IKKINCHI YOGʻDU
Sabr qahramoni Hazrati Ayyub alayhissalomning shu munojotlari, ham sinalgan, ham ta'sirlidir. Lekin oyatdan iqtibos suratida biz munojotimizda
deyishimiz kerak. Hazrati Ayyub alayhissalomning mashhur qissalarining xulosasi shuki:
Juda koʻp yara-chaqa ichida ancha muddat qolganlari holda, u kasallikning buyuk mukofotini oʻylab, mukammal sabr bilan bardosh qilganlar. Soʻngra yaralaridan paydo boʻlgan qurtlar qalblariga va tillariga tekkan vaqti, zikr va ma'rifati Ilohiyaning joyi boʻlgan qalb va tillariga tekkanlari uchun, ubudiyat vazifasiga zarar kelishi tushunchasida, oʻz istirohatlari uchun emas, aksincha Allohga ibodat qilish uchun: "Ey Rabbim! Menga zarar tegdi, til bilan zikr qilishimga va qalb bilan ubudiyatimga ziyon bermoqda", deb munojot qiladilar. Janobi Haq oʻsha xolis va sof, gʻarazsiz, Oʻzi uchun boʻlgan u munojotni gʻoyat ajoyib bir suratda qabul qilgan. Mukammal sogʻliklarini ehson qilib, marhamat nurlariga noil aylaydi. Bu Yogʻduda "besh nukta" bor.
BIRINCHI NUKTA: Hazrati Ayyub alayhissalomning zohiriy yaralariga muqobil bizning botiniy va ruhiy va qalbiy kasalliklarimiz bor. Ichki dunyomiz tashqariga bir agʻdarilsa, Hazrati Ayyubdan ham battar yarali va kasalmand boʻlib chiqamiz. Chunki qilgan har bir gunohimiz, aqlimizga kirgan har bir shubha qalb va ruhimizda yaralar ochadi. Hazrati Ayyub alayhissalomning yaralari qisqagina dunyoviy hayotlariga xavf solgan edi. Bizning ma'naviy yaralarimiz juda uzun boʻlgan abadiy hayotimizga xavf solmoqda. Hazrati Ayyubning munojotlariga u Zotdan ming marta koʻproq muhtojmiz. Xususan, Hazratning yaralaridan vujudga kelgan qurtlar qalb va tillariga yopishgani kabi, gunohlardan kelgan yaralar va yaralardan hosil boʻlgan vasvasalar, shubhalar (Alloh saqlasin) iymonning joyi boʻlgan qalbning botiniga yopishib iymonni zadalaydi va iymonning tarjimoni boʻlgan tilning ruhoniy zavqiga yopishib, bizlarni zikrdan nafratkorona uzoqlashtirib ovozini oʻchirishadi. Ha, gunoh qalbga kirib olib, qoraytira-qoraytira, iymon nurini chiqargunga qadar qattiqlashtiradi. Har bir gunoh ichida kufrga ketadigan bir yoʻl bor. U gunoh istigʻfor bilan tez yoʻq qilinmasa, qurt emas, aksincha kichik ma'naviy ilon boʻlib qalbni chaqadi.
Masalan: uyaltiradigan gunohni yashirincha qilgan odam, boshqalarning xabar topishidan juda uyaladi, malaklar va ruhoniylarning mavjud boʻlishi unga juda ogʻir keladi. Kichik bir bahona bilan ularni inkor qilishni orzu qiladi.
Ham masalan: Jahannam azobini keltirib chiqargan katta bir gunohni qilgan odam, Jahannamning qoʻrqitishlarini eshitganda istigʻfor bilan unga qarshi qalqon tutmasa, butun ruhi bilan Jahannamning boʻlmasligini orzu qilgani uchun, kichik bir bahona va bir shubha Jahannamni inkor qilishga jasorat beradi.
Ham masalan: farz namozini oʻqimagan va ubudiyat vazifasini ado qilmagan odamning kichik boshligʻidan bir kichik vazifasizlik sababli olgan ta'ziridan xafa boʻlgan odam, Sultoni Azal va Abadning takror-takror farz boʻlgan amrlarini bajarishda qilgan tanballigi katta iztirob beradi va oʻsha iztirobdan ma'nan: "Koshki oʻsha ubudiyat vazifasi boʻlmasa edi", degan orzu keladi. Va bu orzudan Allohga ma'naviy adovatni his qildirgan inkor orzusi uygʻonadi. Allohning borligiga doir qalbga bir shubha kelsa, qat'iy bir dalil kabi unga yopishishga mayl qiladi va unga ulkan bir halokat eshigi ochiladi. U badbaxt bilmaydiki, gʻoyat arzimas bir mashaqqat ubudiyat vazifasidan kelishiga muqobil, inkori bilan oʻzini oʻsha qiyinchilikdan millionlab marta dahshatliroq ma'naviy mashaqqatlarga nishon qiladi. Pashshaning chaqishidan qochib, ilonning chaqishini qabul qiladi. Va hokazo... bu uch misolga qiyos qilinsinki بَلْ رَانَ عَلٰى قُلُوبِهِمْ sirri tushunilsin.
IKKINCHI NUKTA: "Yigirma Oltinchi Soʻz"da qadar sirriga doir bayon qilingani kabi, musibat va kasalliklarda insonlarning shikoyatga uch jihatdan haqlari yoʻq.
Birinchi jihat: Janobi Haq insonga kiydirgan vujud libosini san'atiga sazovor qiladi. Insonni bir model qilgan, u vujud libosini oʻsha model ustida kesadi, bichadi, almashtiradi, oʻzgartiradi, farqli ismlarining jilvasini koʻrsatadi. Shofiy ismi kasallikni istagani kabi, Razzoq ismi ham ochlikni taqozo qiladi. Va hokazo...
Ikkinchi jihat: Hayot musibatlar bilan, kasalliklar bilan poklanadi, kamol topadi, quvvat topadi, taraqqiy qiladi, natija beradi, takomillashadi, hayot vazifasini bajaradi. Bir xil istirohat toʻshagidagi hayot, butunlay yaxshilik boʻlgan bor boʻlishdan ziyoda butunlay yomonlik boʻlgan yoʻqlikka yaqindir va unga boradi.
Uchinchi jihat: Shu dunyo imtihon maydoni va xizmat joyidir, lazzat va maosh va mukofot joyi emas. Modomiki xizmat joyi va ubudiyat makoni ekan, kasalliklar va musibatlar, dinga oid boʻlmaslik va sabr qilish sharti bilan, oʻsha xizmatga va ubudiyatga oʻta muvofiq boʻladi va quvvat beradi. Va har bir soatni bir kun ibodat hukmiga keltirgani uchun, shikoyat emas, shukr qilish kerak. Ha, ibodat ikki qismdir: bir qismi musbat, boshqasi manfiy. Musbat qismi ma'lum. Manfiy qismi esa, kasalliklar va musibatlar bilan musibatzada zaifligini va ojizligini his qilib, Rabbi Rahimiga iltijo qiladigan tarzda yuzlanib, uni oʻylab, unga yolvorib, xolis ubudiyat qiladi. Bu ubudiyatga riyo kirmaydi, xolis boʻladi. Agar sabr qilsa, musibatning mukofotini oʻylasa, shukr qilsa, oʻsha vaqt har bir soati bir kun ibodat hukmiga oʻtadi. Qisqagina umri uzun bir umr boʻladi. Hatto bir qismi borki, bir daqiqasi bir kun ibodat hukmiga oʻtadi. Hatto bir oxirat qardoshim, Muhojir Hofiz Ahmad ismli bir zotning mudhish bir kasalligi uchun koʻp xavotirlandim. Qalbimga eslatildi: "Uni tabrikla. Har bir daqiqasi bir kun ibodat hukmiga oʻtmoqda." Zero u zot sabr ichra shukr qilar edi.
UCHINCHI NUKTA: Bir-ikki "Soʻz"da bayon qilganimiz kabi: har bir inson oʻtgan hayotini oʻylasa, qalbiga va tiliga yo "eh" yoki "oh!" keladi. Ya'ni, yo afsuslanadi, yo "alhamdulilloh" deydi. Afsuslanishni ayttirgan, eski zamonning lazzatlarining zavol va firogʻidan kelib chiqqan ma'naviy alamlardir. Chunki lazzatning zavoli alamdir. Ba'zan vaqtinchalik bir lazzat doimiy alam beradi. Oʻylash esa oʻsha alamni teshadi, nadomat oqitadi. Eski hayotida oʻtkazgan vaqtinchalik alamlarning zavolidan kelib chiqqan ma'naviy va doimiy lazzat "alhamdulilloh" dediradi. Bu tabiiy holat bilan barobar, musibatlarning natijasi boʻlgan savob va uxraviy mukofot va qisqa umri musibat vositasi bilan uzun bir umr hukmiga oʻtishini oʻylasa, sabrdan ziyoda shukr qiladi. "Alhamdulillohi 'alo kulli hal sival kufri vaz-zolal" deyishni taqozo qiladi. Mashhur bir soʻz bor: "Musibat zamoni uzundir." Ha, musibat zamoni uzundir. Faqat insonlar urfida oʻylangani kabi, mashaqqatli boʻlganidan uzun emas, aksincha uzun bir umr kabi hayotiy natijalar bergani uchun uzundir.
TOʻRTINCHI NUKTA: "Yigirma Birinchi Soʻz"ning birinchi maqomida bayon qilingani kabi: Janobi Haq insonga bergan sabr quvvatini vahimalar yoʻlida tarqatmasa, har musibatga qarshi kifoya qiladi. Lekin vahimaning istibdodi bilan va insonning gʻaflati bilan va foniy hayotni boqiy deb oʻylashi bilan, sabr quvvatini oʻtmish va kelajakka tarqatib, shu zamondagi musibatga qarshi sabri kifoya qilmaydi, shikoyatni boshlaydi. Goʻyo (Alloh saqlasin) Janobi Haqni insonlarga shikoyat qiladi. Ham juda haqsiz bir suratda va devonalarcha shikoyat qilib sabrsizlik koʻrsatadi. Chunki oʻtgan har bir kun, musibat boʻlsa, zahmati ketgan, rohati qolgan, alami ketgan, zavolidagi lazzati qolgan, mashaqqati oʻtgan, savobi qolgan. Bundan shikoyat emas, aksincha lazzatlanib shukr qilish lozim boʻladi. Ulardan ranjish emas, aksincha sevish kerak. Uning oʻsha oʻtgan foniy umri musibat vositasi bilan boqiy va baxtiyor bir navi umr hukmiga oʻtadi. Ulardagi alamlarni vahima bilan oʻylab bir qism sabrini ularga qarshi tarqatish devonalikdir. Ammo kelasi kunlar esa modomiki hali kelmagan, ichlarida boʻladigan kasallik yoki musibatni hozirdan oʻylab sabrsizlik koʻrsatish, shikoyat qilish ahmoqlikdir. "Ertaga, indingi kun och qolaman, suvsiz qolaman" deb bugun davomli ravishda suv ichish, non yeyish naqadar ahmoqona bir devonalik boʻlsa, xuddi shuning kabi, kelasi kunlardagi, hozir boʻlmagan musibat va kasalliklarni oʻylab, hozirdan ulardan alam chekish, sabrsizlik koʻrsatish, hech bir majburiyat boʻlmasdan oʻz-oʻziga zulm qilish shunday bir ahmoqlikdirki, shafqat va marhamat qilinishga loyiq boʻlmaydi.
Xulosa: Shukr ne'matni ziyodalashtirgani kabi, shikoyat musibatni ziyodalashtiradi, ham marhamatga loyiq boʻlmaydi. Birinchi Jahon Urushining birinchi yili Erzurumda muborak bir zot mudhish bir kasallikka giriftor boʻlgan edi. Yoniga bordim, menga: "Yuz kechadir men boshimni yostiqqa qoʻyib yotolmadim", deb achchiq shikoyat qildi. Men juda achindim. Birdan xayolimga keldi va: "Qardoshim, oʻtgan mashaqqatli yuz kuning hozir sevinchli yuz kun hukmidadir. Ularni oʻylab shikoyat qilma, ularga qarab shukr qil. Kelasi kunlar esa, hali kelmagan ekan, Rabbing boʻlgan Rahmonirrahimning rahmatiga ishonib, kaltak yemasdan yigʻlama, mavjud boʻlmagan narsadan qoʻrqma, yoʻqlikka vujud rangi berma. Hozirgi soatni oʻyla. Sendagi sabr quvvati bu soatga kifoya qiladi. Devona bir qoʻmondon kabi: chap qanot dushman kuchi uning oʻng qanotiga qoʻshilib, unga yangi bir kuch boʻlgani holda, chap qanotiga dushmanning oʻng qanoti hali kelmagan vaqtida, u olib markaz kuchini oʻngu-chapga tarqatib markazni zaiflashtiradi, dushman arzimas bir kuch bilan markazni xarob qiladi. Qardoshim, sen bunday qilma, bor kuchingni shu soatga qarshi toʻpla. Rahmati Ilohiyani va uxraviy mukofotni va foniy va qisqa umringni uzun va boqiy bir suratga aylantirganingni oʻyla. Bu achchiq shikoyat oʻrniga huzurli bir shukr qil", dedim. U ham tamoman yengil tortib: "Alhamdulilloh, kasalligim oʻndan birga tushdi", dedi.
BESHINCHI NUKTA: Uch masaladir.
Birinchi masala: Asl musibat va zararli musibat, dinga kelgan musibatdir. Diniy musibatdan har doim Allohning dargohiga iltijo qilib faryod qilish kerak. Lekin diniy boʻlmagan musibatlar, haqiqat nuqtasida musibat emas. Bir qismi Rahmoniy eslatmadir. Qandayki choʻpon boshqaning dalasiga oʻtib ketgan qoʻylariga tosh otadi. Ular oʻsha toshdan his qiladilarki: zararli ishdan qutqarish uchun bir eslatmadir, mamnun boʻlib qaytadilar. Shunga oʻxshab, koʻp zohiriy musibatlar borki, bittadan Ilohiy eslatma, bittadan tanbehdir va bir qismi gunohlarga kafforatdir va bir qismi gʻaflatni tarqatib, bashariy ojizligini va zaifligini bildirib, bir navi huzur bermoqdir. Musibatning kasallik boʻlgan navi, sobiqan oʻtgani kabi, oʻsha qism musibat emas, aksincha bir iltifoti Rabboniydir, bir poklashdir. Rivoyatda bor: " Mevasi pishgan daraxtni silkitganda mevalari qanday toʻkilsa, bezgakning titrogʻidan gunohlar ham shunday toʻkiladi."
Hazrati Ayyub alayhissalom munojotlarida oʻzlarining istirohatlari uchun duo qilmaganlar, aksincha til bilan zikr va qalb bilan tafakkurga mone boʻlgan vaqt, ubudiyat uchun shifo talab qilganlar. Biz u munojot bilan - birinchi maqsadimiz - gunohlardan kelgan ma'naviy ruhiy yaralarimizning shifosini niyat qilishimiz kerak. Moddiy xastaliklar uchun ubudiyatga mone boʻlgan vaqtda iltijo qilishimiz mumkin. Lekin e'tiroz qiladigan, shikoyat qiladigan bir suratda emas, aksincha xokisorlik bilan va madad soʻraydigan suratda iltijo qilish kerak.
Modomiki Uning rububiyatiga rozimiz, oʻsha rububiyati nuqtasida bergan narsasiga rozilik kerak. Qazo va qadariga e'tirozni his qildirgan bir tarzda "eh! uf!" deb shikoyat qilish, bir navi qadarni tanqiddir, rahimiyatini ayblashdir. Qadarni tanqid qilgan odam, boshini sandonga urib yoradi. Rahmatni ayblagan kishi, rahmatdan mahrum qoladi. Intiqom olish uchun singan qoʻlni iste'mol qilish, sinishini ziyodalashtirgani kabi, musibatga giriftor boʻlgan odam e'tiroz qilib shikoyat qilishi va xavotir bilan uni qarshilashi, musibatni ikki baravarga oshiradi.
Ikkinchi masala: Moddiy musibatlarni katta koʻrgan sari kattalashadi, kichik koʻrgan sari kichrayadi. Masalan: Kechalari insonning koʻziga bir narsa koʻringandek boʻladi. Unga ahamiyat bergan sari kattalashadi, ahamiyat berilmasa, yoʻqoladi. Hujum qilgan arilarni haydagan sari ziyoda hujum qilishlari, loqayd qolganda tarqalishlari kabi, moddiy musibatlarga ham katta nazari bilan ahamiyat bilan qaragan sari kattalashadi. Xavotir vositasi bilan oʻsha musibat jasaddan oʻtib qalbda ham ildiz otadi, bir ma'naviy musibatni ham natija beradi. Unga tayanadi, davom qiladi. Qachon oʻsha xavotirni qazoga rozilik va tavakkal vositasi bilan yoʻqotsa, bir daraxtning ildizi kesilishi kabi, moddiy musibat yengillasha-yengillasha, ildizi kesilgan daraxt kabi qurib ketadi. Bu haqiqatni ifodalash uchun bir vaqt shunday degandim:
Tashla, ey bechora, faryodni, balodan qil tavakkal.
Zero, faryod balo-andar, xato-andar balodir, bil.
Agar balo berganni topgan boʻlsang, safo-andar, ato-andar balodir, bil.
Agar topmasang, butun dunyo jafo-andar, fano-andar balodir, bil.
Jahon toʻla balo boshingda bor ekan, nega baqirursan kichik bir balodan, kel, tavakkal qil!
Tavakkal ila balo yuziga kul, toki u ham kulsin. U kulgan sari, kichrayar, etar tabaddul.
Urushda mudhish dushmanga tabassum qilish natijasida adovat sulhga, dushmanlik hazilga aylangani kabi, adovat kichrayib mahv boʻladi. Tavakkal bilan musibatga qarshi chiqmoq ham shundaydir.
Uchinchi masala: Har zamonning bir hukmi bor. Bu gʻaflat zamonida musibat shaklini oʻzgartirgan. Ba'zi paytlarda va ba'zi shaxslarda balo, balo emas, aksincha bir lutfi Ilohiydir. Men shu zamondagi kasalmand boshqa musibatzadalarni (musibat dinga tegilmaslik sharti bilan) baxtiyor deb koʻrganimdan, kasallik va musibatga qarshi boʻlish xususida menda bir fikr bermaydi. Va menga ularga achinish hissini bermaydi. Chunki qaysi bir oʻsmir xasta yonimga kelgan boʻlsa, koʻramanki, tengdoshlariga nisbatan bir daraja diniy vazifa va oxiratga qarshi bogʻliqligi bor. Shundan anglaymanki, undaylar haqida u xil kasalliklar musibat emas, bir navi ne'mati Ilohiyadir. Chunki, garchi oʻsha kasallik uning dunyoviy, foniy, qisqagina hayotiga bir zahmat beradi. Lekin uning abadiy hayotiga foydasi tegadi, bir navi ibodat hukmiga oʻtadi. Agar sihat topsa, yoshlik sarxushligi bilan va zamonning safohati bilan albatta kasallik holatini muhofaza qilolmaydi, aksincha safohatga otiladi.
XOTIMA
Janobi Haq hadsiz qudrat va nihoyasiz rahmatini koʻrsatish uchun insonda cheksiz bir ojizlik, nihoyasiz bir faqirlik joylashtirgan. Ham cheksiz ismlarining naqshlarini koʻrsatmoq uchun insonni shunday bir suratda yaratganki, cheksiz jihatlar bilan alamlar olgani kabi, cheksiz jihatlar bilan lazzatlar olib biladigan bir uskuna hukmida yaratgan. Va oʻsha inson uskunasida yuzlab anjomlar bor. Har birining alami boshqa, lazzati boshqa, vazifasi boshqa, mukofoti boshqadir. Goʻyo, eng katta inson boʻlgan olamda aks etgan butun Allohning ismlari, eng kichik olam boʻlgan insonda ham oʻsha ismlarning umumiy boʻlib jilvalari bor. Bunda sihat va ofiyat va lazzatlar kabi foydali ishlar shukr qildirgani kabi, u uskunani koʻp jihatlar bilan vazifalariga yoʻllaydi. Inson ham bir shukr fabrikasi kabi boʻladi. Xuddi shuning kabi, musibatlar bilan, kasalliklar bilan, alamlar bilan, boshqa hayajonlantiruvchi va harakatlantiruvchi nuqsonlar bilan oʻsha uskunaning boshqa charxlarini harakatga keltiradi, hayajonlantiradi. Insoniy mohiyatda joylashtirilgan ojizlik va zaiflik va faqirlik ma'danini ishlatadi. Bir til bilan emas, aksincha har bir a'zoning tili bilan bir iltijo, bir madad soʻrash vaziyatini beradi. Goʻyo inson u nuqsonlar bilan, boshqa-boshqa minglab qalamni ichiga olgan harakatlanuvchi bir qalam boʻladi. Hayot sahifasida yoki lavhi misoliyda hayotining taqdirini yozadi, Allohning ismlariga bir e'lonnoma qiladi va bir qasida-i manzuma-i Subhoniya hukmiga oʻtib, yaratilishining vazifasini ado qiladi.