Yigirma Yettinchi Maktub va Zayllari
Oʻttiz Uchinchi Soʻzning Yigirma Yettinchi Maktubi boʻlib, "Maktubot-un Nur"ning birinchi tinglovchisi Xulusiy Beyning xususiy maktublaridan Risolat-un Nur haqidagi maqtovlarini koʻrsatgan bayonlardir.
Yigirma Yettinchi Maktubning ikkinchi qismi "Zayl"ni ham haqiqatdan ikkinchi Xulusiy boʻlgan Sabri Afandining Risolat-un Nur haqidagi maqtovlarini koʻrsatgan xususiy maktublaridagi bayonlardir.
(Xulusiyning birinchi bayoni.)
Ey muhtaram Ustoz!
Oʻzlarini faqir va xor koʻrishdan zavq olgan oliy zotlari kabi emas, aksincha boʻlgani kabi koʻrinishni istagan va talabam, qardoshim, jiyanim unvonlari bilan iltifot koʻrsatgan bandangiz, haqiqatda ma'nan tushkun vaziyatda va jiddiy ravishda duongizga muhtoj holdaman. Boshdan oyoq Nurga toʻla Qur'oni Moʻ'jiz-ul Bayonning haq va haqiqatini, bu asr insonlarining, ayniqsa zalolat firqalarining koʻzlariga tiqadigan darajada ba'zi Qur'on yogʻdularining koʻrinishiga murodi Ilohiy taalluq etgan va bu muhim ishga, falillahilhamd, muhtaram ustozimiz vosita boʻlganlar.
Xullas, hich andar hich boʻlgan bu talabangizga ham yana lutf va fazl va inoyati Ilohiy bilan bu oliy mamuriyatini ado qilgan aziz va muhtaram muallimiga va Hazrati Qur'on hisobiga juda oz xizmatkorlik qildirilgan. Shu sababli, qanchalar shukr qilsam shuncha oz, faxrga zarra qadar haqqim yoʻq. Aksincha ehtimol xizmatkorlikda qilgan xatolar va kamchiliklarim sababli afvimni niyoz va iltijo qilaman. Yomon shaxsiyatimni ta'rif qilishim garchi ma'nosiz. Ammo yozishmoq va muloqotda bu bobda juda ham buyuk iltifotlaringizni koʻrganimdan uchun xijolat chorlovi bilan biroz bezovta qildim. Oxirgi ikkita maktubingizda soʻralgan xususga javob berishim qistovli shaklda amr qilindi. سَمِعْنَا وَاَطَعْنَا lekin bu ogʻir savolga, ojizlik va faqirlikning eng choʻqqisida boʻlgan bu qardoshingiz haq va haqiqatga muvofiq va uygʻun javob bera olish uchun inoyat va karami Ilohiy va madadi ruhoniyati Paygʻambariyga iltijo qildi. Jumladan:
Muborak Soʻzlar shubhasiz Kitobi Mubinning nurli yogʻdularidir. Ichida izohga muhtoj joylar yoʻq boʻlmaslik bilan birga butun holida kamchiliksiz va nuqsonsizdir. Insoniyatning har bir tabaqasi oʻzining tabiiy anglashlari nisbatida hissador va manfaatdor boʻladilar. Hozirgacha tanqid qilinmasligi, har bir maslak, mazhab va mashrab ahliga xush kelishi va dinsizlarning til uzatolmay lol qolishlari, fikrimizning toʻgʻriligiga dalolat qilishga kifoyadirlar.
Vazifangizning tugamaganiga doir men mulohaza qila olgan burhonlar:
Birinchidan: Bid'atlar koʻpaygan davrda olimlar sukut saqlamasliklari lozim ekaniga doir bayon qilingan hadisdagi amr va ta'qiq;
Ikkinchidan: Paygʻambarimizga ergashishga vazifador boʻlganingiz uchun, ular kabi hayotingiz davomida vazifani davom ettirish majburiyati borligi;
Uchinchidan: Modomiki bu xizmat qoʻlingizda emas - siz ishlatilyapsiz. Muballigʻi Qur'on, Faxri Jahon, Habibi Yazdon Salollohu Alayhi va Sallam Afandimiz Hazratlari bir kun اَلْيَوْمَ اَكْمَلْتُ لَكُمْ د۪ينَكُمْ farmoni jalilini tabligʻ qilib, ayni vaqtda risolat vazifasining tugashiga ramzan ishora qilgan edi. Muhtaram Ustozning ham xizmatlari kifoya koʻrilsa, bildiriladi degan fikrdaman;
Toʻrtinchidan: Soʻzlar haqida bugungacha sukut saqlanishi va tanqidga jur'at qilinmasligi, oxirigacha bu holning davom etishiga dalil boʻlolmaydi. Hayotlik chogʻingizda ehtimoli boʻlgan hujumlarga birinchi boʻlib va shaxsan zoti fozilonalari javob berasiz;
Beshinchidan: Dunyoni unutishni istasangiz, boshqa hech bir sabab boʻlmasa ham, muborak "Soʻzlar" bilan aloqa paydo qilgan insonlar iltimos qilib soʻragan izohlarni berishni istaysiz va javobsiz qoldirmaysiz;
Oltinchidan: Alloh uchun sizni sevganlarga va sizdan izoh istaganlarga yozgan juda qiymatli yozuvlaringiz bilan ilm majlisingizda tushuntirgan xar hil va xatto "Soʻzlar"ga kirmagan masalalaringiz qat'iyat bilan koʻrsatmoqdalarki: Ehtiyoj ham, xizmat ham tugamagan.
Bir nechta fikrlar: Nurli Soʻzlarni jamoatga oʻqish nasib boʻlgan vaqtda menda bir hissiyot hosil boʻladi. Shunday holatda gapirishga ruxsat berishingizni iltimos qilaman.
Birinchidan: Muhtaram Ustozimga arz qilish uchun qalamni qoʻlimga olgan vaqtim ruhimda buyuk bir inkishof his qilaman va ixtiyorsiz qalamim oʻsha ondagi vaqtinchalik tuygʻularimga tarjimon boʻlganini koʻraman;
Ikkinchidan: Shunday oʻylar edim. Agar faqat eng katta dushman boʻlgan nafsning hiylasidan hamda jin, inson va shaytonlarning makridan amin boʻlay deb harkim boshini qorongʻulikka tortsa va oʻzi unutilish burchagiga chekinsa yoki chekinishni istasa va insonlar va Islom olami e'tiborsiz qoladi, hech kimning hech kimga foydasi tegmaydigan davr boʻlsa; men din qardoshlarimga nurli haqiqatlarni yetkazay-da, Allohu Zuljalol sha'ni uluhiyatiga qanday yarashsa, shunday muomala qilsin. Nafsimni oʻylamaslikni oʻsha vaqtda juda foydali koʻrardim. Bundagi hikmat nima?
Uchinchidan: Asmo-i husnadan Rahmon va Rahim ismlari eng a'zam martabada boʻlganidanmi yoki boshqa sabab va hikmat bilanmi, "Bismillahirrohmanirrohiym" kalimasi ichiga kirgan? Bu savol maktubni yozarkan qalbimga keldi, shuning uchun soʻrayapman.
Aziz va muhtaram Ustozim, sizga faqat bizlar emas, butun olami Islom muhtojdir. Chunki moʻminlarning iymoniga quvvat bergan, gʻofillarni uygʻotgan, zalolatga tushganlarga hidoyat yoʻlini koʻrsatgan, faylasuflarni hayron va hayratda qoldirgan Qur'oni Mubindan qaynab va porlab chiqqan muqaddas "Soʻzlar"ga vosita boʻldingiz. Janobi Arhamurrohimin aziz ustozimizni sihat va salomatlikda doim va ummati Muhammad uzra qoim qilsin, omin bihurmati Sayyid-il Mursaliyn.
Risola-i Nur maktublaridan bu maktubingizning mendagi ta'sirlarini xulosa qilib bayon qilay:
Sihat va salomatligingizning davomi, shukrimni,
bu masalalarning hal qilinishini istaganlarning borligi, umidimni;
nazarimda ilm hisoblangan hamma narsani sizdan oʻrganganim uchun haqiqat sohasidagi ma'lumotimni;
insonlik taqozosidan sustlik hosil boʻlayotgan boʻlsa, shavqimni;
kasal bir talabangiz boʻlganimdan Qur'onning dorixonasidan bergan bu dorilaringiz bilan sihatimni,
Qur'on oshxonasidan tanlagan ozuqalar bilan barcha hassalarimning quvvatini,
hayotning besh darajasini ham ta'lim,
oʻlimning e'tiboriy holat ekanini tushunib, abadiy yoʻqlikni tasavvur qilib boʻlmasligiga qalbimni taqvim qilgandan soʻng, Alloh uchun muhabbatning hayot darajalarida ham davom etib boqiy hayotda boqiy mevasini berishini ishora qilib, hayotim muddatini nihoyasiz orttirishga sabab boʻldi.
Risola-i Nur bilan hadya qilgan duolaringiz, zotan har kun sevgili Ustozni oʻylashga kifoya qilyapti. Qur'onning nihoyasiz fayzlaridan, tuganmas xazinasidan Haq inoyati bilan egallagan va yetkazishga izningiz boʻlgan ma'nolarni, javharlarni koʻrsatib, bildirib bu bechora va mushtoq talaba va qardoshingizga oxirigacha dars berishni istaganingizni izhor qilyapsiz. Bu shaklda ham abadiyan va tashakkur bilan koʻz oʻngimdan, xayolimdan ayrilmasligingiz ta'min qilinmoqda.
Borgan ilk tunim otam mehmonlari uchun tayyorlagan xonasiga qatnagan kishilarga, Allohga tavakkal qilib, shom bilan xufton orasida Risola-i Nurni oʻqishni boshladim.
Sevgili Ustozim! Oldin aytganimdek, men endi bir narsa uchun yashayapman deb oʻylayapman. U ham, ustozim boʻlgan dalloli Qur'onning ma'naviy xizmatkorlik vazifasini ado qilishda oʻzlariga juda juz'iy yordam va Qur'on hisobiga juz'iy xizmatkorlikdan iboratdir. Ayniqsa u yerda boʻlgan vaqtingiz Hazrati Qur'ondan iymon va Islom haqiqati hisobiga sodir boʻladigan istixroj va tajalliylardan mahrum qoldirilmasligimni yolvorib soʻrayman.
Inshoalloh ijobat boʻladigan duongiz bilan Allohu Zuljalol, Risola-i Nur xizmatida umid va orzu qilgan natijamga yetkazadi. Marhum va rahmatli Abdurahmon kabi oxir nafasda iymon va tavfiq va saodati boqiyada ikki jahon sarvari Nabiyyi Akramimiz Muhammadan-il Mustafo (Sallolohu Taolo Alayhi va Sallam) Afandimizga va siz muhtaram ustozimning orqalarida va yaqinlarida qoʻshni boʻlish bilan haqiqiy amallarga noil qiladi.
Risola-i Nur garchi koʻrinishdan sizning asaringiz boʻlsada, Qur'oni Mubin Allohning kalomi ekan, Sayyidi Koinot, Ashrafi Maxluqot Afandimiz odamlarga tabligʻga vosita boʻlganlari kabi, siz ham bu asrda Furqoni Azimning nurlaridan bugunning mantiqsiz sarxush odamlariga Haq amri bilan xitob qilyapsiz. Shunday ekan, Hakimi Rahim sizga bu asarni yozdi, u Nurlarni oyoq ostida qoldirmaydi. Albatta va albatta foniylardan balki umuman umid qilinmagan kishilardan sohiblar, hofizlar, ikkinchi, uchinchi, hatto oʻninchi darajada muballigʻlar, noshirlar yaratadi degan e'tiqoddaman.
Ha, Islomiyat kabi oliy bir tariqatim, ojizlik va faqirlikni Allohga nisbatan bilish kabi mashrabim, Sayyid-ul Mursaliyn kabi rahbarim, Qur'oni Azimushshon kabi yoʻl boshlovchim, daqiqada valiylik martabasiga erishish kabi oliy natijani olish mumkin boʻlgan askarlik kabi kasbim bor.
Ustozim menga va tinglagan har aql sohibiga: "Xozir tariqat davri emas, iymonni qutqarish vaqtidir. Besh vaqt namozingni loyigʻidek ado et, namozning oxiridagi tasbehlarni ayt, sunnatga ergash, yetti gunohi kabirani qilma!" darsini berganlar. Men kerak boʻlsa bu darsga, kerak boʻlsa Risolat-un Nur bilan berilgan darslarga, Qur'ondan istinbot qilib koʻrsatgan haqiqatlariga Allohning tavfiqi bilan jonu dildan "ha" dedim, tasdiq qildim va menga bunday haqiqat darsini bergan zotga umrimda ilk marta "Ustoz" dedim. Xato qilmadim, nishonga urdim.
Bu safar yuborilgan Maktubot-un Nur zayllari, boshqalari kabi yoqimli, goʻzal va betakrordir. Asarlarning Nur ismi azimining tajalliysi boʻlganiga, ehtiyojga va olamning holiga koʻra yozdirilganiga menimcha aslo shubha qolmagan. Buni kichik misol bilan asoslashni istayman. Dinsizlar juda ham hadlaridan oshishmoqda. Masalan:.......
Xullas, bu ahmoqlarning safsatasiga, har xil aldovlariga, koʻrinishdan chiroyli soʻzlariga ishonmay, iymon va e'tiqodida sobitqadam boʻlishlari uchun iymon sohiblariga quvvat va tugʻyon ahliga qahr va shiddat bilan ibrat darsi beradigan qattiq munosabati boʻlgan soʻzlar, bahs etilgan asarlarda ochiqchasiga koʻrilmoqda.
Afsuski, Nurlar hozircha {(Hoshiya): Bundan oʻttiz besh yil avval.} bir hikmatga binoan oʻta chegaralangan hududda va faqat moʻminlar ichida nashr qilinishi mumkin.
Oʻttiz Ikkinchi Soʻzning Uchinchi Mavqifini Haqqi Afandi qardoshimiz bilan qiziqib, diqqat bilan oʻqidik. Haqiqatdan juda buyuk ma'nosi bor. Vasflashga bu ojizning qudrati boʻlsa, balki ikkinchi nuqta uchun juda koʻp bezovta qilishga jasorat qilardim. Afsuski, boshqa xususlarda boʻlgani kabi, bunda ham qoʻlim boʻsh. Faqat xolislik, soflik bilan qisqacha aytamanki: Balki boshqa barcha Soʻzlardan yanada baland porlagan najmi nur-afshondir.
(Doktordan Me'roj haqida fikrini soʻradim. Doktor Kamol: "Asarning juda buyuk qiymatini taqdirlash uchun musulmon boʻlish ham kerak emas, inson boʻlish kifoya" deb javob berdi.)
Bizlar, alhamdulillahi taolo, oxirat qardoshingiz, Qur'on xizmatida ojiz xizmatkoringiz, Qur'on sirlarining bayonida, ashshukru lillahi taolo "Asxobi Kahf" kabi suhbatdoshingizmiz. Layoqat va foydaliligimizdan juda ustun faqatgina lutf va Samadoniy inoyati sifatida talabangiz sanalamiz. Bundagi Subhoniy neʻmatlarga hamd va shukrdan ojiz sanalamiz.
Oʻttiz Ikkinchi Soʻzning Birinchi Mavqifini, Ramazon hadyasini tugatishga muvaffaq boʻldim. Tavfiqi Xudo yoʻldoshim boʻlsa, boshqalarini ham inshoalloh amr qilgan muddatingizda yozaman. Bu qadar qiymatli va nurli Soʻzlarning eng chiroyli xat bilan va hatto oltin bilan yozilishi loyiq va lozim ekan, taqdir taqozosi bilan bu bechora qardoshingizning xunuk, balki zoʻrgʻa oʻqib boʻladigan, xatoli xati bilan yozilishi ham, hamd va shukrimni orttirishga vasila boʻlmoqda va har vosita bilan olgan sevinch sevinchbaxsh salom va iltifototi fozilonalarining va har biri Risola-i Nurga bir zayl, tafsir va hoshiya maqomidagi jahonqiymat amrnoma-i orifonalaridan jismonan uzoq boʻlishim sabab juda xafa boʻlaman.
Lekin ma'naviy jihatni bunday oʻylamayman va qayerda boʻlsam boʻlay, inoyati Bariʻ bilan olgan darsimni eshittiradigan suhbatdosh topishga harakat qilaman va haqiqatni yoyish yoʻlida ojizlik va faqirligimga qaramasdan, duongiz bilan qoʻlimdan kelgan har choraga murojaat qilganim uchun tasalli topmoqdaman.
Faqat, dunyoviy vazifalar bilan ovora boʻlish, tabiatan men yoqtirgan va haqiqatlariga oshiq boʻlgan nurli Soʻzlar bilan mashgʻul boʻlishimga qisman mone boʻlmoqda. Bunga xafaman, lekin qoʻlimdan hech narsa kelmaydi. Har oʻtgan kun dunyoning yomon va foniy yuzini yanada asl yuzini koʻrsatmoqda va bu hayotda boqiy va doimiy hayot uchun bir narsa qozonilmasdan oʻtgan vaqtlarga iztirob hosil qildirmoqda. Suratan ayrilganimizga uncha xafa emasman. Ayniqsa sevgili Ustozning oxirgi darsi, bu foniy dunyoning eng zavqli holidan juda ham yuqori darajada bir boqiy hayot boʻlganini qat'iyat bilan xushxabar bermoqda.
Koʻngil istaydiki, muazzam Soʻzlarga soʻniq yozuvlarim bilan biroz uzun javob yozay. Lekin bunga muvaffaq boʻlolmayapman. Qobiliyatimning ozligi, iste'dodimning qisqaligi, iqtidorimning noqisligi bilan birga zimmamga yuklatilgan bir qancha moddiy vazifalarning ta'siri ostida miyam mashgʻul va goʻyo toʻq boʻlganidan, u muborak javharlaringizga muqobil oddiy munchoq ham koʻrsatolmayman.
Bilasizki, koʻp ifodalarimda sizni taqlid qilganimning birinchi sababi, xolisona bogʻliqligimning; ikkinchi sababi, yozishga kuchimning kifoyasizligidir. Lekin muborak "Yigirma Toʻrtinchi Soʻz"da misoli oʻtgan faqir kabi aytamanki: Ey sevgili Ustozim, agar kuchim yetsa, qoʻlimdan kelsa, barcha "Soʻzlar" andazasidagi soʻzlardan tashkil topgan jumlalar bilan sizga arz qilishni istayman. Lekin bilasizki, yoʻq. Niyatimga koʻra muomala qiling.
Asar, oʻxshashlari kabi nurli va hikmatlidir. Inshoalloh siz istaganingiz uchun, ummati Muhammadning ijtimoiy va juda muhim bir yarasiga qat'iy davo boʻladi. Toʻgʻridan toʻgʻri Qur'on nuri boʻlgan muborak Soʻzlar qasd va ishora qilinishni istaganini aytdim va tasdiq maqomida hozirgacha bir nechta Soʻzni oʻqidim va imkon topishim bilan yana oʻqiyman.
Hadsiz hisobsiz Subhoniy neʻmatlarga sazovor boʻlgan Allohu Zuljalol Tabaroka va Taolo va Taqaddas Hazratlariga hamd va shukrdan ojiz, isyon bilan bulgʻangan ekan, zoti ustozonalari bizni Rabboniy izn bilan, muborak munavvar Soʻzlar bilan irshod qilib zulmatdan nurga chiqardingiz.
Haqiqatni izlash bilan umr oʻtkazar ekan, muqaddarot bu osiy bechorani ham besh yil avval Shohi Naqshband Hazratlaridan Muhammad-ul Kufraviy Hazratlariga qarab ochilgan tariqi Naqshbandiyga doxil aylagandi. Soʻngra vaqtinchalik bir kusuf natijasi sifatida yoʻl yoʻqolgan, zulmat va tikanlar ichida qolgan ekan, nurli "Soʻzlar"ingiz bilan zulmatdan nurga, girdobdan salomatga, falokatdan saodatga chiqdim. اَلْحَمْدُ لِلّٰهِ هٰذَا مِنْ فَضْلِ رَبّ۪ى Marhamat qilyapsizki: "Iymonni qutqarish zamonidir."
Bu safar bechora talabasiga ehson qilgan hadyasini, gʻoyibona oshiqlaridan Fathi Bey ismli qoʻshnimiz bilan oʻqimoqdaman. Boshdan oyoq moʻ'jiza-i kubro-i Ahmadiyani e'lon qilgan Oʻn Toʻqqizinchi Maktubning bandangizga maxsus yuborilishi, yangidan hayotga qaytishdek ta'sirli va mutolaasi achinish hislarimni qoʻzgʻab jiddiy koʻz yoshi toʻkishga vasila boʻldi.
Ruhni koinot fazosida yulduzlar orasida tez harakat bilan sayohat qildiradigan haqiqat manzumasi, ayniqsa bizlar uchun buyuk mazhariyatdir. Naqshbandiy tariqati haqidagi parchaga javoban "ajz, faqr, shafqat va tafakkur tariqati"ning hisobiga chiqqan qism ham juda ham qiymatli javhardir. Bu Soʻzlar oltin bilan yozilsa loyiq boʻlsada, noqis xatim bilan koʻchirdim. Demak uning qiymati, ojiz bir talabangizning yodgori boʻlgani uchundir.
Ikkinchidan: Ushbu isyon, tugʻyon va kufron davrida ayni inoyat va Haq lutfi boʻlgan, ummati Islomiyani iymoniy haqiqatlarga chorlash va irshodga vazifalantirilgan zoti hakimonalarini butun ummati Muhammadiyani boʻlgani kabi, bu ojizni ham nurli Soʻzlar bilan Nur yoʻliga irshod qilganingiz sababli hurmat va minnatdorchilik bilan doim yod qilaman, dunyoviy va uxraviy murodlaringizni hosil aylashini Rahim, Karim boʻlgan Allohu Zuljalol Hazratlaridan obidona yolvoraman va iltijo aylayman, afandim.
(Ukamning bir xati.)
Qoʻllaringizni oʻpaman, duongizni soʻrayman. Dunyodan ranjigan, nafsida ojiz boʻlgan Abdulmajidga goʻzal bir ustoz, ulviy bir murshid boʻladigan yangi asarlaringiz keldi. Lafziy bir ustozni yoʻqotgan boʻlsam ham, ma'naviy koʻplab murshidlarni topdim deya oʻzimga xushxabar berdim. Haqiqatdan irshod qiladigan nurli asarlardir. Alloh koʻp rozi boʻlsin.
Ha, tasalli topadigan ikki jihatim bor. Biri: Qoʻlimizdagi muboak Soʻzlar vositasida doimo ma'naviy suhbatda boʻlganimiz. Ikkinchisi: Muhabbatimizning inoyati Bari bilan "hubbu filloh" martabasida ekaniga iymonimizdir.
Shunga binoan, sizga mening bugun va ertaga eng buyuk hadyam: Bergan darsingizni nomingizdan vakilingiz sifatida imkon qadar moʻminlarga tabligʻ qilish va Alloh bergan haqiqiy muhabbatni abadiyan koʻtarish, evaziga Arhamurrohimiyn va Akrom-ul Akromiyn, Ahsan-ul Xoliqiyn, Rabbi Rahiym va Karim Hazratlaridan, haqiqiy muhabbatning Oʻttiz Ikkinchi Soʻzning Uchinchi Mavqifida izoh qilingan natijasiga erishishdir. Tahqiqiy iymon yoʻlida uchrashganimiz Haqqi Afandi bilan niyatimiz - haqqa, sidqqa, ixlosga ishtirokimiz muhaqqaqdir.
Bu maktubingizdagi savol bilan va eng oxirgi yozilgan Oʻttiz Ikkinchi Soʻz bilan munosabat va mushobahat navidan bu safargi javob xatim uch nuqtali boʻldi.
Demak, Risola-i Nur ma'naviy bir quyosh, har bir Soʻz har xil uzoqlikdagi nuroniy yulduzlar va Oʻttiz Ikkinchi Soʻz uch mavqifi bilan bu yulduzlarning ustida porlagan va diqqatli nazarlarni istar-istamas jalb qilgan. Yaqindagisi faqatgina nurdan vujudga kelgan juda nurli, iymon sohiblariga tabassum qilgan, zalolat jamoatlariga hashamat bilan qaragan, koʻzlarini koʻr qilgan, gʻaflat ahlini uygʻotgan juda hashamatli, juda nurli yaqin porlagan bir yulduzdir. Nima qilay, talabangizning tili bu qadar aylanmoqda. Boʻlmasa bu soʻniq ifoda muborak "Soʻzlar" uchun sarf qilinishi loyiq boʻlmaganini bilaman.
Bizdan Uchinchi Maqsadning ta'sirini soʻrayapsiz. Biz Haqqi Afandi bilan ikkimiz aytamizki: Ichidagi haqiqatlar rad qilinmas, ichida keraksiz narsa yoʻq, zararli qaydni tasavvur qilib boʻlmaydi. Diqqat bilan tinglaganlar, Alloh tavfiq bersa, iymonlarini qutqara oladilar. Bu haqiqatlar bilan Ovrupa ahli zalolati ham kurashga chorlanadi degan fikrdamiz. Bu kabi zalolat va gʻaflatdagilar yo kurashdan magʻlub boʻladilar, yo buyukligini his qilib koʻzdan gʻoyib boʻladilar, yoxud Abu Jahl kabi haqiqatni qabul qilmaslikda qaysarlik qiladilar yoki dahshatlaridan quloqlarini yopib qochadi degan fikr, xulosa va ishonchdamiz. Soʻzlarni tinglaganlarning mast sukuti koʻrsatishlari, hayratini izxor qilishlari, kuchi yetganicha maqtashlari fikrimizga quvvat beradi. Umid va taxminimizni tasdiq qiladi.
Niyatim buyuk, tavfiq Xudodan. Faqat oila aʻzolarimizga Yigirma Beshinchi Soʻzgacha boʻlgan qismini oʻqidim va inshoalloh davom etaman. Amringizga ergashib va duongizga binoan sustlik qilmayapman. Moddiy vazifam u yerdagidan yanada ogʻir. Lekin har ishimda Allohga tayanganim uchun, umidsizlikka tushmayapman. U yerdan ketganimdan keyingi fayzlardan foydalanishni jonu dildan orzu qilaman. Tugallanmasdan qolgan Oʻttiz Ikki va Oʻttiz Uchinchi Soʻzlarni ham tugatishga muvaffaq boʻlishingizni Ilohiy lutflardan niyoz aylayman.
Men bu yerda inshoalloh omonatchi boʻlganim "Soʻzlar"ni inoyati Haq bilan va duongiz barakasi bilan loyiq boʻlgan quloqlarga eshittira olishimni umid qilaman. Ustozim, xotirjam boʻling, Nurlar oyoq ostida qolmaydi. Ularni dalloli Qur'ondan jahonning e'tiboriga taqdim qilgan Xoliq (Jalla Jaloluhu) biz kabi hech kim umid va xayol qilmaydigan ojiz insonlar bilan ham nashr va muhofaza qildiradi. Bu ishni men gʻayratim, qudratim bilan qildim degan yugurdaklar oʻsha kun koʻradilarki, muqaddas xizmat, zoxiran qobiliyatsiz koʻringan, haqiqatda esa boshqa juda qiymatli insonlarga oʻtkaziladi degan fikrdaman. Shu sababli u yerdagi qardoshlarimizdan Risola-i Nur bilan juda aloqador boʻlishlarini soʻrayman.
Risolat-un Nur, Maktubot-un Nurning mutolaasi, yozilishi, boshqalarga nashr va yetkazishga qoʻldan kelgancha harakat qilingani kabi, buyuk va xayrli ishga Samadoniy kuch va quvvati va Rabboniy inoyat va lutf bilan muvaffaq boʻlgan vaqtimda, avvalo va shaxsan bu faqir istifoda, istifoza, istio'na etgan boʻladi. Shu sababli, mazkur soatlarni juda muborak bilib, firoqiga achinib, oʻsha holatning davomini, takrorini, toʻxtamasligini jonu dildan orzu qilaman.
Ammo na choraki, fursat topa olganim ozgina vaqtlarda zehnimni tozalab Nurlarning qarshisiga, demakki Qur'onning moʻ'jizalari majmuasiga va aziz, muhtaram ustozimning madrasasiga va ul Sayyid-ul Kavnayn Paygʻambarimiz Afandimiz (ASV) Hazratlarining ravza-i saodatlariga va oxiri Rabb-ul Olamiyn Taolo va Taqaddas Hazratlarining huzuri lamakoniysiga chiqaman. Bu sabab hayotimda jiddiy ravishda u nurlar bilan mashgʻul boʻlmagan vaqtlarim boʻlmasa edi deyman.
Oʻtgan hafta farqli ikkita jamoatga Yigirma Toʻrtinchi Maktubning Birinchi va Ikkinchi zayllarini oʻqidim. Tinglaganlar hayron. Bu faqir ham u porloq Qur'on i'jozi dan goʻyo behush boʻldim. Bu asaringzni Risola-i Nur va Maktubot-un Nurning eng munavvarlari safida mutolaa qilaman. Bugun Juma edi. Qoʻshnimiz Fathi Beyga oʻn bir va oʻn uch raqamli Soʻzlarni oʻqidim. Dunyoviy ishlardan oʻzimni qutqarib, fursat topa olgan vaqtlarimda, muborak nurli derazalarga yuguraman. Ruhiy va ma'naviy ozuqamni olishga va topa olganim bunday bir tinglovchini ham hissador qilishga harakat qilaman.
Yigirma Oltinchi Maktubni buyuk sevinch bilan oldim. Qayta-qayta, diqqat bilan, qiziqish bilan, muhabbat bilan, lazzat bilan oʻqidim va natijada "duongiz boʻlmasa nima qiymatingiz bor" deb marhamat qilgan Zoti Zuljalolga qullik bilan bogʻlanganim va bandalik tili bilan, kamoli ajz, faqr va shavq bilan; butunlay beminnat, butun ma'nosi bilan Alloh nomidan, toʻliq yaqolligi bilan iymon va Qur'on ahlining foydasi va hisobiga moddiy, ma'naviy, zohiriy, botiniy, dunyoviy, uxraviy xizmatlaringizning mukofotini benihoya lutfu karamiga munosib tarzda ehson va ikrom qilishini va zoti Ustozonalarini har ikki jahonda aziz qilishini Xoliqi Rahim va Karim Hazratlaridan obidona yalinib, oʻtinib soʻradim. Umidim اُدْعُون۪ٓى اَسْتَجِبْ لَكُمْ farmonining tajalliy etishidandir.
Muhtaram Ustoz! Zotan sizning biz bechoralardan kutganingiz faqat duo emasmi? Muborak "Soʻzlar" haqida hozirgacha maktublarimda mavjud tuygʻu va tushunchalarimni notiq, soʻniq ifodalarimni "Risolat-un Nur"ga taqriz qilish xususidagi niyati ustozonalariga biror narsa deyishga haqqim yoʻq. Ammo mening parishon ifodalarim, quyoshning yonida mum yoqishga oʻxshaydi. Ehtimol haqiqatdagi soʻniqligiga qaramasdan Nurlarga qoʻshniligidan, oynadorligidan hissador boʻlib nisbiy bir porloqlik arz qila oladi.
Risolat-un Nurning tinglovchilari orasida Sulton Abdulhamidning davrida Karbaloda yillar davomida mudarrislik xizmatida boʻlgan Hoji Abdurahmon Afandi nomli sakson sakkiz yoshli bir domla bor. Har safargi mutolaadan buyuk mamnuniyatini bildiryapti, "Koʻp istifoda qildim, Alloh rozi boʻlsin" demoqda va koʻp duo qilmoqda. Yigirma Oltinchi Maktubning Uchinchi Mabhasini ixtiyoriysiz farqli martabadagi ahamiyatli kishilarga oʻqidim. Hammalari "Juda toʻgʻri, juda chiroyli" deyishdi. Ha, bu faqir koʻp tajriba qildim va yaqiyn hosil qildimki: وَ قُلْ جَٓاءَ الْحَقُّ وَ زَهَقَ الْبَاطِلُ -bilan oxir-il oya- oyatining loyamut moʻ'jizasi bor.
Bu safargi maktublarni bir necha marta farqli kichik jamoatlarga oʻqish nasib boʻldi. Bularning birida ahamiyatli bir olim ham bor edi. Hammalari hayrat va taqdirlarini izhor qilishdi. Mening fikrimga kelsak: Barcha Risolat-un Nur va Maktubot-un Nur, zamonning ehtiyojiga koʻra har sinf din arbobi va hatto qaysar boʻlmagan mufrit, dinsizlarni ham jim qiladigan va qondiradigan darajadadirlar. Ammo (dunyo bu) manfaatning yoʻnaltirishi, maqom hirsi, kufr va qaysarlik, gʻaflat va tanballik, shirk va zalolat kabi darmonsiz kasalliklarga chalinganlar uchun, Nurlarga koʻz yumish, koʻrsa ham qabul qilmaslik, koʻrganini inkor qilish, haq va haqiqatni rad qilish kabi devonaliklar aqldan uzoq koʻrilmaydi. Ma'lumi fozilonalari, Allohning shu vaqtinchalik mehmonxonasida inson suratidagi hayvonlar yoʻq emas. Bu Nurlar yoyilsa edi, albatta bundaylarning bugun dalil keltirib aytilgan devonalik safsatalari ochiqcha koʻrinadi.
(Bu qism ukam Abdulmajidnikidir.)
Bu asarlar barcha sinflarga va jamoatlarga doimo taqdirga loyiq boʻlmoqda. Kim koʻrsa maqtaydi. Tanqidga ma'ruz boʻladigan asarlar emas. Lekin taqdir darajalari, tushunish darajalari kabi farqli va koʻp. Hamma tushunish darajasiga koʻra taqdirlay oladi.
(Xulusiy Beyning salafi, yigirma olti yoshda vafot qilgan jiyanim Abdurahmonning vafotidan bir-ikki oy avval yozgan maktubidir.)
Qoʻllaringizdan oʻpib, duongizni soʻrayman. Sihat xabaringizni irshod qiluvchi "Oʻninchi Soʻz" risolangiz bilan birga Tahsin Afandi vositasida oldim, katta raxmat. Avvalroq garchi amringizga amal qilmasdan muhtaram va qiymatli amakimdan ayrilganimga pushaymon boʻlgan boʻlsam ham va urushishingizga haqdor boʻlgan boʻlsam ham, bu ham muqaddar ekan. Janobi Haqning amru irodasi bilan balki biz uchun xayrli boʻlgani uchun boʻldi. Darhaqiqat, men johillik sababli bir xato qildim va mashaqqatini ham tortdim. Bundan keyin tortmaslik uchun afv etishingizni va duongizni soʻrayman.
Aziz mamo! Shuni ham arz qilayki: Himoya va himmatingiz soyasida, din va oxiratimga zararli ish va harakatlardan oʻzimni muhofaza qildim va qilishda bardavomman. Garchi dunyoning qiymatsiz koʻp musibatlarini koʻrdim va tortgan boʻlsamda, bir qancha lazzat va safosini ham koʻrdim, oʻtkazdim. Hech qachon hech bir zamon unutmadimki, bularning hammasi behuda boʻlgani va dunyoning Alloh uchun boʻlmagan lazzat va safosining natijasi xoʻrlanish va shiddatli azob boʻlgani va dunyoda Alloh uchun va Alloh amr qilgan yoʻllarda tortilgan va tortilayotgan zahmatlar natijasi, oxiri lazzat va mukofot berilganini bilganim va iymon keltirganimdan, yomon narsalarni qilishdan oʻzimni muhofaza qila oldim. Bu his va bu fikr tarbiya va himmatingiz bilan zehnimda va xayolimda oʻrnashgandir. Haqiqat bunday ekanini bilganim uchun barcha mashaqqatlarga shukr bilan birga sabr qilyapman.
Hozir amakijonim va buyuk ustozim! Iflos nafsim bilan jang qilish uchun uning havoiy va natijada alam beruvchi orzularini qilmaslik va tinglamaslik uchun uylanish majburiyatida qoldim. Hozir esa har tomonlama Janobi Haqning lutfu karami bilan tinchman. Odamlarning yomon gaplarini eshitmaslik va yomon xislatlari yuqmasligi uchun ularga qoʻshilmayapman. Idorada ishlash muddatidan boshqa vaqtlarimni oʻz uyimda Janobi Haqning shukri bilan oʻtkazyapman. Bundan tashqari, ey amaki, sizdan keyin hozirga qadarcha meni eng koʻp ogohlantirgan va yomon narsalardan man qilgan, ustozi a'zam va murshidim boʻlgan quyidagi oyati karimadan eshitganim va his qilganimdir:
Shunday deb bilamanki, oʻsha kun ham juda yaqindir.
{(Hoshiya): Diqqatga sazovordir, vafotini xabar bermoqda.}
duoim bu va e'tiqodim shunday va shunday ham iymon keltiraman:
{(Hoshiya-1): Ham iymon bilan ketishini xabar bermoqda.}
{(Hoshiya-2): Soʻnggi nafasdagi iymon kalimalarini maktubining oxirida zikr qilishi, dunyodan qahramonlarcha iymonini qutqarib shunday ketishiga ishora qiladi.}
Demak "Oʻninchi Soʻz" unga haqiqiy murshid oʻrniga oʻtganki, birdan uni valiylik darajasiga chiqarib ushbu uch karomatni ayttirgan. Mendan sakkiz yil avval ayrilgan. "Oʻninchi Soʻz" qoʻliga tushgan, maktubning boshida aytgani kabi juda azim istifoda qilib sakkiz yil mobaynida olgan kirlarini u bilan tozalagan. Hatto tashlab oʻtilgan, maktubining boshqa qismida "Oʻninchi Soʻz"ning shavqidan: "Yozgan Soʻzlaringizning hammasini menga yuboring, oʻz xatim bilan har biridan oʻttiztadan nusxa yozaman va yozdiraman. Toki yoyilsin, yoʻqolmasin" degan. Bunday qahramon vorisni yoʻqotdim. Ruhiga al-fotiha.