qilib, ularning sharaflari bilan shokirona iftixor qilishdir. Ahli tasavvufning mobaynida "fano fish-shayx, fano fir-rasul" ta'birlari bor. Men soʻfiy emasman. Lekin ularning bu dasturi bizning maslagimizda "fano fil-ixvon" suratida goʻzal bir dastur hisoblanadi. Qardoshlar orasida bunga "tafoniy" deyiladi. Ya'ni, bir-birida foniy boʻlishdir. Ya'ni: Oʻz nafsoniy hissiyotini unutib, qardoshlarining ustunliklari va hissiyoti bilan fikran yashamoqdir. Zotan, maslagimizning asosi qardoshlikdir. Ota bilan oʻgil, shayx bilan murid mobaynidagi vosita emas. Balki haqiqiy qardoshlik vositalaridir. Juda nari borsa, bir ustozlik oʻrtaga kiradi. Maslagimiz "Xaliliya" boʻlgani uchun, mashrabimiz "xillat"dir. Xillat esa, eng yaqin doʻst va eng fidokor birodar va eng goʻzal taqdirlovchi yoʻldosh va eng mard qardosh boʻlishni taqozo qiladi. Bu xillatning ussul asosi, samimiy ixlosdir. Samimiy ixlosni sindirgan odam, bu xillatning gʻoyat yuksak minorasi ustidan qulaydi. Gʻoyat chuqur bir chohga tushish ehtimoli bor. Oʻrtada tutadigan yer topolmaydi.

— 163 —

Ha, yoʻl ikkita koʻrinmoqda. Hozir Qur'onning katta yoʻli boʻlmish bu maslagimizdan chiqqanlar, bizga dushman boʻlgan dinsizlik quvvatiga bilmasdan yordam berishlari ehtimoli bor. Inshoalloh, Risola-i Nur yoʻli bilan Qur'oni Moʻ'jiz-ul Bayonning muqaddas doirasiga kirganlar doimo nurga, ixlosga, iymonga quvvat beradilar va unday chohlarga tushmaydilar.

Ey Qur'on xizmatida birodarlarim! Ixlosni qozonishning va muhofaza qilishning eng ta'sirli bir yoʻli, robita-i mavtdir. Ha, ixlosga ziyon yetkazgan va riyoga va dunyoga chorlagan, uzundan uzun orzular boʻlgani kabi, riyodan nafrat qildirgan va ixlosni qozontirgan narsa robita-i mavtdir. Ya'ni, oʻlimini oʻylab, dunyoning foniyligini mulohaza qilib, nafsning hiylalaridan qutulishdir. Ha, ahli tariqat va ahli haqiqat Qur'oni Hakimning

﴿ كُلُّ نَفْسٍ ذَٓائِقَةُ الْمَوْتِ ٭ اِنَّكَ مَيِّتٌ وَاِنَّهُمْ مَيِّتُونَ ﴾

kabi oyatlaridan olgan darslari bilan, robita-i mavtni suluklarida asos tutganlar. Uzundan uzun orzularning manbai boʻlgan abadiy dunyoda qolish oʻyini oʻsha robita bilan yoʻqotganlar. Ular faraziy va xayoliy suratda oʻzlarini oʻlgandek tasavvur va xayol qilib hamda yuvilayotganini, qabrga qoʻyilayotganini faraz qilib, oʻylab-oʻylab nafsi ammora oʻsha xayol va tasavvurdan ta'sirlanib, uzun orzularidan bir daraja voz kechadi. Bu robitaning foydalari juda koʻp. Hadisda اَكْثِرُوا ذِكْرَ هَادِمِ اللَّذَّاتِ -اَوْ كَمَا قَالَ - ya'ni: "Lazzatlarni buzib achchiqlashtirgan oʻlimni koʻp zikr qilinglar!" deb ushbu robitani dars beradi. Lekin maslagimiz tariqat boʻlmagani, balki haqiqat boʻlgani uchun, bu robitani ahli tariqat kabi faraziy va xayoliy suratda tatbiq qilishga majbur emasmiz. Ham haqiqat maslagiga uygʻun kelmaydi. Balki oqibatni oʻylash suratida, istiqbolni hozirgi zamonga keltirish emas, balki haqiqat nuqtasida hozirgi zamondan istiqbolga fikran borish, nazaran qarashdir. Ha, hech xayolga, farazga ehtiyoj qolmasdan, bu qisqa umr daraxtining uchidagi yolgʻiz mevasi boʻlgan oʻz oʻlimiga qaray oladi. Shu orqali oʻz shaxsining oʻlimini koʻrgani kabi, bir oz oldinga borsa, asrining oʻlimini ham koʻradi. Yana bir oz oldinga borsa, dunyoning oʻlimini ham mushohada qiladi, mukammal ixlosga yoʻl ochadi.

Ikkinchi Sabab: Iymoni tahqiqiyning quvvati bilan va ma'rifati Sone'ni natija bergan san'atli asarlardagi iymoniy tafakkurdan kelgan yogʻdular bilan bir navi huzur qozonib, Xoliqi Rahiymning hozir va nozir ekanini oʻylab, Undan boshqasining e'tiborini qidirmasdan, huzurida boshqalarga qarash, madad qidirish oʻsha huzurning adabiga muxolif ekanini oʻylab, riyodan qutulib ixlosni qozonadi. Nima boʻlganda ham. Bunda koʻp darajalar, martabalar bor. Hamma oʻz hissasiga koʻra qanchalar istifoda qila olsa, shunchalik foydadir. Risola-i Nurda riyodan qutqaradigan, ixlosni qozontiradigan koʻp haqiqatlar zikr qilinganidan, unga havola qilib, bu yerda tugatamiz.

— 164 —

Ixlosni sindiradigan va riyoga chorlagan juda koʻp sabablardan ikki-uchtasini qisqacha bayon qilamiz.

Birinchisi: Moddiy manfaat jihatidan kelgan raqobat asta-sekin ixlosni sindiradi. Yana, xizmatning natijasiga zarar yetkazadi. Yana, oʻsha moddiy manfaatni ham qochiradi. Ha, haqiqat va oxirat uchun xizmat qilganlarga nisbatan bu millat doimo hurmat qilgan va yordam berish fikrida boʻlgan. Va amalda ularning haqiqiy ixloslariga va sadoqatli xizmatlariga bir jihatda ishtirok qilish niyatida, ularning moddiy ehtiyojlarini ta'minlash bilan mashgʻul boʻlib, vaqtlarini zoye qilmaslik uchun, sadaqa va hadya kabi moddiy manfaatlar bilan yordam berib, hurmat koʻrsatishgan. Lekin bu koʻmak va manfaat istalmaydi, balki beriladi. Yana, qalban orzu qilib muntazir qolish bilan, hol tili bilan ham istanilmaydi, balki kutmagan holida beriladi. Boʻlmasa ixlosi buziladi. Yana, وَلَا تَشْتَرُوا بِاٰيَات۪ى ثَمَنًا قَل۪يلًا oyatining ta'qiqiga yaqinlashadi, amali qisman yonadi. Bu moddiy manfaatni orzu qilib muntazir boʻlish bilan nafsi ammora xudbinligi bois, oʻsha manfaat boshqasiga tegmasligi uchun, haqiqiy bir qardoshiga va oʻsha xususiy xizmatdagi birodariga qarshi raqobat hissini uygʻotadi. Ixlosi buziladi, xizmatda muqaddaslikni yoʻqotadi. Ahli haqiqat nazarida xunuk vaziyat oladi. Va moddiy manfaatni ham yoʻqotadi. Nima boʻlganda ham. Gapiraman desa gap koʻp. Gapni choʻzmasdan, faqat haqiqiy qardoshlarimning ichida ixlos sirrini va samimiy ittifoqni kuchaytiradigan ikki misol aytaman.

Birinchi Misol: Ahli dunyo, katta boylik va shiddatli quvvat qoʻlga kiritish uchun, hatto bir qism ahli siyosat va bashariyat ijtimoiy hayotining muhim ijrochilari va qoʻmitalari moliyaviy sheriklik dasturini oʻzlariga rahbar qilishgan. Barcha suiiste'mollar va zararlari bilan birga, hayratlanarli quvvat va manfaatni qoʻlga kiritmoqdalar. Holbuki moliyaviy sheriklikning koʻp zararlari bilan birga, sheriklik bilan mohiyati oʻzgarmaydi. Har biri umumga garchi bir jihatda va nazoratda sohib hukmida boʻlsa ham, ammo foydalana olmaydi. Nima boʻlganda ham. Bu moliyaviy sheriklik dasturi oxiratga oid ishlarga kirsa, zararsiz ulkan manfaatga sabab boʻladi. Chunki barcha mol-mulk oʻsha ishtirok qilgan har bir kishining qoʻliga batamom oʻtishining sirrini mujassam qilgan. Chunki, qandayki, toʻrt-besh odam sheriklik niyati bilan biri kerasin, biri pilik, biri chiroq, biri shisha, biri gugurt keltirib chiroqni yoqsalar, har biri butun bir chiroqqa sohib boʻladi. Oʻsha ishtirok qilganlarning har birining honasida katta bir oynasi boʻlsa, bittadan chiroq boʻlinmasdan har birining nuqsonsiz, xona bilan birga oynasiga kiradi. Aynan shuning kabi, oxiratga oid mollarda ixlos sirri bilan sheriklik va qardoshlik sirri bilan hamjihatlik va ittihod sirri bilan hamkorlik qilish, oʻsha amallardagi sheriklikdan hosil boʻlgan umum natija va umum nur har birining amallar daftariga butunlay kirishi, ahli haqiqat mobaynida koʻrilgan va sodir boʻlgan. Va Alloh karamining va rahmati kengligining taqozosidir.

— 165 —

Ey qardoshlarim! Sizlarni inshoalloh moddiy manfaat raqobatga yetaklamaydi. Lekin oxirat manfaati nuqtasida bir qism ahli tariqat aldanganlari kabi, siz ham aldanishingiz mumkin. Ammo shaxsiy, oz bir savob qayerda-yu, mazkur misol hukmidagi amallardagi sheriklik nuqtasida namoyon boʻlgan savob va nur qayerda?

Ikkinchi Misol: Ishlab chiqaruvchilar ishning unumdorligini oshirish uchun, hamkorlikda ishlab ulkan boylik qoʻlga kiritmoqdalar. Avvalda tikuv ignalari yasovchi oʻnta odam alohida-alohida ishlashgan. Yakka mehnatning natijasi esa kuniga bor-yoʻgʻi uchta igna boʻlgan. Soʻngra hamkorlik dasturi bilan oʻnta odam birlashgan. Biri temir keltirgan, biri oʻchoqqa oʻt qalagan, biri teshik ochgan, biri oʻchoqqa tiqqan, biri uchini charxlagan va hokazo har biri igna yasash san'atida faqat maxsus bir ish bilan mashgʻul boʻlib, shugʻullangan ishi sodda boʻlganidan, vaqt zoye boʻlmasdan, oʻsha ishda malaka qozonib, gʻoyat tezlik bilan vazifasini bajargan. Soʻngra hamkorlik va ishni taqsimlash dasturi bilan ishning natijasini taqsimlaganlar. Har biriga bir kunda uch ignaga badal uch yuz igna toʻgʻri kelganini koʻrganlar. Bu hodisa ahli dunyo ishlab chiqaruvchilari orasida, ularni hamkorlik qilishga chorlash uchun tillarida doston boʻlgan.

Ey qardoshlarim! Modomiki dunyoviy ishlarda, moddiy narsalarda ittihod, ittifoq bilan natijalar bunday ulkan yakuniy foydalar berar ekan. Ajabo, oxiratga oid va nuroniy va boʻlinish hamda taqsimlanishga muhtoj boʻlmagan va fazli Ilohiy bilan har birining oynasiga umum nur aks etishi va har biri hamma qozongan mislicha savobga sohib boʻlish, qanchalar buyuk foyda ekanini qiyos qiling. Bu ulkan foyda raqobat va ixlossizlik bilan qoʻldan chiqarilmasligi kerak.

Ixlosni sindiradigan ikkinchi mone: Mansabsevarlikdan kelgan shuhratparastlik turtkisi bilan va shon-sharaf pardasi ostida odamlar e'tiborini qozonish, diqqat nazarini oʻziga jalb qilish bilan anoniyatni erkalash va nafsi ammoraga bir maqom berish boʻlib, eng muhim ruhiy kasallik boʻlgani kabi, "yashirin shirk" deb ta'bir qilingan riyokorlikka, maqtanchoqlikka eshik ochadi, ixlosga ziyon yetkazadi.

Ey qardoshlarim! Qur'oni Hakimning xizmatidagi maslagimiz haqiqat va qardoshlik boʻlgani va qardoshlikning sirri, shaxsiyatini qardoshlar ichida foniy

— 166 —

qilib, {(Hoshiya) Ha, baxtiyor kishi, kavsari Qur'oniydan suzilgan shirin, ulkan bir hovuzni qozonish uchun, bir muz parchasi navidagi shaxsiyatini va anoniyatini oʻsha hovuz ichiga tashlab eritgandir.} ularning nafslarini oʻz nafsidan ustun qoʻyish" kerakligi uchun, oʻrtamizda bu turdagi mansabsevarlikdan kelgan raqobat ta'sir qilmasligi kerak. Chunki maslagimizga butkul ziddir. Modomiki qardoshlarning sharafi umumiy boʻlib, har bir kishiga oid boʻlishi mumkin. Men umid qilamanki, Risola-i Nur shogirdlari buyuk ma'naviy sharafni shaxsiy, xudfurushona, raqobatkorona, arzimas sharaf va shuhratga fido qilishdan yuz daraja uzoqdirlar. Ha, Risola-i Nur shogirdlarining qalbi, aqli, ruhi bunday tuban, zararli, past narsalarga tubanlashmaydi. Lekin harkimda nafsi ammora bor. Ba'zan esa nafsoniy hissiyotlar tuygʻularga ta'sir qiladi. Bir daraja hukmini qalb, aql va ruhning istaklariga qarshi ijro qiladi. Sizlarning qalb va ruh va aqlingizni ayblamayman. Risola-i Nur bergan ta'sirga binoan sizlarga ishonaman. Lekin nafs va havo va his va vahima ba'zan aldaydilar. Shuning uchun, ba'zan shiddatli ogohlantirilasiz. Bu shiddat nafs va havo va his va vahimaga qaraydi, ehtiyotli harakat qilinglar. Ha, agar maslagimiz shayxlik boʻlsa edi, maqom bitta boʻlardi yoxud sanoqli maqomlar boʻlardi. Oʻsha maqomga koʻplab iste'dodlar nomzod boʻlardi. Hasad bilan bir xudbinlik boʻlishi mumkin edi. Biroq maslagimiz qardoshlikdir. Qardosh qardoshga ota boʻlolmaydi, murshid vaziyatini koʻrsatolmaydi. Qardoshlikdagi maqom kengdir. Hasad bilan bir-birga aziyat berishga sabab boʻlolmaydi. Juda nari borsa, qardosh qardoshga yordamchi va tayanch boʻladi, xizmatini toʻldiradi. Padarona, murshidona maslaklardagi hasad bilan savob hirsi va yuksak himmat jihatidan juda zararli va xatarli natijalar vujudga kelganiga dalil, ahli tariqatning shunchalar muhim va azim kamolotlari va manfaatlari ichida ixtiloflar va raqobat natijasida qoʻrqinchli natijalar boʻlib, ularning u azim, muqaddas quvvatlari bid'at shamollariga qarshi dosh berolmayapti.

Uchinchi mone: Qoʻrquv va tamadir. Bu mone boshqa bir qism monelar bilan birga "Hujumoti Sitta"da batamom izoh qilinganidan, unga havola qilib, Janobi Arhamurrohimindan barcha Asmo-i Husnasini shafoatchi qilib niyoz qilamizki: "Bizlarni chinakkam ixlosga muvaffaq aylasin... Omiyn..."

اَللّٰهُمَّ بِحَقِّ سُورَةِ الْاِخْلَاصِ اِجْعَلْنَا مِنْ عِبَادِكَ الْمُخْلِص۪ينَ الْمُخْلَص۪ينَ اٰم۪ينَ اٰم۪ينَ
﴿ سُبْحَانَكَ لَا عِلْمَ لَنَٓا اِلَّا مَا عَلَّمْتَنَٓا اِنَّكَ اَنْتَ الْعَل۪يمُ الْحَك۪يمُ ﴾
— 167 —

Bir qism qardoshlarimga xususiy bir maktubdir

Yozishdan zerikkan va ibodat oylari boʻlgan shuhuri salosada boshqa virdlarni, besh jihatdan ibodat sanalgan

{(Hoshiya) Bu qiymatli maktubda Ustozimiz ishora qilgan besh xil ibodatning izohini oʻzlaridan soʻradik. Olgan izohimiz quyidagicha:

1- Eng muhim kurash boʻlgan ahli zalolatga qarshi ma'nan kurashish.

2- Ustoziga haqiqatlarni yoyish jihatidan yordam suratida xizmat qilish.

3- Musulmonlarga iymon jihatidan xizmat qilish.

4- Qalam bilan ilm tahsil qilish.

5- Ba'zan bir soati bir yil ibodat hukmiga oʻtgan tafakkuriy ibodatni qilish.

Rushdu, Xusrav, Ra'fat}

Risola-i Nurni yozishdan ustun qoʻygan qardoshlarimga ikki hadisi sharifning bir nuktasini aytaman.

Birinchisi:
يُوزَنُ مِدَادُ الْعُلَمَاءِ بِدِمَاءِ الشُّهَدَاءِ -اَوْ كَمَا قَالَ

Ya'ni: "Mahsharda ulamo-i haqiqat sarf qilgan siyohlari, shahidlarning qoni bilan oʻlchanadi, oʻsha qiymatda boʻladi."

Ikkinchisi:
مَنْ تَمَسَّكَ بِسُنَّت۪ى عِنْدَ فَسَادِ اُمَّت۪ى فَلَهُ اَجْرُ مِاَةِ شَه۪يدٍ -اَوْ كَمَا قَالَ

Ya'ni: "Bid'atlar va zalolatlarning istilosi zamonida Sunnati Saniyani va haqiqati Qur'oniyani mahkam ushlab xizmat qilgan oda, yuzta shahid savobini qozona oladi." Ey tanballik hissi bilan yozishdan zerikkan va ey soʻfiy-mashrab qardoshlar! Bu ikki hadisning majmui koʻrsatadiki: Bunday zamonda iymon haqiqatlari va shariat sirlari va Sunnati Saniyaga xizmat qilgan muborak xolis qalamlardan oqqan qora nur yoki obi hayot hukmida boʻlgan siyohlarning bir misqoli, shahidlarning yuz misqol qoni hukmida mahshar kunida sizga foyda berishi mumkin. Shunday ekan, uni qozonishga harakat qilinglar.

Agar: "Hadisda "olim" ta'biri bor, bir qismimiz faqat kotibmiz", desangiz.

Javob: Bir yil bu risolalarni va bu darslarni tushunib va qabul qilib oʻqigan odam bu zamonning muhim, haqiqiy olimi boʻlishi mumkin. Agar tushunmasa, modomiki Risola-i Nur shogirdlarining shaxsi ma'naviysi bor, shubhasiz oʻsha shaxsi ma'naviy bu zamonning bir olimidir. Sizning qalamlaringiz esa, oʻsha shaxsi ma'naviyning barmoqlaridir. Oʻz nuqtai nazarimda loyiq boʻlmasam ham, boringki men haqimdagi husni zonlaringizga binoan bu faqirga ustozlik va ergasish nuqtasida olim vaziyatini berganingiz uchun bogʻlangansiz. Men omi va yaxshi yozishni bilmaganim uchun, sizlarning qalamlaringiz mening qalamim sanaladi, hadisda koʻrsatilgan ajrni olasiz.

Said Nursiy